Samarqand davlat universitetiga Janubiy Koreyaning Hankyong milliy universiteti rektori Vonhi Li boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Martabali mehmonlar dastlab, Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar nomidagi laboratoriya, arxeologiya muzeyi, oranjeriya faoliyatini ko‘zdan kechirdi.

    Delegatsiya aʼzolari bilan Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov uchrashdi.

    Muloqotda tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik masalalari, jumladan Samarqand davlat universitetida meva-sabzavotchilik va uzumchilik ilmini rivojlantirish orqali aqlli bog‘dorchilik sohasida xalqaro loyiha atroflicha muhokama qilindi.

    Xalqaro loyihaning muddati 2024-2031 yillarga mo‘ljallangan. Koreya taʼlim vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi.

    Uchrashuv davomida Hankyong va Samarqand davlat universitetining meva-sabzavotchilik va uzumchilik hamda bog‘dorchilik sohasidagi salohiyatini mustahkamlash markazi tashkil etildi. Ushbu markaz bir vaqtning o‘zida agrar sohadagi kadrlar tayyorlash, maslahat xonasi va ilmiy maktab vazifasini bajaradi.

    Muloqot so‘ngida hamkorlik memorandumi va loyihani bajarish bo‘yicha kelishuv shartnomasi imzolandi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.