Samarqand Davlat Universiteti

uz-samdu-title

  • O'zbekcha
  • Русский
  • English

Phone:    +998 66 2391140
Fax:        +998 66 2391140
E-mail: monitor@samdu.uz
Ishonch telefoni: +998662391105

Zoologiya muzeyi

E-mail Bosish PDF
Maqolaning indexi
Zoologiya muzeyi
davomi
davomi2
davomi3
Hamma sahifalar

Universitet zoologiya muzeyi haqida

MA'LUMOT

SamDU tabiiy fanlar fakultetida ilmiy-pedagogik faoliyatni samarali olib borishda, faunistika, sistematika, hayvonlar ekologiyasini va muhofazasini o'rganishda, kelajak avlodni ekologik madaniyati va mafkurasini shakllantirish va rivojlantirishda, ekologik ta'lim-tarbiyani ilmiy asosda to'g'ri olib borishda, hayvonot dunyosini muhofaza qilishda 1934 yilda, taniqli zoolog-faunist olim, Zarafshon vodiysining umurtqali hayvonlarini atroflicha mukammal o'rgangan dosent S.K.Dal, uning akasi K.K.Dal va kollektor K.K.Povarovalar tashabbuslari bilan tashkil etilgan Zoologiya muzeyining o'z o'rni, salohiyati va ahamiyati bor.

Zoologiya muzeyida 5000 dan ortiq hayvon eksponatlari mavjud bo'lib, ular Janubiy va Shimoliy Amerika, Yevropa, Afrika, Osiyo, Avstraliya qit'alarida yashaydigan hayvon eksponatlaridan iboratdir.

Umurtqasiz hayvonlar

Umurtqasiz hayvonlardan muzey eksponatlari ichida tangacha qanotlilar turkumiga mansub, Amazonka vodiysida yashovchi juda ham jozibali morfi kapalagi, qattiq qanotlilar turkumiga mansub, Janubiy Amerikada yashovchi Gerkules qo'ng'izi, bronzovka qo'ng'izi, dengiz yulduzlari, dengiz bo'g'imoyoqli hayvonlari va boshqalar diqqatga sazovordir.

Baliqlar katta sinfi

Bu sinf vakillari umurtqali hayvonlar ichda turlarining xilma-xilligi va ko'p sonliligi bilan ajralib turadi. Muzeyda tog'ayli baliqlar sinfiga mansub oddiy skat, tikandumli skat, elektr skati, arra baliq, katran yoki tikanli akula, suyakli baliqlar sinfidan Markaziy va Shimoliy Amerikaning chuchuk suvlarida yashovchi Shimoliy Amerika pansirli cho'rtan balig'i (Lepidostyeus ossius), Yevropa qit'asining Ispaniya Daniya, Norvegiya suv havzalarida keng tarqalgan Sargan balig'i, dengiz olabug'a balig'i, xususan O'zbekiston Respublikasi uchun endemik sanalmish baliqlardan Turkiston mo'ylovli balig'i (Barbus capito conocephalus) tog'ayli ganoidlar katta turkumidan kichik qilquyruq (Pseudoscaphirhynchus hermanni) Sirdaryo qilquyrug'i (Pseudoscaphirhynchus fedtschenkoi), katta qilquyruq (Pseudoscaphirhynchus kaufmanni) va boshqalar alohida o'rinni egallaydi.

Suvda va quruqda yashovchilar sinfi

Suvda va quruqda yashovchilar sinfi vakillaridan Shimoliy Amerikada keng tarqalgan dumli amfibiyalarning vakili aksolotl (Amblystoma tigrinum), olovli salamandralar, tritonlar, semirechensk baqatishi, dumsiz amfibiyalar turkumidan yashil qurbaqa, ko'l baqasi, kvaksha, chesnochnisalar, jerlyankalar, yapon baqasi va boshqalarning eksponatlari mavjud.

Sudralib yuruvchilar sinfi

Sudralib yuruvchilar sinfi vakillaridan dengiz toshbaqasi - bissa, Yanszi daryosining quyi oqimlarida, Sharqiy Xitoyda tarqalgan Xitoy alligatori (Alligator sinensis), Afrika, Madagaskar, tropik Osiyo, Yevropa va Janubiy Ispaniyada yashaydigan oddiy xameleon (Hameleonus vulgaris), Osiyo qit'asining Tailand va Birma mamlakatlarida va Hind arxipelagi orollarida yashovchi matrap pitoni (Python reticulatus), Qarbiy afrika echkemari, Nil echkemari (Varanus nilotica), yo'lbars pitoni (Python mobulus), tikan dumli agama, ingichka dumli chipor ilon, qum bo'g'ma ilonchasi (Eryx miliaris), sharq bo'g'ma ilonchasi (Eryx tataricus), O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan bo'z echkemari (Varanus griseus), O'rta Osiyo kapcha iloni (Naja naja) va boshqa hayvonlarning eksponatlari o'rin olgan.

