Manzil: 140104, O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEVNING OLIY MAJLISGA MUROJAATNOMASI

img

Hurmatli deputatlar va senatorlar!

Aziz yurtdoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Jonajon O’zbekistonimiz yangi o’n yillikka qadam qo’ymoqda. Erishgan natijalarimiz tarixga aylanib, oldimizda yangi-yangi o’zgarishlarni amalga oshirish bo’yicha ulkan vazifalar va imkoniyatlar paydo bo’lmoqda. Shu bois, bugun Sizlar bilan birgalikda mamlakatimizni 2020 yil va kelgusi 5 yilda rivojlantirish bo’yicha, ustuvor yo’nalish va vazifalarni belgilab olishimiz lozim.

Yaqinda “Yangi O’zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida bo’lib o’tgan saylovlar natijasida respublikamizda demokratik islohotlarni yuqori bosqichga olib chiqish uchun zarur bo’lgan yangi siyosiy muhit vujudga keldi.

Saylovlar ochiq-oydin, xalqaro standartlar asosida o’tkazilishini nazorat qilish uchun 50 ga yaqin davlatdan hamda 10 ta xalqaro tashkilotdan 825 nafar kuzatuvchi ishtirok etdi. Birinchi marta Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo’yicha byurosining 316 kishilik to’laqonli missiyasi bilan yaqin hamkorlik qildik.

Xalqaro kuzatuvchilar saylovlar erkin raqobat muhitida, siyosiy partiyalar o’rtasidagi qizg’in tortishuv va bahs-munozaralar sharoitida o’tganini, bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining roli sezilarli darajada oshganini alohida e’tirof etdilar.

Barcha xalqaro kuzatuvchilarga saylov jarayonlari haqidagi xolis fikrlari va tavsiyalari uchun butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Biz albatta ushbu tavsiyalarning har birini chuqur o’rganib, tegishli dastur qabul qilib, amaliyotga keng joriy etamiz. Bu borada saylov komissiyalari va aholining saylov madaniyatini yuksaltirish, siyosiy partiyalarning o’z elektorati bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, partiyalarning siyosiy faolligini oshirish oldimizda turgan muhim masalalardan biridir.

Shu bilan bir qatorda, mahalliy kengashlarga saylov o’tkazishning uch pog’onali tizimini optimallashtirish, bunda tuman va shahar saylov komissiyasining rolini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Parlament va Markaziy saylov komissiyasi saylov yakunlari bo’yicha rejalashtirilgan vazifalarni amalga oshirish uchun yaqin hamkorlikda ish olib borishi zarur bo’ladi.

Barcha deputat va senatorlarga, ularning timsolida butun O’zbekiston xalqiga murojaat qilib aytmoqchiman: demokratik islohotlar yo’li – biz uchun yakkayu yagona va eng to’g’ri yo’ldir. Bu borada biz har kuni izlanishdamiz, xorijdagi ilg’or tajribalarni chuqur o’rganib, hayotimizni, ish uslubimizni yangilashga harakat qilmoqdamiz.

Biz yangi O’zbekistonni xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz, degan ulug’vor maqsadni o’z oldimizga qo’yganmiz. Bu borada “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi g’oya kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib bormoqda.

Islohotlarning amaliy natijadorligini oshirishda, joylarda yangi tashabbuslarni ilgari surishda aholimizning yanada faolroq, yanada tashabbuskor bo’lishiga erishmog’imiz lozim.

Eng asosiysi, bu islohotlar natijasida xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishimiz kerak. Odamlarimiz yetarli daromad topishi uchun eng qulay biznes va investisiya muhitini shakllantirib, yangi-yangi korxonalar va ish joylarini ko’paytirishimiz zarur. Bu g’oyat dolzarb ishlarni o’zimiz qilmasak, hyech kim bizga chetdan kelib qilib bermaydi.

Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yo’l turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz o’qib-o’rgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, o’zimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz o’zgaradi.

Men bunga qat’iy ishonaman va bu fikrni sizlar ham qo’llab-quvvatlaysizlar, deb o’ylayman.

Hurmatli qo’shma majlis ishtirokchilari!

Xalqimizning fidokorona mehnati bilan 2019 yil – “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da salmoqli natijalarga erishdik. Barcha sohalardagi ijobiy natijalar qatorida investisiyalar hajmi ham sezilarli darajada oshdi.

Ayniqsa, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investisiyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan – mana shu raqamga e’tiboringizni qaratmoqchiman – 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobar o’sdi. Investisiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetdi.

Mamlakatimiz ilk bor xalqaro kredit reytingini oldi va jahon moliya bozorida 1 milliard dollarlik obligasiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti tomonidan O’zbekistonning kreditga doir tavakkalchilik reytingi oxirgi 10 yilda birinchi marta yaxshilandi.

Energetika, neft-gaz, geologiya, transport, yo’l qurilishi, qishloq va suv xo’jaligi, ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti hamda boshqa qator tarmoqlarda chuqur tarkibiy islohotlar boshlandi. Sanoatning 12 ta yetakchi tarmog’ida modernizasiyalash va raqobatdoshlikni kuchaytirish dasturlari jadal amalga oshirilmoqda. Natijada o’tgan yili iqtisodiy o’sish 5,6 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 6,6 foizga, eksport – 28 foizga ko’paydi. Oltin-valyuta zaxiralarimiz 2019 yil davomida 2,2 milliard dollarga ortib, 28,6 milliard dollarga yetdi.

Qishloq xo’jaligida fermer va dehqonlarning manfaatdorligini oshirish borasidagi o’rganish va izlanishlarimiz davom etmoqda. Sohaga ilg’or texnologiyalar va klaster tizimi joriy etilmoqda.

Tadbirkorlikni keng rivojlantirish va bu soha uchun yangi sharoitlar yaratishga barcha imkoniyatlarimizni safarbar etyapmiz. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida o’z biznesini boshlayotgan oilalarga 5,9 trillion so’m kreditlar ajratildi.

Yangi soliq siyosati doirasida ish haqiga soliq yuki 1,5 barobar kamaytirildi. Natijada rasmiy sektorda ishlayotganlar soni yil davomida 500 mingtaga ko’paydi.

Qo’shilgan qiymat solig’i stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Buning hisobidan o’tgan yili soliq to’lovchilar ixtiyorida 2 trillion so’m qoldi. Joriy yilda bu raqam 11 trillion so’mni tashkil etishi kutilmoqda. Bir yilda tadbirkorlar ixtiyorida shuncha mablag’ qolishi, albatta, ularga o’z bizneslarini rivojlantirish uchun juda katta qo’shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Islohotlarimiz natijasida o’tgan yili 93 mingta yoki 2018 yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko’p yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi.

Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida 7 pog’ona ko’tarilib, biznesni ro’yxatga olish ko’rsatkichi bo’yicha dunyoning 190 ta davlati orasida 8-o’rinni egalladik va eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan joy oldik.

Shuningdek, 86 ta davlat fuqarolariga vizasiz va 57 ta davlat fuqarolariga soddalashtirilgan viza rejimi joriy etilishi natijasida o’tgan yili yurtimizga 6,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu 2016 yilga nisbatan 4,7 million nafarga yoki 3,3 barobar ko’p demakdir.

