Manzil: 140104, O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy

Elsevier kompaniyasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Samarqanddagi OTMlarga tashrif buyurdi

img

Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida respublikamizdagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga, shu jumladan Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritish boʻyicha vazifalar belgilangan.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiya tomonidan bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilinmoqda. Xususan, xalqaro reytingdan oʻrin olishda OTM pedagoglarining xalqaro nashrlarda eʼlon qilgan maqolalari muhim oʻrin tutadi. Shu sababli ushbu yoʻnalishda dunyoning ilgʻor xalqaro tashkilotlaridan biri boʻlgan Elsevier kompaniyasi bilan hamkorlikda OTMlarning Scopus bazasida oʻz profillarini ochib, Scopus bazasida xorijlik professor-oʻqituvchilar bilan hammualliflikda maqolalar chiqarish boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan.

Jumladan, joriy yilning 21-dekabr kuni Elsevier tashkilotining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Aliya Ospanova Samarqand davlat universiteti va Samarqand davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Aliya Ospanova oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonining tashkil etilishi, axborot-resurs markazi, test markazi, elektron kutubxona va simulyatsion taʼlim markazini koʻzdan kechirdi.

Elsevier tashkilotining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori SamDU va SamTI rektorlari bilan boʻlgan uchrashuvlarda dunyoning eng nufuzli ilmiy-tahliliy reyting platformalaridan foydalanish, muallif-olimlar reytingi, ilmiy jurnallar, tashkilotlar, universitetlar reytinglarini oshirish imkoniyatlari kabi masalalar toʻgʻrisida fikr almashdi. Yakunda Elsevier tashkiloti bilan kelgusidagi hamkorlik rejalari belgilab olindi.

Maʼlumot uchun, Elsevier bugungi kunda dunyodagi eng katta ilmiy maʼlumotlar bazasi hisoblanadi. Tashkilotning maqsadi jahonda ilm-fanni rivojlantirishdan iborat boʻlib, u 5 mingdan ortiq nashriyot va 23 ming ilmiy jurnalni birlashtiradi va dunyoning 7 milliondan ziyod tadqiqotchilari ulardan foydalanadi. Elsevier bazasida 2019-yilda eng koʻp oʻqituvchi va eng koʻp havola beriluvchi ilmiy jurnallar qamrab olingan.