Address:140104, O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy


SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETINING ILMIY MAKTABLARI

O‘zbek adabiyotshunosligi ilmiy maktabi - XX asrning 20-30-yillarida Abdurauf Fitrat, Abdurahmon Sa’diy, Sadriddin Ayniylar tomonidan asos solingan bo‘lib, akademiklar Vohid Abdullayev va Boturxon Valixo‘jayev, professor Orif Ikromovlar uni shon - shuhratini dunyoga tanitdilar. Hozirda ilmiy maktab vakillari professorlar M.Muhiddinov, H.Umurov, A.Soliyev, D.Salohiy, Sh.Hasanovlar, filologiya fanlari nomzodlari A.Nosirov, U. Qobilov, M.Boboxonov, S.Tohirov, B.Muhiddinovalar tarixiy an’analarni sobitqadamlik bilan davom ettirishmoqda.
O‘zbek tilshunosligi ilmiy maktabi - Samarqand tilshunoslik maktabining poydevorini XX asrning 20-30-yillarida Abdurauf Fitrat, G‘ozi Olim Yunusov, Ye.D.Polivanovlar qo‘yishgan. Ularning ishlarini 1930-yillarda Sayid Rizo Alizoda, 1940-yillarda esa Ulug‘ Tursunovlar davom ettirdilar, professorlar X.Doniyorov va R.Qo‘ng‘urovlar yangi bosqichga ko‘tardilar. Bugungi kunda ilmiy maktab yaratgan merosni I.Mirzayev, S.Karimov, J.Eltazarov, S.Boymirzayeva, A.Pardayev kabi olimlar yangi tadqiqotlar bilan yuksaltirishmoqda.
Tarixchilar ilmiy maktabiga - Markaziy Osiyo xalqlari tarixining bilimdoni professor Po‘lat Soliyev va XIV-XV asr Temuriylar davri manbashunosligining mutaxassisi professor I.Umnyakovlar asos solishgan. Mustaqillik yillarida professorlar I.Saidov, F.Nabiyev, dotsentlar M.Nasrullayev, B.Ergashev, R.Xoliqulovlar, yosh olimlar M.Hoshimova, B.G‘oyibov, G.Normurodovalar tomonidan ilmiy maktabning yutuqlari izchillik bilan boyitilmoqda. 
Arxeologiya maktabi - SamDUda arxeologiya bo‘yicha ilmiy yo‘nalishga 1944-1945 yillarda akademik Yahyo G‘ulomov va professor D.Levlar asos solishgan. Bugungi kunda professor M.Jo‘raqulov, dotsentlar N.Avanesova, N.Xolmatov, D.Jo‘raqulovalar urbanizmgacha bo‘lgan madaniyatning genezisi va rivojlanish dinamikasi taraqqiyoti, O‘zbekiston ma’naviy madaniyati va uning Markaziy Osiyo xalqlari, xususan Zarafshon vohasi madaniyatida tutgan o‘rni muammolari yo‘nalishida tadqiqotlar olib borishmoqda. 
Falsafa maktabi - Samarqand falsafa maktabi 1930-1940 yillarda akademik Ibrohim Mo‘minov rahbarligida shakllantirilgan. Ushbu maktabning bugungi kundagi yutuqlari professorlar J.Yaxshilikov, Sh.Qo‘shoqov, B.To‘rayev nomlari bilan bog‘liqdir. Yosh olim, fan doktori O.G‘aybullayev hamda o‘nlab fan nomzodlari (B.Xurramova, Sh.Negmatova, A.Samadov va h.k.) istiqlol mafkurasiga yo‘g‘rilgan falsafiy izlanishlar ustida ishlashmoqda. 
Yadro va kosmik nurlar fizikasi ilmiy maktabi - 1940-yillarda professor Musa Mo‘minov tomonidan shakllantirilgan bo‘lib, hozirda ilmiy tadqiqotlar akademik Tolib Mo‘minov, professorlar B.Mahmudov, R.Ibodov, U.Salixbayevlar tomonidan olib borilmoqda. Bugungi kunda ushbu maktab tarbiyalanuvchilari fizika-matematika fanlari nomzodlari A.Safarov, Sh.Xushmurodov va bir qator iqtidorli yoshlar fan doktorligi dissertatsiyalari bo‘yicha ishlashmoqda. 
Molekulyar optika ilmiy maktabi - Sankt-Peterburg davlat universiteti professori M.Vuks va akademik Akbar Otaxo‘jayev tomonidan 1960-yillarda yaratilgan. Maktabning ayni paytdagi vakillari (A.Jumaboyev, N.Nizomov, L.Sobirov) molekulyar spektroskopiyaning 3 yo‘nalishida faol ilmiy izlanishlar olib borishmoqda. Professorlar A.Jumaboyev, U.Tashkenbayev va fan nomzodlari H.Xushvaqtov, A.Absanov, B.Xudoyberdiyevlar yorug‘likning kombinatsion sochilishi sohasidagi ilmiy izlanishlarni respublika va chet ellik olimlar bilan hamkorlikda bajarishmoqda. 
Lazer fizikasi va nochiziqli optika ilmiy maktabi - professor L.Sobirov boshchiligidagi nochiziqli optik jarayonlar va akustooptika sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Ushbu yo‘nalishlarda fan doktorlari N.Eshqobilov, M.Qodirov, D.Semyonov, P.Redkinlar bilan bir qatorda fan nomzodlari X.Haydarov, A.Xalmanovlar nufuzli ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishmoqda. 