Maktabgacha ta’limni rivojlantirish borasida boshlagan islohotlarimiz natijasida o’tgan yili 5 ming 722 ta davlat, xususiy, oilaviy bolalar bog’chalari tashkil etildi. Shuning hisobidan farzandlarimizni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi bir yil davomida 38 foizdan 52 foizga ko’tarildi.

2019 yilda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi 4 ta Prezident maktabi, 3 ta Ijod maktabi ish boshladi. Oliy ta’limni rivojlantirish uchun o’tgan yili 19 ta yangi oliy o’quv yurti, jumladan, 9 ta nufuzli xorijiy universitetning filiali ochildi. Yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 141 ta qo’shma ta’lim dasturi bo’yicha kadrlar tayyorlash yo’lga qo’yildi. Oliy ta’lim muassasalariga jami 146 ming 500 nafar yoki 2016 yilga nisbatan 2 barobar ko’p talaba o’qishga qabul qilindi.

Ishlayotgan pensionerlarga pensiyani to’liq to’lash tartibi joriy etildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj va ehtiyojmand aholi uchun nafaqa miqdori 2 barobar ko’paytirildi.

Sog’liqni saqlash sohasida davlat muassasalari bilan bir qatorda xususiy tibbiyot yo’nalishi ham jadal rivojlanmoqda. Davolash faoliyati turlari 50 tadan 126 taga ko’paytirilib, qator imtiyozlar berilgani tufayli o’tgan yili 634 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 479 ta qishloq va ovulda, shaharlardagi 116 ta mahallada keng ko’lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi. Bunga 6,1 trillion so’m yoki 2018 yilga nisbatan 1,5 trillion so’m ko’p mablag’ sarflandi.

Qishloq joylarda – 17 ming 100 ta, shaharlarda – 17 ming 600 ta, jami 34 ming 700 ta yoki 2016 yilga nisbatan salkam 3 barobar ko’p arzon va shinam uylar qurildi.

Kam ta’minlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 mingta oilaga, jumladan, nogironligi bo’lgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard so’mdan ziyod boshlang’ich badal to’lab berildi.

Amalga oshirayotgan islohotlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan munosib baholanmoqda. Xususan, dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – “Ekonomist” jurnali O’zbekistonni 2019 yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb e’tirof etdi. Bunday baho barchamizga cheksiz g’urur, iftixor va kuch bag’ishlaydi, yangi marralarga ruhlantiradi, desam, o’ylaymanki, sizlar ham bu fikrni qo’llab-quvvatlaysizlar.

Aziz vatandoshlar!

O’tgan yili amalga oshirgan ishlarimizni tanqidiy tahlil qilib, quyidagi xulosalarni alohida ta’kidlab o’tmoqchiman.

Birinchidan, barcha darajadagi rahbarlar, erishilgan dastlabki ijobiy ko’rsatkichlarga mahliyo bo’lib, xotirjamlikka aslo berilmasligi kerak.

Yangi Parlament va hukumatning kelgusi 5 yildagi faoliyatining pirovard maqsadi – O’zbekistonda yashayotgan ko’p millatli xalqimiz hayotini yuksaltirishdan iborat bo’lishi shart.

Shu munosabat bilan deputatlarimizga murojaat qilib, shuni aytmoqchiman: saylovoldi uchrashuvlarida aholi tomonidan ko’tarilgan dolzarb masalalarni hal etish bo’yicha aniq dastur va “yo’l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda ularni mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda to’liq amalga oshirish zarur. Aks holda, sizlarga ishonch bildirgan saylovchilar oldida deputatning obro’si bo’lmaydi, partiyaning mavqyei tushib ketadi. Chunki bugun xalqimizning tafakkuri ham, dunyoqarashi ham, talab va ehtiyojlari ham butunlay o’zgargan. Xalqimiz hammadan ziyrak va ulug’dir.

Ikkinchidan, boshqaruv tizimi sifatini oshirishda “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy tamoyilni amalda to’liq ta’minlash bo’yicha hali ko’p ish qilishimiz zarur.

Virtual va Xalq qabulxonalariga yiliga 1 milliondan ziyod murojaat kelib tushayotgani xalq bilan muloqotni yangi bosqichga olib chiqishni talab etadi.

Endi davlat idoralari rahbarlari va hokimlarning ushbu murojaatlarni qay darajada hal etayotgani bo’yicha hisobotini parlament va xalq deputatlari kengashlarida muntazam eshitish tizimi yo’lga qo’yiladi.

Mahalliy byudjetlarning qo’shimcha daromadini taqsimlash, nafaqa oluvchilarni adolatli belgilash, ijro organlari rahbarlari ishiga baho berish bundan buyon Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili asosida amalga oshiriladi.

Har bir deputat Xalq qabulxonalari bilan doimiy ishlab, o’z hududida yashayotgan aholi muammolarini yechishda faol ishtirok etishi, odamlarning dardu tashvishlarini tinglashi kerak. Shunda deputatlar o’z saylovchilariga bergan va’dalari ustidan chiqadi, xalqning ishonchini oqlaydi, mehrini qozonadi. Shunda men ham nafaqat Prezident, balki oddiy saylovchi sifatida sizlardan juda minnatdor bo’lar edim.

Uchinchidan, biz O’zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qo’ygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-ma’rifat va innovasiya bilan erisha olamiz.

Buning uchun, avvalambor, tashabbuskor islohotchi bo’lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalashimiz zarur. Shuning uchun ham bog’chadan boshlab oliy o’quv yurtigacha – ta’limning barcha bo’g’inlarini isloh qilishni boshladik.

Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyat kerak. Ilm yo’q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to’g’ri yo’ldan adashish bo’ladi.

Sharq donishmandlari aytganidek, “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!”

Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o’zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo’lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.

Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yo’lidan borish imkoniyatini beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda.

Yurtimiz “Xalqaro axborot kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi” bo’yicha 2019 yilda 8 pog’onaga ko’tarilgan bo’lsa-da, hali juda ham orqadamiz. Aksariyat vazirlik va idoralar, korxonalar raqamli texnologiyalardan mutlaqo yiroq, desak, bu ham haqiqat.

Albatta, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko’p mablag’ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi bilamiz. Biroq, qanchalik qiyin bo’lmasin, bu ishga bugun kirishmasak, qachon kirishamiz?! Ertaga juda kech bo’ladi. Shu bois, raqamli iqtisodiyotga faol o’tish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo’ladi.

Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, meni juda qattiq tashvishga soladigan va bezovta qiladigan eng og’ir illat – korrupsiya balosini yo’qotishda ham ular samarali vositadir. Buni barchamiz teran anglab olishimiz darkor.

Davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir so’z bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilash mumkin.

Qadrli yurtdoshlar!

Hurmatli xalq noiblari!

Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko’tarish maqsadida men yurtimizda 2020 yilga “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berishni taklif etaman.

