Address:140104, O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy

Oliy ta’lim – jamiyat taraqqiyotining ustuvor yo’nalishi

img

Milliy matbuot markazida Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan matbuot anjumani o’tkazildi. Unda vazirlikning mutasaddi rahbarlari ishtirok etib, oliy ta’lim tizimiga joriy etilgan yangiliklar va sohaga oid bir qator huquqiy-me’yoriy hujjatlarga kiritilayotgan o’zgartirish va qo’shimchalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

2018/2019 o’quv yilida 60 ta oliy ta’lim muassasasi va ularning 19 ta filiallariga qabul bo’yicha test sinovlari o’tkazildi. Respublika oliy ta’lim muassasalarida 620 mingdan ziyod abituriyent ilk marotaba 13 kun davomida zamonaviy axborot texnologiyalari asosida test sinovlarini topshirdi.

Test sinovlari natijalariga ko’ra, respublika bo’yicha o’rtacha o’tish ko’rsatkichi davlat granti asosida 123,0 ballni, to’lov-kontrakt asosida 101,9 ballni tashkil etdi. Cog’liqni saqlash, pedagogika, qishloq xo’jaligi va veterinariya ta’lim yo’nalishlari bo’yicha hududlar kesimida tasdiqlangan maqsadli qabul kvotalari doirasida 2 ming 214 nafar abituriyent o’qishga tavsiya etildi. Navoiy viloyatining olis Tomdi, Konimex va Uchquduq tumanlaridan 74 nafar abituriyent qo’shimcha grant asosida o’qishga tavsiya qilindi.

Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o’rinbosari Odil Abdurahmonovning ta’kidlashicha, 2018/2019 o’quv yilida oliy ta’lim muassasalarida o’quv jarayoni yangidan takomillashtirilgan me’yoriy hujjatlar asosida tashkil etiladi. Jumladan, yangi o’quv yilidan boshlab talabalar o’zlashtirishini baholash tizimi takomillashtirilgan ko’rinishda joriy etiladi. Bunda talabalar bilimini baholashning zamonaviy, shaffof va adolatli usullarini, shu jumladan, pedagogning yakuniy nazorat jarayonlaridagi ishtirokini istisno etadigan tizimni joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi. «Ustoz – shogird» tizimini joriy etish maqsadida o’quv yuklamalarini hisobga olgan holda professor-o’qituvchilar «vaqt me’yorlari»ning yangi mexanizmlari tasdiqlanadi.

Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish yangicha tartibda amalga oshiriladi. Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari topshiradigan yakuniy davlat attestasiya imtihonlari optimallashtiriladi va asosiy e’tibor bitiruv malakaviy ishlari yoki mutaxassislik fanlaridan davlat imtihoniga qaratiladi.

2018/2019 o’quv yilidan joriy etiladigan o’quv rejalari kadrlar buyurtmachi tashkilotlari va idoralari bilan hamkorlikda tayyorlanadi. Bunda, fanlar soni optimallashtirilib, amaliyot darslari ko’paytiriladi.

Hozirda vazirlik tomonidan xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda 8 ta filial, 22 ta qo’shma fakultet, 46 ta ikki tomonlama qo’shma dasturlarni amalga oshirish orqali kadrlar tayyorlashni yo’lga qo’yish bo’yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Oliy ta’lim muassasalari o’z faoliyati darajasida ta’limni eksport qilish siyosatini amalga oshirish uchun “Xorijiy talabalarni jalb qilish va oliy ta’lim muassasasi imidjini shakllantirish bo’yicha” chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi. 2018/2019 o’quv yilidan boshlab xorijiy fuqarolarni oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish kvotalaridan tashqari suhbat asosida test sinovlarisiz o’qishga qabul qilish tartibi joriy etildi. Natijada, joriy o’quv yilida 1 ming 924 nafar xorijiy fuqarolar o’qishga qabul qilindi.

O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilish bo’yicha Davlat komissiyasi majlisining 5-son bayoni bilan test sinovlarida kirish uchun yetarli ball to’play olmagan, biroq eng maksimal ballning 30 foizini (56,7 ball) to’plagan abituriyentlarga oliy ta’lim olish imkonini berish maqsadida 276 ta yo’nalishda jami 11 xil miqdorda oshirilgan to’lov-kontrakt miqdori tasdiqlandi.

2018 yil 5 aprelda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to’lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qaroriga muvofiq 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab oliy ta’lim muassasalari professor-o’qituvchilarining va ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy xodimlarining bazaviy lavozim maoshlari tegishli ravishda tabaqalashtirilgan holda o’rtacha 25 foizga oshirildi.

Yangi o’quv yilidan o’qish muddati uch yil bo’lgan “Maktabgacha ta’lim” hamda pedagogika sohasi bo’yicha “maxsus sirtqi bo’lim”, shuningdek, tegishli sohalar bo’yicha o’qish muddati besh yil bo’lgan “sirtqi bo’lim” bakalavriat ta’lim yo’nalishlari tashkil etildi.

Oliy ta’lim tizimida yangi ta’lim ixtisoslik yo’nalishlari va mutaxassisliklarning, shuningdek, iqtisodiyot sohalari va hududlarni kompleks rivojlantirishning joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan va bakalavriat, magistraturaga talabalar qabul qilishning umumiy ko’rsatkichlarini 2021 yilgacha bosqichma-bosqich 18 foizgacha oshirish ko’zda tutilmoqda.

Manba: uza.uz