“18-oktyabr — Samarqand shahri kuni”.  Mana yigirma besh yildirki, mazkur sana har bir Samarqandlikka faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Ushbu kunda Samarqand shahrida juda ko‘plab inshootlarning ochilish marosimlari bo‘lib o‘tadi. Xorijdan, mamlakatimizning boshqa viloyatlaridan mehmonlar, taniqli san’atkorlar, yozuvchi va shoirlar tashrif buyuradi. Samarqand shahri kuni xalqimizning milliy qadriyatiga, bayramiga aylanib bo‘ldi.

      Bayram munosabati bilan erta tongdan Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘yildi.

      Tadbirda Samarqand viloyat, shahar hokimligi, Markaziy harbiy okrug, Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar, sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamda oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi. Samarqand davlat universitetining professor-o‘qituvchilari ham Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘yib, hurmat bajo keltirdi.

      - Samarqand shahri kunini har yili intizorlik bilan kutaman, - deydi SamDU dotsenti Shahriyor Jo‘rayev. - Chunki Samarqand shahri kuni munosabati bilan ko‘hna shahrimiz yanada chiroy ochadi. Gullab yashnaydi. Alisher Navoiy ko‘chasini qarang, qanchalik obod bo‘ldi. Bu obodlik bugun ko‘ngillarga ko‘chdi. Qaydadir mushoira, qaydadir qo‘shiq yangraydi. Men Samarqandda yashayotganimdan faxrlanaman. Samarqandda o‘qidim, olim bo‘ldim. Oila qurdim. Farzandlarim Samarqandda dunyoga keldi. Bu shahar menga o‘xshagan yuzlab yoshlarni tarbiyalagan, ta’lim bergan muqaddas beshikdir. Ta’zim qilaman senga muallim shahrim, ustoz shahrim Samarqandim...

Behruz SHAMSIDDINOV
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat AKRAMOV olgan surat