Biz 2020 yil nomida belgilangan sohalarni ustuvor darajada rivojlantirish va isloh etish bo’yicha keng ko’lamli ishlarni amalga oshirishimiz lozim. Xususan, bog’cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini joriy yilda 60 foizga yetkazishimiz zarur. Ushbu maqsadlarga shu yilning o’zida byudjetdan qariyb 1,8 trillion so’m mablag’ ajratiladi.

Bu yildan boshlab, tariximizda ilk bora 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy qilinadi. Bunga byudjetdan 130 milliard so’m ajratilib, bu jarayonda xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari ham bevosita ishtirok etadi.

2020 yilda byudjetdan ajratiladigan 1,7 trillion so’m mablag’ hisobidan 36 ta yangi maktab qurilib, 211 tasi kapital ta’mirlanadi. Shuningdek, 55 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkaziladi.

Pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega bo’lgan, o’z ishida aniq natijalarga erishgan o’qituvchilarga yuqori maosh to’lash tizimini joriy etamiz.

Maktab o’quv dasturlarini ilg’or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o’quv yuklamalari va fanlarni qayta ko’rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarur.

2021 yilgi xalqaro baholash jarayoniga tayyorgarlik ko’rish uchun 348 ta tayanch maktab belgilanib, 6 mingdan ortiq o’qituvchining malakasi oshiriladi.

Joriy o’quv yilidan boshlab mutlaqo yangi professional ta’lim tizimi yo’lga qo’yilib, 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikum tashkil etiladi.

Kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida milliy malaka tizimi ishlab chiqiladi. Ushbu tizim 9 mingga yaqin kasblar bo’yicha kadrlar tayyorlash imkonini beradi.

Oliy ma’lumot olaman, o’z ustimda ishlab, ilmli bo’laman, degan, yuragida o’ti bor, jo’shqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklarni yaratishimiz shart. Shuning uchun maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazamiz.

Bu borada shuni unutmaslik kerakki, oliy ta’lim qamrovini oshirish to’lov kontraktiga bog’liq bo’lib qolmasligi zarur. Shuni hisobga olib, oliy o’quv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlarini 2 barobar ko’paytiramiz, desam, sizlar bu fikrga qanday qaraysiz?

Qizlarimiz uchun alohida grantlar ham ajratiladi. Xotin-qizlar qo’mitasi ushbu grantlar asosida o’qitishga nomzodlarni tanlash va saralash mezonlarini ishlab chiqishi kerak.

Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini ham optimallashtirish zarur. Biz bunda asosiy e’tiborni o’qishga kirish jarayonlarini soddalashtirishga, oliy o’quv yurtlarida chinakam bilim va tarbiya olishga qaratishimiz zarur. Misol uchun, ona tili bo’yicha bilimni baholashning milliy test tizimini yaratish lozim. Yoshlar istalgan vaqtda imtihon topshirib, tegishli guvohnoma olsa, oliy o’quv yurtiga o’qishga kirayotgan paytda ona tili bo’yicha qayta sinovdan o’tishga hyech qanday ehtiyoj qolmaydi.

Oliy ta’lim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtiriladi, ta’lim yo’nalishlari va o’qitiladigan fanlar qayta ko’rib chiqiladi. Mutaxassislikka aloqasi bo’lmagan fanlar soni 2 barobar qisqartiriladi.

Oliy ta’limda o’quv jarayonini kredit-modul tizimiga o’tkazish talab etiladi. Joriy yildan pedagogik ta’limning 6 ta yo’nalishi bo’yicha o’qish muddati 3 yil qilib belgilanadi.

Bu ishlarni boshqa yo’nalishlarda ham davom ettiramiz.

Oliy o’quv yurtlariga bosqichma-bosqich akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi. Joriy yilda ularning 10 tasi o’zini o’zi moliyaviy ta’minlashga o’tadi. Bundan tashqari, kamida 5 ta oliy ta’lim muassasasini konkurs asosida tanlab, nufuzli xorijiy oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikda ularni transformasiya qilishni boshlaymiz.

Mamlakatimiz uchun ilm-fan sohasidagi ustuvor yo’nalishlarni aniq belgilab olishimiz kerak. Hyech bir davlat ilm-fanning barcha sohalarini biryo’la taraqqiy ettira olmaydi. Shuning uchun biz ham har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yo’nalishini rivojlantirish tarafdorimiz.

Joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yo’nalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi. Shuningdek, ilm-fan sohasida fundamental va innovasion tadqiqotlar uchun maqsadli grant mablag’larini ajratish mexanizmini tubdan qayta ko’rib chiqish kerak.

Ilm-fan yutuqlarining elektron platformasi, mahalliy va xorijiy ilmiy ishlanmalar bazasini shakllantirish lozim. Har bir oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot dargohi nufuzli chet el universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yo’lga qo’yishi shart.

Joriy yilda “El-yurt umidi” jamg’armasi tomonidan 700 dan ziyod olimlar, professor-o’qituvchilar chet elga ilmiy izlanish va malaka oshirish uchun yuboriladi.

Kelgusida grantlar miqdorini 2 barobar ko’paytirish va tadqiqot yo’nalishlari ko’lamini kengaytirish lozim. Joriy yilda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo’yicha tub burilish qilishimiz kerak.

Birinchi navbatda, qurilish, energetika, qishloq va suv xo’jaligi, transport, geologiya, kadastr, sog’liqni saqlash, ta’lim, arxiv sohalarini to’liq raqamlashtirish lozim. Shuningdek, “Elektron hukumat” tizimini, amalga oshirilayotgan dasturlar va loyihalarni tanqidiy qayta ko’rib chiqib, barcha tashkiliy va institusional masalalarni kompleks hal etish zarur.

Toshkent shahrida zamonaviy infratuzilmaga ega bo’lgan “IT-park” barpo etilmoqda. U hozirdanoq o’zining dastlabki natijalarini bera boshladi. Bunday “IT-park”lar Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida ham tashkil etiladi.

Soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda “1 million dasturchi” loyihasini amalga oshirish boshlandi.

Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlarida xalqaro andozalarga to’liq javob beradigan axborot texnologiyalari joriy etilishi shart.

O’tgan yili barcha shahar va tuman markazlarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlari yakunlanganini hisobga olib, yaqin 2 yilda barcha qishloq va mahallalarni ana shunday tezkor Internet bilan ta’minlashimiz kerak.

Hozirgi kungacha 7 mingdan ortiq sog’liqni saqlash, maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablar yuqori tezlikdagi Internetga ulangan bo’lsa, keyingi 2 yilda yana 12 mingta muassasa tezkor Internetga ulanadi. Bu vazifalarni ko’zda tutgan holda, “Raqamli O’zbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqishni ikki oy muddatda yakunlash lozim.

Kelgusida bu ishlarni tizimli tashkil etishga bosh-qosh bo’lishi uchun hukumatda – Bosh vazir o’rinbosari, vazirlik va idoralarda hamda hokimliklarda esa – alohida o’rinbosar lavozimlari joriy etiladi.

Parlament ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to’g’risida hukumat, tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotini muntazam eshitib borishi lozim.

Hurmatli parlament a’zolari!

Endi 2020 yil va keyingi yillarda iqtisodiyot sohasida amalga oshirish zarur bo’lgan dasturiy va maqsadli vazifalarga to’xtalib o’tishga ijozat bergaysiz.

