Manzil: 140104, O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy

Fakultet dekani

Musulmonov Noryigit Xasanovich

  • Qabul vaqti: Har kuni 12:00 dan 16:00 gacha
  • Telefon: +99866 239-10-84
  • Elektron pochta: kimyo-fak@samdu.uz

1995 - 1999 - yillar Samarqand davlat universiteti talabasi 
1998 - 1999 - yillar Samarqand davlat tibbiyot instituti bioximiya kafedrasi laboranti
1999 - 2002 - yillar Samarqand davlat tibbiyot instituti bioximiya kafedrasi katta laboranti
2000 - 2002 yillar Samarqand davlat universiteti organik kimyo kafedrasi magistranti 
2002 - 2013 - yillar Samarqand davlat tibbiyot instituti bioanorganik, bioorganik, biologik kimyo va farmakologiya kafedrasi assistenti
2013 - 2015 - yillar Samarqand davlat tibbiyot instituti bioanorganik, bioorganik va biologik kimyo kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchisi
2015 - 2017 - yillar Samarqand davlat tibbiyot instituti bioanorganik, bioorganik va biologik kimyo kafedrasi assistenti
2017 - yil Samarqand davlat universiteti organik va noorganik kimyo kafedrasi assistenti
2017 - 2018- yillar Samarqand davlat universiteti Biologiya va kimyo fakultetida o‘rindoshlik asosida ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari
2018 - yildan Samarqand davlat universiteti Kimyo fakulteti dekani.

FAKULTET HAQIDA

Universitetda kimyoviy fanlar sohasidagi tadqiqotlarning boshlanishi, kimyo laboratoriyasi barpo etilgan vaqt – 1928 yildan boshlanadi.

1933 yilda universitetda kimyo fakulteti tashkil qilinadi. Ikki yil o‘tgandan keyin unda kimyo ilmiy tekshirish instituti ish boshlaydi.

Uning laboratoriyalarida kimyo fanining muhim bo‘limlari: noorganik, organik, analitik, fizikaviy  va kolloid kimyo fanlari bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi.

Organik kimyo bo‘yicha ilmiy izlanishlarni 1920 yillarda professor L.N.Parfentev boshlab bergan.

1933-1941 yillar davrida sintez sohasida, ayrim fosfororganik birikmalarning xossalari (L.N.Parfentev, M.X.Shodiev, A.A.Shamshurin), natriyorganik (S.P.Lagerev, A.N.Bin), olefinlar (K.M.Shodmonov) va ularning hosilalari (A.A.Shamshurin, R.A.Ibodulin) to‘g‘risda tadqiqotlar olib borilgan.

Zarafshon vodiysidagi o‘simliklar resurslari to‘g‘risda qilingan ilmiy tadqiqot ishlari juda muhim o‘rin egallaydi (M.M.Abramov, S.M.Strepkov) o‘simlik moddalari kimyosi sohasidagi tadqiqotlarning rivojlanishiga katta hissa qo‘shganlardan prof. G.V.Lazurevskiy (keyinchalik Moldova Respublikasining akademigi) va akademik O.S.Sodiqovlar bo‘lib, O‘rta Osiyo respublikalaridagi o‘simliklar xomashyosi alkaloidlarini o‘rganishga dastlab asos soladilar.

1933 yildan 1941 yilgacha 200 ga yaqin talabalar o‘qiganlar, shu yillarda kimyo fakultetini 125 ta talaba bitirgan, ulardan 12 dan ortig‘i nomzodlik dissertatsiyalarini yoqladilar. V.I.Ezdakov, N.Ilyasov, B.Kruglov, S.Yusupovalar doktorlik dissertatsiyalarini himoya qiladilar. K.Shodmonov professor unvonini oladi.

1941 yilda Ikkinchi Jaxon urushi boshlanishi bilan universitetning boshqa fakultetlari qatori kimyo fakulteti ham o‘z faoliyatini tugatadi. Talabalar va butun o‘quv jihozlari SAGU (O‘rta Osiyo Davlat Universiteti)ga qo‘shib beriladi.

1944 yilda O‘zDU  qayta tiklanadi, ammo kimyo fakulteti tiklanmaydi, faqat fakultetlararo xizmat qiluvchi umumiy kimyo kafedrasi ochiladi. Kafedrani kimyo fakultetining sobiq talabasi dotsent Rashid Abduraxmonovich Ibodulin boshqaradi. 1959 yili kimyo bo‘yicha kechki bo‘limga talabalar qabul qilinadi. Ushbu bo‘lim talabalari va umumiy kimyo kafedrasi biologiya fakultetining tarkibida edi.

1960-1961 o‘quv yillarida universitet tarkibida kimyo fakulteti yana o‘z faoliyatini boshlaydi va shu yili ham kunduzgi, ham kechki bo‘limga talabalar qabul qilinadi va kimyo mustaqil fakultet sifatida biologiya fakulteti tarkibidan to‘liq ajralib chiqadi. Urushdan keyin tiklangan kimyo fakultetining birinchi dekani bo‘lib  R.A.Ibodullin saylanadi. 1959-1964 yillarda R.A.Ibodullin fakultet rahbari sifatida, uning rivojlanishiga, o‘quv jarayonini takomillashtirishda, fakultetni yuqori malakali o‘qituvchilar va laborantlar tarkibi bilan komplektlashdagi xizmatlari beqiyos kattadir.