Molekulyar lyuminessensiya ilmiy maktabi - professor N.Nizomov shogirdlari bilan organik bo‘yoqlar va plyonkalarning fizikaviy va ximiyaviy xossalarini o‘rganish va ulardan amaliyotga (lazerli moddalar olish, tibbiyot sohasiga) foydalanish bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazmoqda. Mustaqillik yillarida S.Astanov doktorlik hamda Sh.Nizomov, E.Kurtaliyev, A.Xolovlar fan nomzodligi dissertatsiyasini himoya qilishgan, iqtidorli yosh olim E.Kurtaliyev esa doktorlik dissertatsiyasini yoqlash arafasida turibdi.
Magnit hodisalari fizikasi ilmiy maktabi - professor O.Quvondiqovning say’i harakatlari bilan 1970 yillarda shakllangan. Istiqlol yillarida 1 nafar doktorlik (D.Sayfullayeva) va 4 nafar nomzodlik (N.Hamrayev, R.Rajabov, M.Salaxidinova, Z.Shodiyev) dissertatsiyalari himoya qilindi, dotsentlar X.Shakarov va I.Subhonqulovlar esa faollik bilan pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishmoqda.
Differensial tenglamalar va matematik fizika ilmiy maktabi - 1950-1960 yillarda professorlar I.Kukles, M.Yevgrafov tomonidan asos solingan. Maktab vakillari professorlar A.Haydarov, T.Eshonqulov, A.Hotamov, S.Laqayev, I.Ikromov va ularning shogirdlari fizika-matematika fanlari nomzodlari E.Jabborov, Z.Mo‘minov, T.Mamatov va bir necha katta ilmiy xodim-izlanuvchilar ushbu yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib bormoqda. 
Algebra va sonlar nazariyasi ilmiy maktabi - professor N.Romanov va dotsent R.Iskandarovlar tomonidan 1940-1950-yillarda asos solingan bo‘lib, algebra va sonlar nazariyasi muammolari bilan shug‘ullangan. Bugungi kunda professor A.Soleyev va uning shogirdlari fan nomzodlari H.Ro‘zimurodov, A.Baratovlar tomonidan robototexnikada yuzaga keladigan algebraik egri chiziqlarni lokal tahlil qilish masalalari ustida izlanishlar olib borilmoqda. 
Axborot texnologiyalari yo‘nalishi - texnika fanlari doktori, professor I.Jumanov tashabbusi va akademik Vosil Qobilovning amaliy yordamlari tufayli 1990 yillarda tashkil topdi. Texnika fanlari doktori A.Axatov, fan nomzodlari O.Jumanov, I.To‘raqulov, I.Aminov, F.Nomozovlar axborot texnologiyalari va ulardan o‘quv jarayonida foydalanish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini bajarmoqdalar.
Botanika ilmiy maktabi - professorlar Ye.Proskuryakov, J.Qobulov, M.Ikromovlar tomonidan 1960-yillarda shakllantirildi va ularning ishlari professor J.Xo‘jayev tomonidan davom ettirilmoqda. Ilmiy maktab vakillaridan X.Haydarov va M.Nosirovlar doktorlik dissertatsiyalari himoyasi arafasida.
Zoologiya ilmiy maktabi - professorlar I.Turkevich, A.Sagitovlar tomonidan 1940-yillarda tashkil qilingan. Hozirgi paytda professor A.Jabborov, dotsentlar S.Fundukchiyev, Z.Rahmonova boshqalar ushbu ilmiy maktab davomchilaridir.
Kimyo maktabi - dots. N.Zokirov, prof.Yu.Kurbatovlar tomonidan 1950-1960 yillarda shakllantirilgan. Bugungi kunda maktab namoyandalari professorlar A.Nasimov, E.Abdurahmonov, N.Muhamadiyev, N. Fayzullayevlar, dotsentlar Z.Normurodov, U.Norqulov, S.Tillayev, Sh.Saidqulovlar ustozlarning ilmiy ishlarini davom ettirmoqdalar.
Tabiiy geografiya va geoekologiya maktabi - 1960-yillarda shakllana boshlagan bo‘lib, uning bugungi kundagi yutuqlari professorlar A.Abulqosimov, L.Alibekov, Sh.Xoliqulov va S.Abbosovlarning xizmatlari bilan bog‘liq. Bugungi kunda ushbu maktab vakillaridan O.Rahmatullayev, M.Usmonovlar doktorlik, Q.Yarashev, R.Mamajonovlar nomzodlik dissertatsiyalarini himoyaga olib chiqishmoqda.
Iqtisodiy nazariya maktabi - 1970-yillarda shakllana boshlagan bo‘lib, uning rivojlanishiga professorlar Yu.Dunayev, K.Saidov, L.Krivoruchko, E.Aliqulov, E.Xo‘jayev, U.Rashidovlar katta hissa qo‘shishgan. Hozirgi kunda fan doktorlari B.To‘rayev, R.Seytmuratov, B.Safarovlar, fan nomzodlaridan B.Boboqulov, N.Arabov, A.Taniyev, D.Usmonova, D.Nasimovlar ularning ishlarini muvaffaqiyatli davom ettirmoqdalar.