Birinchidan, 2020 yilda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va inflyasiyani jilovlash – iqtisodiy islohotlar jarayonidagi bosh vazifamizdir.

Biz shu yildan boshlab inflyasiyaviy targetlash tizimini joriy qilishga o’tdik. Bu borada Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy bank, Moliya vazirligi iqtisodiy o’sish bilan inflyasiya o’rtasida muvozanatni ta’minlashi, tashqi xavf-xatarlarni hisobga olishi zarur.

Davlat tomonidan 37 turdagi mahsulot va xizmatlar narxining tartibga solinayotgani erkin raqobatga salbiy ta’sir qilmoqda. Shuni hisobga olib, endi asosiy e’tiborni narxlarni belgilashga emas, balki korxonalar o’rtasida sog’lom raqobatni ta’minlash orqali narxlarni pasaytirishga va sifatni oshirishga qaratishimiz kerak.

Xalqaro tajribani o’rganib, raqobatni olib kirish mumkin bo’lgan monopoliya sohalariga xususiy sektor uchun yo’l ochish va shu orqali raqobat muhitini shakllantirish lozim. Bu borada tabiiy monopoliya va raqobat to’g’risidagi qonunlarni yangilash hamda Iqtisodiyotda raqobat muhitini shakllantirish strategiyasini ishlab chiqish talab etiladi.

Iste’mol bozorida oziq-ovqat mahsulotlari narxi barqarorligini ta’minlashning yagona yo’li – meva-sabzavot, chorvachilik va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini ko’paytirish hamda “daladan do’kongacha” bo’lgan uzluksiz zanjirni yaratishdir. Hukumat barcha darajadagi hokimliklar bilan ushbu vazifa ijrosini to’liq ta’minlashi kerak.

Byudjet mablag’larining maqsadli va oqilona sarflanishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish zarur.

Joriy yilda davlat tashqi qarzining yuqori chegarasini belgiladik. Bundan buyon xalqaro moliya tashkilotlaridan olinadigan mablag’larni qaytarish imkoniyati va ularning natijadorligiga jiddiy e’tibor qaratiladi.

Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda, “Davlat moliyaviy nazorati to’g’risida” va “Davlat qarzi to’g’risida”gi qonunlar loyihalarini ishlab chiqsin.

Islohotlarimizga jiddiy to’sqinlik qilayotgan “yashirin iqtisodiyot”ga barham berilmas ekan, sog’lom raqobat ham, qulay investisiya muhiti ham shakllanmaydi.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, “yashirin iqtisodiyot”ning vujudga kelish omillarini chuqur tahlil qilib, unga qarshi kurashish dasturini tasdiqlasin.

Shuningdek, “yashirin iqtisodiyot” ulushi yuqori bo’lgan alkogol va tamaki bozorini tartibga solish uchun tovarlarni raqamli markirovka qilish tizimini joriy etish ishlari boshlandi. Bu tizim kelgusida farmasevtika mahsulotlari uchun ham qo’llaniladi. Vazirlar Mahkamasi qiymati 200 million dollar bo’lgan, to’g’ridan-to’g’ri investisiyalar hisobidan amalga oshirilayotgan ushbu “raqamli markirovka va onlayn kassa” loyihasini alohida nazoratga olsin.

Ikkinchidan, iqtisodiyotni yuqori sur’atlar bilan rivojlantirish uchun faol investisiya siyosatini izchil davom ettirish zarur.

Joriy yilda 23 milliard dollarlik investisiyalar o’zlashtiriladi hamda 206 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi. Jumladan, Sho’rtan gaz-kimyo kompleksida sintetik suyuq yoqilg’i, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida azot kislotasi, ammiak va karbamid ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi. Yangi Toshkent metallurgiya zavodi, Toshkent metrosining Sirg’ali tarmog’i, yer usti halqa yo’lining birinchi bosqichi ishga tushiriladi.

2020 yilda o’zlashtiriladigan investisiyalarning salmoqli qismi to’g’ridan-to’g’ri xorijiy sarmoyalar va kreditlar bo’lishini alohida qayd etmoqchiman. Investorlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida ularga soliqlarni bo’lib-bo’lib to’lash, infratuzilma yaratish xarajatlarini qisman davlat tomonidan qoplash mexanizmlari joriy etilmoqda.

Shuningdek, foyda solig’ini hisoblashda yangi texnologik uskunalar xarid qilish, yangi obyektlarni qurish va modernizasiya qilish xarajatlari bo’yicha chegirmalar kengaytirildi.

Mavjud 3 mingga yaqin davlat ishtirokidagi korxonalarni xatlovdan o’tkazib, xususiy sektor va raqobat rivojlangan yo’nalishlardagi korxonalarda davlat ishtirokini keskin kamaytirish choralarini ko’rish kerak.

Navoiy va Olmaliq tog’-kon metallurgiya kombinatlari kabi yirik sanoat korxonalarida yangi investision loyihalarni amalga oshirish bilan birga, ushbu korxonalarni xalqaro moliya bozorining to’laqonli ishtirokchisiga aylantirish lozim. Buning uchun 2020 yilda xalqaro standartlar asosida moliyaviy hisobotlarni tuzish, zaxiralarni qayta hisoblash, korporativ oshkoralikni tatbiq etish kabi ishlarni yakunlash zarur.

Neft-gaz sohasidagi davlat korxonalarini boshqarishga xorijiy ekspertlarni jalb etib, ularning samaradorligini oshirish va xarajatlarini optimallashtirish, qarz miqdorini kamaytirishga erishish lozim.

Vazirlar Mahkamasi ana shu vazifalarni to’liq hisobga olib, ikki oy muddatda Davlat ishtirokidagi korxonalarga egalik qilish, ularni boshqarish va isloh etish strategiyasini ishlab chiqsin.

Xorijiy investorlarni faol jalb etish maqsadida joriy yil mart oyida Toshkent xalqaro investisiya forumini yuqori saviyada o’tkazish zarur.

Investisiya jalb etishning samarali vositalaridan biri bo’lgan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini transport, energetika, yo’l, kommunal, tibbiyot, ta’lim kabi sohalarga keng tatbiq etish kerak.

Hozirgi vaqtda qurilish sohasi iqtisodiyotning muhim “drayver”laridan biriga aylandi. Bu sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 6 foizdan oshgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlab turibdi. Ushbu tarmoqni yanada rivojlantirish uchun qurilishga oid normalarni xalqaro standartlar bilan uyg’unlashtirish, zamonaviy qurilish texnologiyalari va materiallarini tatbiq etish, soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish zarur. Shuningdek, tenderlar o’tkazishning aniq mezonlarini ishlab chiqish va sohada axborot texnologiyalarini keng joriy etish kerak.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda qurilish sohasini 2025 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqsin.

Uchinchidan, bank tizimini rivojlantirish uchun bu yil keskin choralar ko’rishimiz lozim.

Afsuski, bank tizimi raqamli texnologiyalarni qo’llash, yangi bank mahsulotlarini joriy etish va dasturiy ta’minotlar bo’yicha zamon talablaridan 10-15 yil orqada qolmoqda.