Qushlar sinfi

Muzeydagi eksponatlar ichida qushlar sinfi vakillari o'zining rang-barangligi bilan ajralib turadi. Antarktidada yashovchi qirol pingvini va imperator pingvin, Afrika tuyaqushining skeleti va tuxumi, Avstraliyada yashovchi kazuar, albatros, tovus, yo'rg'a tuvaloq (Chlamydotis undulata), qizg'ish birqozon (Pelecanus onocratalus) O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan yirtqich qushlar turkumidan boltayutar, ilonxo'r burgut, lochin, itolg'i, suv qiyg'ir, g'ozsimonlar turkumidan oqqush-oqqul, karolin o'rdagi, qizilqanot, laylaksimonlar turkumidan oq va qora laylaklar, tovuqsimonlar turkumiga mansub Zarafshon vodiysi endemigi Zarafshon qirg'ovuli, xo'jasavdogar (Podoces panderi) va boshqa qator qushlar muzey ko'rkiga ko'rk qo'shib turibdi.

Sut emizuvchilar sinfi

G'arbiy Ukrainada yashovchi vixuxol (Desmana moschata), Shimoliy muz okeanining orollari va sohillarida yashovchi, vazni 700-1000 kg gacha keladigan oq ayiq (Ursus maritimus), O'rta Osiyo Qozog'iston, Xitoy va Uzoq Sharqda tarqalgan Turon yo'lbarsi (Felis tigris virgata), Uzoq Sharqda tarqalgan Ussuriya yo'lbarsi, Afrika va Arabiston yarim orolida yashovchi arslon yoki sher (Panthera leo), Afrikaning janubiy qismidan tashqari barcha joyida tarqalgan borodavochnik (Phacohoerus aethiopicus), Janubiy Amerikaning sharqiy sohillaridan to Urugvaygacha bo'lgan o'rmon zonalarida tarqalgan qora baqiroq maymun (Alouatta caraya) va boshqalar shular jumlasiga kiradi. Bundan tashqari O'zbekistonning endemik turlaridan O'rta Osiyo yoki eron qunduzi (Lutra lutra seistanica), tyanshan qo'ng'ir ayig'i (Ursus arctos isabellinus), Buxoro bug'usi yoki xongul (Cervus elaphus bactrianus), tyanshan qo'yi yoki arxar (Ovis ammon Karelini Severtzov), qizilkum yovvoiy qo'yi (Ovis orientalis Severtzovi Nasonov), jayron (Gazella subgutturosa) va xalqaro tabiatni muhofaza qilish Ittifoqi Qizil kitobiga kiritilgan qor qoplon yoki ilvirs (Uncia uncia) va boshqa hayvon eksponatlari saqlanadi.


Muzeyning eng diqqatga sazovor va eng qimmatli eksponatlaridan biri bu inson tomonidan butunlay qirib tashlangan turon yo'lbarsi (Felis tigris virgata) hisoblanadi. Agarda biz turon yo'lbarsini 1954 yildan buyon na tabiatda va na hayvonot bog'larida saqlanib qolinmaganligini inobatga olsak bizning zoologiya muzeyimizda 1935 yilda Amudaryo sohillaridan tutilgan turon yo'lbarsi eksponati (2-raqamli jurnal, inventar raqami 336) jahonda faqatgina bizning muzeyimizda borligini ko'ramiz yoki keyingi yillarda soni miqdori kamayib borayotgan o'ta qimmatbaho mo'ynali, susarlar (Martes) oilasiga mansub O'rta Osiyo yoki Eron qunduzi (2-raqamli jurnal, inventar raqami 307) eksponati ham diqqatga sazovordir. Zoologiya muzeyining e'tiborni o'ziga jalb etuvchi eksponatlaridan yana biri bu Hindiston filining skeletidir.

