Manzil: 140104, O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy

Zahmatkash olim, mohir tarjimon Ustoz Ozod Sharofiddinovni xotirlab

img

Samarqand Davlat universiteti majlislar zalida yirik adabiyotshunos olim, tanqidchi marhum Ozod Sharofiddinov tavalludining 90 yilligiga bag’ishlab “Zahmatkash olim, tanqidchi va tarjimon” mavzusida anjuman o’tkazildi. Tadbirda universitet professor-olimlari, talaba-yoshlar hamda matbuot, ommaviy axborot vositalari vakillari, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo’limi mutasaddilari ishtirok etdi. Tadbirni filologiya fakulteti dekani Juliboy Eltazarov olib bordi. Unda so’zga chiqqan adabiyotshunos olim Abdurayim Soliyev “Adabiy tanqid va mahorat” mavzusida ma’ruza qilib, o’zbek adabiyotshunosligida tanqidchilikni yana bir pog’onaga ko’targan adib ijodiga alohida urg’u berdi. Pedagogika fanlari nomzodi, dosent Mahkamoy Tursunova, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo’limi mas’ul kotibi Toshpo’lat Tugalov, taniqli ijodkor Oyxumor Asadova, shoir Orif Hoji va boshqalar Ozod Sharofiddinovning milliy adabiyotimizga qo’shgan munosib hissasi, adabiy tanqidchilik borasidagi yutuqlari hamda ibratli va mazmunli hayoti, ijodiy faoliyati haqida to’lqinlanib gapirishdi. Shuningdek, so’zga chiqqanlar Ozod Sharofiddinov haqidagi hayotiy ma’lumotlarini ham so’zlab berishdi.

Anjuman so’ngida adibning hayoti faoliyatiga bag’ishlangan videofilm namoyish etildi.

Universitet matbuot xizmati, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo’limi