2020 yildan boshlab har bir bankda keng ko’lamli transformasiya dasturi amalga oshiriladi. Bu borada banklarimizning kapital, resurs bazasi va daromadlarini oshirish alohida e’tiborimiz markazida bo’ladi.

Bank tizimida tadbirkorlarni qo’llab-quvvatlaydigan “loyihalar fabrikasi” faoliyatini yo’lga qo’yishimiz lozim.

Banklarimiz xalqaro moliya bozorlariga chiqib, arzon va uzoq muddatli resurslar olib kelishi zarur. Milliy bank va Ipoteka bank bu yil o’z yevrobondlarini chiqarishi maqsadga muvofiqdir.

Davlat ulushiga ega bo’lgan banklar bosqichma-bosqich strategik investorlarga sotiladi.

Bank sohasidagi islohotlarning asosiy maqsadi – tijorat banklarini mijoz uchun ishlashga o’rgatishdan iborat.

Soha uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash maqsadida Bank-moliya akademiyasi xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda to’liq qayta tashkil etiladi. Shuningdek, davlat banklarida zamonaviy bank amaliyoti, menejmenti va xizmatlarini joriy etish uchun rahbarlik lavozimlariga xorijiy yetakchi moliya institutlarining malakali mutaxassislarini jalb etish boshlandi va bu jarayon izchil davom etadi.

Banklarda axborot texnologiyalarini keng tatbiq etish orqali ularning dasturiy ta’minotini tubdan yangilash lozim. Shu yil 1 iyulga qadar “kredit tarixi” axborot tizimini to’liq ishga tushirish zarur.

Aholida bank tizimiga nisbatan ishonchni shakllantirish va banklar faoliyatiga chetdan aralashishga chek qo’yish kerak.

To’rtinchidan, barqaror iqtisodiy o’sishning eng muhim garovi – raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular uchun yangi xalqaro bozorlar topish va eksportni ko’paytirish, tranzit salohiyatidan to’liq foydalanish hisoblanadi.

Bu yil eksportyorlarga kafillik beradigan va xarajatlarning bir qismini qoplaydigan – Eksportni qo’llab-quvvatlash jamg’armasi hamda eksportni oldindan moliyalashtirish uchun – Eksport-kredit agentligi tashkil etiladi. Shuningdek, eksport qilishda zamonaviy sug’urta xizmatlari yo’lga qo’yiladi, avtomobil va havo transporti xarajatlarini qisman davlat tomonidan qoplab berish mexanizmi joriy qilinadi.

Tashqi savdo bilan bog’liq nazorat tizimi va infratuzilmani yaxshilash zarur. Jumladan, xorijiy tajribadan kelib chiqib, bojxona postlarida nazoratni amalga oshiradigan bojxona, sanitariya, karantin, veterinariya va boshqa idoralar faoliyatini isloh qilish lozim.

2020 yilda 3 mingga yaqin standartlarni qabul qilish, ularning sonini 10 mingtaga va xalqaro standartlar bilan uyg’unlashish darajasini 40 foizga yetkazish darkor. Andijon, Termiz va Qo’ng’irot tumanlarida erkin savdo zonalarini tashkil etib, ular orqali chegaraoldi savdosini rivojlantirish zarur.

Xaridorgir mahsulotlar turlarini aniqlash, ularga bozor topish va sotish bilan xususiy treyding kompaniyalari shug’ullanishi, buning uchun esa, savdo faoliyatini tartibga soladigan qonun loyihalari to’plamini ishlab chiqish lozim. Bu tashqi savdo bilan bir qatorda, ichki bozorga ham tegishli.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish konsepsiyasini ishlab chiqsin hamda ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash bo’yicha tegishli qarorlarni tayyorlasin.

Mahsulotlarimizni ichki va tashqi bozorlarga yetkazish, ularning tannarxini tushirish uchun transport-logistika sohasini rivojlantirishimiz zarur.

Temir yo’l sohasida yo’lovchi va yuk tashish, ekspluatasiya va xizmat ko’rsatishni bir-biridan ajratish, ya’ni, tabiiy monopoliya qismini alohida, xususiy sektorni jalb qilish mumkin bo’lgan yo’nalishlarni alohida rivojlantirish lozim.

Xalqaro ekspertlarning xulosasiga ko’ra, infratuzilmani yaxshilash, moslashuvchan tariflar qo’llash va yangi istiqbolli yo’nalishlarni shakllantirish hisobidan bizda tranzit salohiyatini hozirgi 7 million tonnadan 16 million tonnaga yetkazish imkoniyati mavjud.

Yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Aholi daromadlarini oshirish, qo’shimcha ish o’rinlari yaratish, mahsulot ishlab chiqarishni ko’paytirish uchun bizga yangi-yangi bozorlar kerak. Buning uchun bozor iqtisodiyoti va davr talablariga mos ko’plab qonun va qarorlarni qabul qilyapmiz. Lekin, afsuski, ularni ijro etadigan ko’pgina amaldorlar hali ham eskicha ish uslubi, rasmiyatchilik va befarqlikdan qutulgani yo’q.

Ochiq bozor mahsulot sifatini oshirish, tannarxni pasaytirish, yangi texnologiyalar olib kelishga majbur qiladi, bozor islohotlarini jadal rivojlantiradi. Sodda qilib aytsak, jahon ishlab chiqarish tizimiga, dunyo bozori talablariga va iqtisodiy integrasiya jarayonlariga hamohang bo’lishimiz lozim. Muloqot va raqobatga tayyor bo’lish uchun tarmoq rahbarlari o’z ustida tinimsiz ishlashi shart.

Mana, nima uchun bizga iqtisodiy integrasiya kerak!

Bizning tashqi savdoga chiqadigan yuklarimizning 80 foizi Qozog’iston, Qirg’iziston va Rossiyaning tranzit yo’laklari orqali o’tadi. Shuningdek, tayyor mahsulotlarimiz eksportining 50 foizi, ayrim tovarlar bo’yicha esa 80 foizi Rossiya, Qozog’iston, Qirg’iziston hissasiga to’g’ri keladi.

Ana shu omillarni inobatga olib hamda Rossiya va Qozog’istonga ishlash uchun borgan fuqarolarimizga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida bugungi kunda O’zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish bilan bog’liq masalalar o’rganilmoqda. Biz, albatta, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, uning xohish-irodasiga tayanamiz.

Shuning uchun xalq vakillari bo’lgan deputat va senatorlarimiz parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, o’z zimmalariga mas’uliyatni olgan holda, asoslangan xulosalarini aytishlari kerak.

Vazirlar Mahkamasi ushbu yo’nalishdagi tahliliy va kompleks baholash ishlarini yakunlab, tegishli xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga taqdim etsin.

Shu bilan birga, biz Jahon savdo tashkiloti bilan boshlangan muloqotimizni hamda Yevropa Ittifoqi bilan Hamkorlik va sheriklik to’g’risidagi yangi bitimni tuzish bo’yicha ishlarni izchil davom ettiramiz. Shuningdek, biz boshqa xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlardagi ishtirokimizni yanada kuchaytiramiz.