1964 yil Samarqandda arxitektura-qurilish va me’morchilik institutining ochilishi munosabati bilan domlani katta tashkilotchilik qobiliyatini hisobga olib u erga ishga taklif qilishadi. Dastlab prorektor va keyinchalik umrining oxirigacha dekanlik vazifalarida ishlaydi. 1964-1974 yillarda kimyo fakultetida dekanlik vazifasini dots. M.M.Abramov bajaradi. Bu davrda kimyo fakulteti universitetning eng etuk fakultetlaridan biriga aylandi. Bunda M.M.Abramovning ham dekan sifatida, ham anorganik kimyo kafedrasining mudiri sifatida xizmatlari katta.

1974 yil dekan vazifasini dots. X.I.Mardiev bajaradi. 1975 yilda organik kimyo kafedrasi dotsenti Sh.V.Abdullaev dekanlikka saylanadi va 1983 yilgacha shu vazifada ishlaydi. Sh.V.Abdullaev - kimyo fakulteti urushdan keyin tiklanganidan so‘ng ikkinchi bitiruvchi yosh rahbar kadr edi.

1970-1980 yy kimyo fakultetining haqiqiy gullab yashnagan davriga to‘g‘ri keladi. Kimyo fakultetini shu davrda bitirganlaridan 64 kishi kimyo fanlari nomzodligini olish uchun dissertatsiya yoqlaydilar, bir kishi D.I.Ivnitskiy MDUda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilfdi. Bu shu davr bitiruvchilari orasidan chiqqan birinchi kimyo fanlari doktori edi.

1970 yildan boshlab fakultetning har yilgi  kontingenti 550 kishiga etdi, ulardan 250 kishi kunduzgi bo‘lim, 300 tasi kechki bo‘lim talabalari edi. Hozirda ham har yili kimyo fakultetini 100 ga yaqin talaba bitirib chiqmoqda.

Fakultet jamoasi ham katta va turli-tuman o‘quv, ta’lim-tarbiya ishlarini xuddi shu maqsadda olib borishga intilmoqda. Samarqandlik kimyogar, olim-murabbiylar  mustaqillik  ruhiga mos g‘ayrat bilan ishlab yangi-yangi ixtisosliklar bo‘yicha etuk kimyogar mutaxassislar tayyorlash uchun tinmay izlanmoqdalar.

Kimyo yo‘nalishi bir necha yillar Tabiiy fanlar fakulteti tarkibida, keyinchalik Biologiya va kimyo fakulteti tarkibida faoliyat olib boradi. Unda uchta kafedra “Analitik kimyo”, “Organik va noorganik kimyo” va “Fizikaviy kimyo” kafedralari faoliyat olib bordi.

2018-yil sentyabr oyidan boshlab Kimyo fakulteti sifatida qayta nomlandi unda hozirda to‘rtta kafedra “Analitik kimyo”, “Noorganik kimyo va materialshunoslik”, “Organik va bioorganik kimyo” va “Fizikaviy va kolloid kimyo” kafedralari faoliyat olib bormoqda.

Fakultetda «5140500-Kimyo», «5320400-Kimyoviy texnologiya» va «5320100-Materialshunoslik va yangi materiallar kimyosi» yo’nalishlari bo’yicha bakalavrlar, «5A140501-Kimyo» va «5A320100-Materialshunoslik va yangi materiallar kimyosi» mutaxassisliklari bo’yicha magistrlar hamda 4 ta ixtisoslik bo’yicha doktorantlar tayyorlanmoqda.

Fakultetda mavjud kafedralarda 5 ta fan doktori, professorlar, 27 ta fan nomzodi, dotsentlar faoliyat ko’rsatmoqda, ilmiy salohiyat 62,7 % ga teng.

Fakultetda analitik kimyo, anorganik kimyo, fizikaviy kimyo va organik kimyo ilmiy maktablari mavjud bo’lib, bu maktablar asoschilari va ularning izdoshlari tomonidan biokimyoviy, fiziologik, genetik jihatdan tahlil qilish, ulardan oqilona foydalanish uslublarini amaliyotga tadbiq etish, atrof- muhitni muhofaza qilish, mineral o’g’itlar, o’simliklar kimyosi, suyuqliklar xromatografiyasi, turli organik moddalar sintezi, noorganik gazlarni uzluksiz avtomatik usulda aniqlash yo’nalishidagi ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Fakultetda ilmiy daraja beruvchi PhD.28.02.2018.k.02.05 raqamli ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda. Unda 02.00.02 – Analitik kimyo va 02.00.04 – Fizik kimyo shifrlari bo‘yicha mutaxassislar ilmiy ishlarini ximoya qilmoqdalar.

Fakultet qoshida eng zamonaviy xorijiy laboratoriya asboblari bilan jihozlangan o’quv laboratoriyalari mavjud.

Mustaqillik yillarida fakultetda tahsil olgan talabalardan 2 nafari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiatlari (N.I.Fayzullaev, A.P.Ishanqulov) va 10 dan ortiq fan olimpiadalari g’oliblari bo’ldilar.

Fakultetda «Beruniy» nomidagi Davlat mukofoti laureatlari (prof.A.Nasimov, dots.Z.Normuradov), «O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan yoshlar murabbiyi» (prof.A.Nasimov), «Mehnat-shuhrati» ordeni sohibi (prof.E.Abdurahmanov), Oliy attestatsiya komissiyasining Kimyo-farmatsevtika bo‘yicha eksperti (prof.N.Q.Muxammadiev) va Possiya tabiiy fanlar akademiyasining muhbir a’zosi (prof.S.D.Aranbayev) faoliyat ko’rsatmoqdalar.

Fakultetning professor-o’qituvchilar jamoasi O’zRFA qoshidagi ilmiy tadqiqot institutlari, respublikamiz va xorijdagi 40 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy tadqiqot markazlari bilan o’zaro samarali hamkorlik o’rnatilgan.