Universitet zoologiya muzeyining tashkil etilishi va uning faoliyati eng avvalo 1934-2008 yillar mobaynida biologiya fakulteti zoologiya kafedrasida ishlab kelgan, o'z ishiga mehr-muhabbat qo'ygan fidoyi insonlar - Sergey Konstantinovich Dal, u kishining akalari Konstantin Konstantinovich Dal, kollektor Klavdiya Konstantinovna Povarovalarning tinimsiz mehnatlari bilan bog'liqdir. Zoologiya muzeyi arxividagi hujjatlar shundan dalolat beradiki, to'plangan zoologik kolleksiyalar deyarli har yili tashkil etilgan ekologo-faunistik ekspedisiyalar, shuningdek, yuzlab talabalar, ilmiy xodimlar, ovchilarning mehnatlari tufayli to'plangan materiallar asosida amalga oshirilgan. har xil davrlarda ana shu to'plangan materiallarga kameral ishlov berish, tegishli o'lchamlarni olish, bu ma'lumotlarni jurnallarda qayd etish, tushka yoki chuchelo tayyorlash va muzey eksponatlarini yangilash va boyitish borasida beminnat xizmatlarini ayamagan xodimlardan Ye.M.Ananyev, A.Volovin, A.Fisun, L.V.Ionis, I.Nurmuxammedov, D.Kruglovlarning nomlarini keltirish mumkin.

Zoologiya muzeyining eksponatlari xilma-xilligini saqlab qolish, yangilash, ilmiy inventarizasiyasini amalga oshirish zoomuzey ishlari ichida markaziy o'rinni egallaydi Ilmiy inventarizasiya xulosalari shu narsani ko'rsatmoqdaki, zoologiya muzeyining ayrim eksponatlari o'tgan asr boshlarida, masalan, korolin o'rdagi (Aix sponsa) (2-raqamli jurnal, inventar raqami 29) Moskvadan 1905 yil 2 aprelda olib kelingan, O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan oqqush-oqqul (Cygnus olor Gmelin) (2-raqamli jurnal, inventar raqami 2) Urgut atroflaridan 1910 yil 10 noyabrda tutilgan. Yuqoridagi fikrlardan shu narsa ma'lum bo'ladiki, zoologik eksponatlar to'plash, tayyorlashga bo'lgan qiziqish va ularga ehtiyoj xalqimiz orasida mavjud bo'lgan va bu o'z navbatida ana shunday eksponatlarni saqlaydigan, asraydigan zoomuzeylarning tashkil qilinishiga olib kelgan desak mubolag'a bo'lmaydi. Zoomuzey jurnallaridan va zoomuzey arxivlarida saqlangan ba'zi bir hujatlardan ma'lum bo'ldiki, o'lka hayvonot dunyosiga bo'lgan qiziqish, uning xilma-xilligi, rang-barangligi, go'zalligi, nafisligi, hayvonlarning hayoti, biologiyasini o'rganishga bo'lgan intilish, ularning sirli fe'l-atvorlarini o'rganish, ayrim foydali va zararli faoliyatlarini aniqlash, olib borilgan ko'p yillik ekologo-faunistik tadqiqotlarning barcha-barchasi insonlarni hayvonot dunyosiga to'g'ri munosabatda bo'lishga, ularni hayvonlar bilan tanishtirish va shuning negizida fauna muhofazasi muammolarini yechish maqsadida va to'plangan materiallarni ma'lum bir sistemaga solish maqsadida zoologiya muzeyini tashkil qilish ehtiyoji paydo bo'ldi. Oldin bir necha dona eksponatlardan iborat bo'lgan biologiya va zoologiya kabinetlaridagi to'plangan materiallar keyinchalik miqdor va son jihatdan ko'payib va uning aqamiyati oshib maxsus zoologiya muzeyining yaratilishga olib kelgan.

Zoologiya muzeyining tashkil etilishida mutaxassis zoolog olimlar bilan birgalikda talaba yoshlar, qo'riqxona xodimlari, tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari, ovchilar, ko'plab tabiatsevar insonlar ham ishtirok etdilar. Ularning fidoyi mehnatlari tufayli ushbu bebaho, unikal eksponatlar ajdodlardan avlodlarga bir meros, boylik bo'lib qoldi.

Ana shu mehnat tufayli hozirgi kecha-kunduzda Markaziy Osiyoda yagona zoologiya muzeyi barpo etildi, bu muzey o'lka hayvonot dunyosining xilma-xilligini o'rganishda, o'tmish bilan hozirgi kunni qiyoslashda, atrof-muhitda va tabiatda sodir bo'layotgan salbiy o'zgarishlarning, ya'ni ayrim turlar sonining miqdor jihatidan kamayib borishi sabablarini aniqlashda va ilmiy asoslashda, ularning muhofazasini va sonini tiklash borasida tavsiyalar berishda katta ahamiyatga egadir.