Beshinchidan, sanoat tarmoqlarini uzluksiz xomashyo va zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlash zarur.

Iqtisodiyotning qator muhim tarmoqlari, jumladan, kimyo, neft va gaz, energetika, elektrotexnika, qurilish materiallari, zargarlik sanoatini xomashyo bilan ta’minlash uchun, avvalo, geologiya-qidiruv sohasini tubdan rivojlantirish lozim. Shuni hisobga olib, joriy yilda istiqbolli konlarni aniqlash va mavjud zaxiralarni ko’paytirish uchun byudjetdan 2 trillion so’m mablag’ ajratilmoqda.

Davlat geologiya qo’mitasi oldiga ushbu mablag’larni samarali ishlatish orqali shu yilda yangi istiqbolli maydonlar va konlarni aniqlashni 35 foizga, kelgusi yilda esa 40 foizga oshirish vazifasi qo’yiladi.

Davlat geologiya qo’mitasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birga kamida 20 ta kon bo’yicha tayyor loyihalar to’plamini shakllantirib, salohiyatli investorlarga taklif etishi lozim. Shuningdek, Qo’mita uglevodorodlar va ularning zaxiralari bo’yicha hisob-kitob yuritish, toifaga ajratish va boshqarishning xalqaro tizimini amaliyotga joriy etishi kerak.

Iqtisodiy yuksalishni ta’minlash uchun barcha qulayliklarga ega bo’lgan zamonaviy infratuzilma barpo etish nihoyatda zarur.

Biz keyingi 3 yilda yo’l qurilishiga – 9,8 trillion so’m, suv tarmoqlariga – 4,6 trillion so’m, elektr tarmoqlariga – 18,2 trillion so’m, tabiiy gaz ta’minotiga – 1,2 trillion so’m mablag’ ajratdik. Bu raqamlar ushbu tarmoqlar uchun so’nggi 10 yilda sarflangan mablag’lardan bir necha barobar ko’pdir. Lekin, shunga qaramasdan, zamonaviy infratuzilma yaratish, mavjud tizimni modernizasiya qilish uchun bundan bir necha o’n barobar ko’p mablag’ talab etiladi.

Qanchalik qiyin bo’lmasin, biz har yili Investisiya dasturi doirasida katta mablag’ ajratib, bu yo’nalishdagi ishlarni albatta jadal davom ettiramiz. Bunga qo’shimcha ravishda respublika va mahalliy byudjetlarning prognozdan yuqori tushumlarining yarmini infratuzilma obyektlarini rivojlantirishga yo’naltirish – Moliya vazirligi va hokimlar uchun joriy yildagi asosiy vazifalardan biri bo’lishi kerak.

Qonunchilik palatasi Hisob palatasini jalb etgan holda, ushbu mablag’larning maqsadli va samarali ishlatilishini joylarga chiqib, muntazam ravishda o’rganib borishi maqsadga muvofiqdir.

Oltinchidan, biznes muhitini yanada yaxshilash biz uchun eng muhim masalalardan biri bo’lib qoladi.

Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida eng yaxshi 50 ta mamlakat qatoriga kirish bo’yicha barcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni qabul qildik. Hukumat ushbu tadbirlarning amaliy ijrosini samarali tashkil etishi zarur.

Yaqinda qabul qilingan yangi Soliq kodeksiga muvofiq, bu yildan boshlab ko’plab yangiliklar amaliyotga joriy etilmoqda. Jumladan, soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Soliqlarni to’lash muddatini uzaytirish yoki bo’lib-bo’lib to’lashga ruxsat berish bo’yicha yengillashtirilgan mexanizmlar kiritildi.

Birinchi marta tadbirkorlarga ichki bozorda sotgan mahsuloti bo’yicha qo’shilgan qiymat solig’ining bir qismini qaytarish tartibi joriy etilmoqda. Hozirgacha bu tartib faqat mahsulot eksport qilinganda qo’llanar edi. Buning hisobidan tadbirkorlar ixtiyorida 3,4 trillion so’m yoki o’tgan yilga nisbatan 2,5 barobar ko’p mablag’ qoladi.

Endi tadbirkor tomonidan to’langan ortiqcha soliq o’z muddatida qaytarilmasa, unga Markaziy bankning asosiy stavkasi bo’yicha byudjetdan foiz to’lanadi. Buning ahamiyatini mana shu zalda o’tirgan va “oynai jahon” orqali mening so’zlarimni eshitayotgan tadbirkorlar, o’ylaymanki, hammadan ko’ra yaxshi tushunadi.

Soliq kodeksi normalarini har bir soliq xodimi, tadbirkorlar va soliq to’lovchilar puxta o’zlashtirishi, buning uchun ularni muntazam ravishda o’qitish zarur.

Soliq xizmati xodimlari dunyoqarashini tubdan o’zgartirish va malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida Davlat soliq qo’mitasi qoshida Fiskal institutini tashkil etishni taklif qilaman. Bu jarayonga katta tajribaga ega bo’lgan nufuzli xorijiy ekspertlarni jalb etish zarur.

Shu bilan birga, tadbirkorlarni ko’p qiynaydigan soha – lisenziyalash va ruxsatnomalar berish tartiblarini jiddiy o’zgartiramiz. Ochiq aytish kerak, mavjud 280 ga yaqin lisenziya va ruxsatnomalar orasida faoliyat turlari hisobini yuritish, mablag’ undirish yoki shunchaki nazorat qilish uchun joriy qilinganlari ham bor. Bu esa tadbirkorlarning haqli e’tirozlariga sabab bo’lmoqda.

Shu sababli Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman 2020 yil 1 martga qadar lisenziya va ruxsatnomalar berish asoslarini tubdan qayta ko’rib chiqib, ularning sonini kamida 2 barobar qisqartirish bo’yicha aniq taklif kiritsin. Shuningdek, “Kichik va o’rta biznes to’g’risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish zarur. Unda kichik va o’rta biznes mezonlari hamda bu soha vakillarini rag’batlantirish mexanizmlari nazarda tutilishi kerak.

Bu yil har bir hududda tadbirkorlarga yer uchastkalariga oid ma’lumotlarni ochiq va haqqoniy yetkazish bo’yicha yangi tizim joriy etamiz. Unga ko’ra, tadbirkorning faoliyat yuritishi uchun zarur bo’lgan bo’sh yer maydonlari, bino va inshootlar, ularning qiymati va shartlari haqidagi to’liq xaritani istalgan vaqt va hududda onlayn tartibida olish imkoniyati yaratiladi.

Xabaringiz bor, bundan 2 yil oldin korxonalarning moliya-xo’jalik faoliyatini tekshirishga nisbatan e’lon qilingan moratoriyning muddati tugadi. Lekin, bu yana eski usulda yoppasiga tekshir-tekshirlarni boshlab yuborish mumkin, degani emas.

Bu kimgadir yoqadimi-yo’qmi, biz bunga yo’l qo’ymaymiz. Barcha nazorat idoralari rahbarlari shuni qulog’iga yaxshilab quyib olsin.

