Address:140104, O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy

Birodarlashgan shaharlar vakillarining uchrashuvi

img

Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqandimiz dunyoga mashhur shaharlar orasidan bir nechtasi bilan birodarlashgan. Shunday shaharlardan biri Xitoyning markaziy qismidagi Shensi provinsiyasida joylashgan Sian shahridir. Shaharning eski nomi “Chanan” tarjimada “uzoq tinchlik” ma’nosini anglatadi. Buyuk Ipak yo‘lining sharqdagi so‘nggi nuqtalaridan sanaladigan ushbu shaharda Xitoyning Chjou, Sin, Xan va Tan qirollik sulolalari yashab o‘tganlar. Shahar atrofida olib borilgan arxeologik izlanishlar natijasida olamga mashhur Sin Shixuandining terrakota armiyasi bilan birgalikdagi maqbarasi topilgan.

Xitoy Xalq Respublikasidagi mazkur ajoyib shaharda 6 aprel kuni Samarqand shahri kunlari boshlandi. Viloyat rahbariyati, ishlab chiqarish ilg‘orlari, fan, madaniyat va ta’lim namoyandalaridan iborat samarqandliklar delegatsiyasi har sohada ikki tomonlama samarali hamkorlik o‘rnatish maqsadida muzokaralar olib bormoqda.

Samarqand davlat universiteti rektori professor Rustam Ibragimovich Xalmuradov mazkur delegatsiya tarkibida ushbu shaharda joylashgan qator universitetlarga tashrif buyurdi. Sianning Szyao Tun yoki Xian Jiaotong University (XJTU) mazkur tashrifdan ancha avval bizning universitet bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga istagini bildirgan edi. Ikkala universitet xalqaro aloqalar bo‘limi xodimlari tomonidan yo‘l xaritalarini ishlab chiqish borasida faol xat almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan edi.

2018 yil 9 aprel kuni SamDU rektori prof R.I. Xalmuradovning Xian Jiaotong University (XJTU) Prezidenti prof. Wang Shuguo bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur universitet Xitoydagi davlat oliy o‘quv yurti hisoblanadi.

XJTU universitet sifatidagi o‘z akademik faoliyatini 1896 yilda boshlagan. Shahar tipidagi universitet kampusi (binolari) Sian shahri tashqarisida joylashgan. Universitetda 30 ming talaba tahsil olishini hisobga oladigan bo‘lsak, uni Siandagi yirik ta’lim muassasi deyish mumkin. OTM Qabul komissiyasi bu yerda ta’lim olish istagidagi mahalliy fuqarolardan tashqari xorijliklardan ham hujjatlar qabul qiladi.

XJTUda o‘qiydiganlar umumiy sonining 4 foizini xorijlik talabalar tashkil qiladi. Jami 3 ming o‘qituvchidan iborat akademik tarkib XJTU professor-o‘qituvchilari sanaladilar. Universitet OTMlar o‘rtasida talabalar va o‘qituvchilar orasidan akadmeik almashuv bo‘yicha xalqaro dasturlarda faol ishtirok etib keladi. Mazkur universitet haqida ushbu havola orqali ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish mumkin: http://www.xjtu.edu.cn/

Tashrif davom etmoqda.