Zoologiya muzeyi qoshida 10000 turga mansub jami 110000 dona hasharotlardan iborat entomologik kolleksiya mavjud bo'lib bu entomologik kolleksiyani tashkil etishda sobiq SamDU rektori, taniqli entomolog olim akademik R.A.Olimjonovning xizmatlari kattadir. U kishining rahbarligida Zarafshon vodiysining umurtqasiz hayvonlari (asosan hasharotlar, o'rgimchaklar, kanalar) faunasini o'rganishga bag'ishlangan tadqiqotlar keng miqiyosida olib borildi. Bu ishda kafedraning professor-o'qituvchilaridan: prof. M.I.Kosobuskiy, dos. G.K.Dubovskiy, dos. S.G.Bronshteyn, dos. Ye.P.Sudareva, dos. Ye.A.Popova, dos. M.M.Ostonova va boshqalar faol ishtirok etdilar. Kafedraning entomolog olimlari tomonidan olib borilgan ko'p yillik tadqiqot ishlari tufayli Zarafshon vohasida tarqalgan quruqlik va suv umurtqasiz hayvonlarining juda boy va qimmatli yuqorida qayd etilgan entomologik kolleksiyasi to'planadi. Ushbu tadqiqot ishlarining natijalari R.A.Olimjonov va S.G.Bronshteynlarning "Zarafshon vodiysining umurtqasiz hayvonlari" nomli yirik ishida o'z aksini topadi.

Samarqand davlat universiteti rahbariyati tashabbusi bilan zoologiya muzeyi qayta ta'mirlanib, uni zamonaviy jahon andozalariga javob bera oladigan darajaga olib chiqish borasida misli ko'rilmagan ishlar, tadbirlar amalga oshirildi. Ko'pgina zoolog-mutaxassislar, muzeyshunos olimlar uchun zoologiya muzeyi qaytadan kashf etildi. Zoologiya muzeyining qimmatbaho eksponatlari qayta ta'mirlangan vitrinalar, maxsus yoritgichli shkaflarga joylashtirildi va eksponatlar o'zlarining jonli tabiiy ko'rinishiga ega bo'ldi. To'liq ilmiy inventarizasiya o'tkazilib, har bir eksponatga maxsus zoologik etiketka tayyorlandi. Unda hayvonlarning o'zbekcha, lotincha, ruscha va inglizcha nomlari yozilib qachon, qayerda va kim tomonidan tayyorlanganligi qayd etildi.

Hozirgi kunda zoologiya muzeyi yirik ilmiy markaz ham bo'lib, unda talabalar hayvonlar sistematikasi, faunistika kabi fanlarni mukammal o'rganishlari uchun xizmat qiladigan manbaga ham aylandi. Shuningdek zoologiya muzeyi barcha zoologiya fanlarining nazariy va amaliy asoslarini o'rganishda maktab, akademik lisey, kollej o'quvchilari bilan zoologiya fanini o'rganish bo'yicha olib boriladigan darslar, ekologiya va tabiatni muhofaza qilish tadbirlari, o'sib kelayotgan avlodda ekologik madaniyat, mafkura va odob-ahloqni shakllantirish ishlarini olib borish maskaniga ham aylandi. Har yili muzeyimizni minglab maktabgacha tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari, maktab, akademik lisey, kollej o'quvchilari, oliy o'quv yurtlari talabalari, respublikamiz va viloyatimiz mehmonlari, fan, madaniyat va davlat arboblari kelib, qiziqib tomosha qilmoqdalar va muzeyimizning aziz mehmonlari bo'lmoqdalar, hamda muzeyimiz ularda ajoyib taassurot qoldirmoqda.

SamDU zoologiya muzeyi 2011 yilda Yevrosiyo universitetlari assosiasiyasi kengashi qaroriga asosan, Moskva Davlat universiteti «Yershunoslik muzeyi» tomonidan tayyorlanayotgan «Muzey universitetov Yevraziyskoy assosiasii» annotasiyali spravochnigiga kiritildi.

Shuningdek www.samarkandinfo.uz internet saytida SamDU zoomuzeyidagi Hindiston filining skeleti eksponati to'g'risida qiziqarli ma'lumotlar berilgan.


Ko'p asrlik tarixga ega bo'lgan yurtimiz tarixi, moddiy ma'naviy boyliklarini asrab-avaylash, saqlash va kelgusi avlodga yetkazish, shu bebaho meros negizida halqimizda Vatan tuyg'usini shakllantirish, halqimiz hayotini va turmush tarzini aks ettiruvchi muzeylar roli va o'rnini yanada yuksak darajaga ko'tarishda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 12 yanvarda qabul qilgan "Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to'g'risida"gi Farmoni Respublika Prezidenti va Hukumatning xalqimizning boy merosiga izzat-hurmat bilan qarash va bu borada muzeylarning roli va o'rnini yanada yuksak darajaga ko'tarishga, moddiy va ma'naviy jihatdan ularni qo'llab-quvvatlashga qaratildi.