2020 yilning birinchi choragida, ilg’or tajribalar asosida, barcha darajadagi nazorat qiluvchi idoralarda yangi zamonaviy tizim joriy etilishi shart. Ana shu tizim orqali har bir korxona va tadbirkor bo’yicha alohida-alohida ish olib borib, ularning qonuniy faoliyat yuritishini ta’minlash, tekshirishni esa eng so’nggi favqulodda chora sifatida adolatli o’tkazish lozim. Mazkur masala yuzasidan, nazorat idoralarining rahbarlari parlament oldida har chorakda shaxsan hisobot berib boradi.

Bankrotlik borasidagi hozirgi tartib-tamoyillar korxonalarni tugatish va mol-mulkdan tushgan mablag’lar hisobidan qarzlarni qoplashni nazarda tutadi. Shuning uchun so’nggi 3 yilda atigi 3 ta korxonada sanasiya qo’llangan, xolos. Endi bunday qoidadan butunlay voz kechib, to’lovga qobiliyatsiz korxonalarni eng ilg’or xorijiy tajriba asosida sog’lomlashtirish bo’yicha yangi tizim joriy etamiz.

Tadbirkorlarning huquqlarini ta’minlashda Oliy Majlisning ikkala palatasi ham ta’sirchan parlament nazoratini yo’lga qo’yishi zarur.

Tadbirkorlik sohasida ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan ayrim jinoyat turlarini jinoyat toifasidan chiqarish siyosatini izchil davom ettirishimiz lozim. Jumladan, soxta tadbirkorlik, raqobatchining obro’sini tushirish kabi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik bekor qilinadi. Shuningdek, bojxona qonun hujjatlarini buzish bilan bog’liq jinoyatni birinchi marta sodir etgan, lekin to’lovlarni to’lagan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish kerak.

Yuridik shaxs bo’lgan tadbirkorlik subyekti a’zolariga “jinoiy uyushma” degan ayblov qo’yib, ularga og’ir jazo tayinlash kabi allaqachon umrini o’tab bo’lgan tartiblarni bekor qilish vaqti yetdi. Buning oqibatida yuzlab tadbirkorlar qanchadan-qancha aziyat chekib, moddiy zarar ko’rayotganlarini inobatga olsak, bu o’zgarishlarning qanday katta ahamiyatga ega ekani yaqqol ayon bo’ladi.

Oliy sud, Bosh prokuratura, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi 2020 yil 1 aprelgacha ana shu masalalar bo’yicha tegishli qonun loyihasini puxta ishlab chiqishi lozim.

Yettinchidan, iqtisodiyotimiz rivojini, aholi bandligi va daromadlari o’sishini ta’minlaydigan eng muhim sohalardan biri bo’lgan qishloq xo’jaligini strategik yondashuvlar asosida taraqqiy ettirish zarur.

Tarmoqdagi hozirgi o’sish sur’atlari bizni mutlaqo qoniqtirmaydi. Bu borada bozor mexanizmlarini keng joriy etib, fermer va dehqonlar manfaatdorligini oshirmas ekanmiz, biz kutgan sezilarli o’zgarish bo’lmaydi. Shu bois, paxta va g’alla yetishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilib, ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich o’tamiz. Agar bu yo’ldan bormasak, fermer va dehqonlarimiz mahsulot yetishtirishda erkin bo’lmaydi, ular o’zlari kutganlaridek manfaat ko’rmaydi, hokimlarning esa ish uslubi o’zgarmaydi.

Qishloq xo’jaligini davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash jamg’armasini isloh qilib, agrar sohaning boshqa tarmoqlariga ham arzon kreditlar ajratish yo’lga qo’yiladi.

Kelgusida Qishloq xo’jaligi vazirligi soha korxonalariga ko’rsatma berish, resurslarni taqsimlash, reja belgilash kabi eski ish usullaridan mutlaqo voz kechishi zarur. Buning o’rniga vazirlik servis tashkilotiga aylanishi, xususiy agrosanoat tashkilotlariga yer holatini aniqlash, ekin turlari va urug’ni to’g’ri tanlash, zararkunandalarga qarshi kurashish, moliyaviy ko’maklashish, mahsulot bozorini topish bo’yicha xizmat ko’rsatishi kerak.

Agrar tarmoqda fermerlik harakatini qo’llab-quvvatlash bilan birga, paxta va g’alla yetishtirishni klaster shakliga bosqichma-bosqich o’tkazish bo’yicha izlanishlarimizni davom ettiramiz.

Meva-sabzavot, sholichilik, chorvachilik, ipakchilik kabi boshqa tarmoqlarda ham bugungi kun talabiga javob beradigan klasterlarni tashkil etish ishlarini davom ettiramiz.

Bu yil 2 milliard dollarlik, keyingi 5-7 yilda esa 3-4 barobar ko’p meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish uchun mahsulot yetishtirishni keskin ko’paytirish choralarini ko’rish zarur.

Parlamentimiz ushbu islohotlarimizning huquqiy asosi bo’lgan “Kooperasiya va klasterlar to’g’risida”gi yangi qonunni tezroq qabul qilsa, ushbu katta reja va niyatlarimizga mos ish bo’lur edi.

Bu yil meva-sabzavotchilik, uzumchilik, urug’chilik, chorvachilik, agro-logistikani rivojlantirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlari, soha uchun malakali kadrlarni tayyorlashga 3 trillion so’m mablag’ yo’naltiramiz. Chorvachilik, qorako’lchilik, baliqchilik, parrandachilik kabi sohalarda naslchilikka alohida e’tibor qaratilib, uni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari tatbiq etiladi.

2020 yilda 44 ming gektar yerda yoki o’tgan yilga nisbatan qariyb 4 barobar ko’p maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etamiz. Buning uchun davlat byudjetidan 300 milliard so’m subsidiya ajratiladi. Shuningdek, suv xo’jaligi obyektlarini boshqarish jarayonlarini, suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish tizimini avtomatlashtirish zarur.

Ushbu masalalar Suv xo’jaligini rivojlantirish konsepsiyasida o’z aksini topishi kerak. Vazirlar Mahkamasi joriy yil 1 aprelga qadar ana shu konsepsiya loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin.

Sakkizinchidan, turizmni iqtisodiyotning strategik tarmog’iga aylantirish biz uchun ustuvor vazifa bo’lib qoladi.

Hukumat oldidagi eng muhim vazifalardan biri – joriy yilda yurtimizga keladigan turistlar sonini 7,5 millionga yetkazishdan iborat.

Ma’lumki, qator nufuzli xorijiy ommaviy axborot vositalari 2020 yilda O’zbekistonni sayohatga albatta borish tavsiya etilgan mamlakatlar qatoriga kiritdi. Biz bunday imkoniyatdan unumli foydalanishimiz kerak.

Katta salohiyatga ega bo’lgan ziyorat va tibbiyot turizmini ham jadal rivojlantirish zarur.

Yurtimizda 8 ming 200 dan ziyod madaniy meros obyekti mavjud bo’lib, turizm marshrutlariga ularning atigi 500 tasi kiritilgan.

Hukumat uch oy muddatda ziyorat va an’anaviy turizmni rivojlantirish mumkin bo’lgan marshrutlardagi obyektlar sonini 800 taga yetkazish bo’yicha chora-tadbirlarni belgilasin.