Respublikamiz Prezidentining ushbu Farmonlarini hayotga tadbiq etilishining yorqin misolini biz Universitet zoologiya muzeyining moddiy jihatdan ta'minlanishi, muzey eksponatlarining zamonaviy, jahon andozlariga javob beradigan darajada tayyorlanishi va namoyish etilishi, zoologiya muzeyining muhim bir tarkibiy qismi hisoblanmish, taksidermiya laboratoriyasining tashkil etilishi, uning faoliyatiga ilmga chanqoq, fidoyi yoshlarning jalb qilinishi, zoologik eksponatlarni yangilash va to'ldirish borasida maxsus ekspedisiyalarning tashkil qilinishi, jahonning yetakchi zoologiya muzeylari bilan o'zaro hamkorlik ishlarining olib borilishida ko'rishimiz mumkin.

Respublikamiz Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnika Davlat Qo'mitasining Qarorlariga binoan 1996-2008 yillarda Samarqand davlat universiteti zoologiya muzeyi faoliyatini yanada rivojlantirish, uni moddiy jihatdan ta'minlashda, o'sib kelayotgan avlodni Ona tabiatga va uning hayvonot dunyosiga bo'lgan mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash kabi ishlarda muzeyning rolini oshirish maqsadida grantlar ajratilib kelindi, bu mablag'lar zoomuzey kolleksiya va eksponatlarini ta'mirlash, yangilash, to'ldirib borish, shuningdek landshaft ekspozisiyalari va dioramalar yaratish borasidagi ishlarga sarflanmoqda.

Hozirgi kecha kunduzda zoologiya muzeyining asosiy maqsadi va oldida turgan o'ta muhim vazifalardan biri, bu ko'proq yer yuzining boshqa mintaqalarida yashovchi hayvon eksponatlari bilan muzey vitrinalarini boyitish, xalqaro muzeylar assosiasiyasi doirasida o'zaro foydali hamkorlik ishlari olib borish, jahondagi zoomuzeylar bilan eksponatlar almashishni tashkil etish, dolzarb muammo hisoblanmish kelajak avlodda Ona tabiatga, uning bebaho va turli-tuman hayvonot dunyosiga muhabbat his-tuyg'ularini shakllantirish, shuning negizida hayvonlarning yashash joylari va yashash sharoitlarini saqlab qolishga ularni o'rgatish, ekologik madaniyat, mafkura va ongni tarbiyalab borish, Respublikamiz hayvonot dunyosining bioxilma-xilligini saqlab qolishga undash kabi ulug' ta'lim-tarbiya ishlarini amalga oshirishdan iboratdir.

 

Rektor virtual qabulxonasi

Banner

Fotogaleriya


1-121-241-221-281-13

Elektron pochta xizmati

1414756350 e-mail2
Banner

E'lonlar

 
logoabitur1
   

Ruminayaning “Alexandra Ioana Cusa in Iasi” Universiteti tomonidan “Erasmus +” loyihasi bo’yicha  xodimlarva talabalar uchun grant stipendiyasini e’lon qiladi. Arizatopshirishmuddati 5-noyabr 2016 yil. Anketa formalarini ushbu web saytidan:  https://erasmusplus.uaic.ro/ olish mumkin. 
Qo’shimcha ma’lumotni Universitet Xalqaro Aloqalar bo’limidan olishingiz mumkin.
Eslatma: barcha harajatlar qoplanadi.
   

2017 yil fevral oyida o‘tkaziladigan «Mustaqillik mafkurasi va demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy-ma’naviy negizlari va ilmiy asoslari», «O‘zbekistonning eng yangi tarixi» fanlaridan malakaviy imtihon topshiruvchilar ro‘yxati Imtihonlar soat 9.00 da SamDU majlislar zalida boshlanadi.

Loyihalar

Banner
Banner

Fikr.UZda SamDU blogi

Banner

Milliy internet tanlovi

Banner
Banner
Banner
Banner
Banner

Reyting


Statistika

Foydalanuvchilar : 7
Maqolalar : 487
Bog'lanishlar : 6
Ko'rilgan maqolalar soni : 15566230
Hozir 338 ta mehmon onlaynda

Ob-havo

Онлайн консультант