Yana bir vazifa – YuNESKOning Umumjahon moddiy madaniy merosi va Nomoddiy madaniy merosi ro’yxatiga O’zbekistondagi yangi obyektlarni kiritishni tezlashtirish lozim.

Joriy yilda yangi zamonaviy mehmonxonalarni qurishga davlat byudjetidan 200 milliard so’m subsidiya ajratib, turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish zarur.

To’qqizinchidan, urbanizasiya jarayonlarini jadallashtirgan holda, hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish kerak.

Ana shu ishlar doirasida 7 ta yirik shahar – Andijon, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Farg’ona, Namangan, Nukusga tutash bo’lgan 12 ta yo’ldosh shaharcha tanlab olinib, ularni rivojlantirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Ana shu vazifa bilan bog’liq yana bir masala shuki, asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o’rinlari yaratilayotgan hududlarimiz o’rtasida tafovut mavjud. Buning yechimi – ichki migrasiyani erkinlashtirishdan iborat.

Shu bois, parlament va hukumat 2020 yil 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilish bo’yicha xalqaro tajribani o’rganib, aniq takliflarni ishlab chiqishi lozim.

Uy-joy qurilishiga xususiy sektorni faol jalb qilmasdan turib, aholining uy-joyga bo’lgan talabini to’liq ta’minlash mumkin emas. Shu sababli yangi ipoteka tizimi joriy etilmoqda.

Bu borada viloyatlardagi shaharlar va Toshkent shahrida 18 mingga yaqin hamda qishloqlarda 4 mingta uy-joy xususiy sektor tomonidan quriladi. Davlat, banklar o’rtasida sog’lom raqobatni ta’minlash maqsadida ularga qariyb 4 trillion so’m mablag’larni auksionlar orqali ajratadi.

Kam ta’minlangan aholini qo’llab-quvvatlash maqsadida shaharlarda 16 ming oilaga uy-joy olish uchun boshlang’ich badal va kredit foizini qoplashga byudjetdan 1 trillion so’m subsidiya ajratiladi.

Mening eng katta niyatim shuki, Vatanimiz ichra har bir inson o’zining “kichik vatani”ga – uy-joyiga ega bo’lsa, bizdan xalqimiz ham, Yaratgan ham rozi bo’ladi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Oxirgi uch yilda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida, xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash bo’yicha olib borayotgan keng ko’lamli ijtimoiy islohotlarni davom ettiramiz. Buning uchun birinchi navbatda aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish – biz uchun bosh vazifalardan biri bo’lib qoladi.

Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligi sir emas. Har qanday mamlakatda bo’lgani kabi bizda ham kam ta’minlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga ko’ra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu o’rinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda.

Ba’zi odamlar ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini to’lash yoki ularning miqdorini oshirish orqali ushbu muammoni hal etish mumkin, deb o’ylaydi. Bu – bir tomonlama yondashuv bo’lib, muammoni to’la yechish imkonini bermaydi.

Kambag’allikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uyg’otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to’liq ro’yobga chiqarish, yangi ish o’rinlari yaratish bo’yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, demakdir.

Shuning uchun Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga Kambag’allikni kamaytirish dasturini ishlab chiqishni taklif etaman. Bu borada xalqaro me’yorlar asosida chuqur o’rganishlar o’tkazib, kambag’allik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash usullarini qamrab olgan yangi metodologiyani yaratish lozim.

Shuningdek, Farg’ona vodiysining 22 ta qishloq tumanida aholi o’rtasida zamonaviy ishbilarmonlik va biznes ko’nikmalarini shakllantirish bo’yicha boshlangan ijobiy tajribani barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etishimiz kerak.

Joylardagi ijtimoiy muammolarni hal etishga oid tadbirkorlik tashabbuslarini, ayniqsa, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo’llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berish zarur. Shu maqsadda aholi va tadbirkorlarga, mikromoliya xizmatlari va moliyaviy resurslarga, davlat xaridlariga keng yo’l ochib beriladi. Bunday choralar orqali odamlarimizda tadbirkor bo’lishga ishtiyoq va ishonch ortadi, ular ko’proq daromad olishga intiladigan bo’ladi.

Shu bilan birga, hamma ham tadbirkor bo’la olmaydi. Shu sababli bunday odamlar bilan tizimli ish olib borib, ularni kasbga qayta tayyorlash orqali ularni munosib ish joyi bilan ta’minlash lozim. Ushbu maqsadlar uchun 700 million dollar jalb qilinadi.

Biz yangi ish o’rinlarini yaratadigan tadbirkorlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlashimiz, ta’bir joiz bo’lsa, ularni yelkamizda ko’tarishimiz kerak.

Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda ijtimoiy tadbirkorlik asoslari va uni rag’batlantirish choralari to’g’risida tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish topshiriladi. Shuningdek, hukumat joriy yilda davlat dasturlari doirasida hamda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 500 mingta yangi ish o’rni yaratishni ta’minlashi zarur.

Shu munosabat bilan bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman, har bir tarmoq, soha, viloyat va tumanda yaratilgan tadbirkorlik subyektlari va yangi ish o’rinlari, ana shu tuzilmalar rahbarlari faoliyatini baholashda eng asosiy mezon bo’ladi.

Yil davomida byudjet tizimi xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori inflyasiya darajasidan yuqori miqdorda oshiriladi.

Ijtimoiy nafaqa to’lashning mukammal tizimini joriy etish, jumladan, kam ta’minlangan oilalarga ko’mak ko’rsatish qamrovini kengaytirish, byudjet mablag’larining maqsadli sarflanishini ta’minlash zarur. Shuningdek, nafaqa tayinlashdagi mezonlarni qayta ko’rib chiqish va ularni belgilashda ochiq va adolatli tizim yaratish, bu borada mahallaning ishtirokini tanqidiy qayta ko’rib chiqish lozim. Umuman olganda, aholi ijtimoiy nafaqa bo’yicha bitta idoraga murojaat qilganidan keyin o’sha idoraning o’zi bir kunda hamma hujjatlarni tayyorlab, masalaning yechimini topishi kerak.

Fuqarolarimiz pensiyaga chiqishi uchun faqat pasporti bilan borib, murojaat qilishi kifoya bo’ladigan tizim yaratiladi. Buning uchun, birinchi navbatda, davlat arxivi tizimi elektron shaklga o’tkazilishi kerak.

Joriy yilda keksalar, jumladan, yolg’iz keksalar bilan ishlash, ularni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash bo’yicha yaxlit va ta’sirchan tizim yaratish zarur. Bu toifa uchun ajratilayotgan ijtimoiy to’lovlar miqdori ham qayta ko’rib chiqilishi kerak.

“Mehribonlik uylari”da tarbiyalangan yoshlarning ijtimoiy moslashuvi, xususan, ularni ish bilan, kelajakda uy-joy bilan ta’minlash bo’yicha alohida dastur ishlab chiqish zarur. Chunki bunday farzandlarimiz ularning g’amxo’ri, mehriboni, ortidagi suyanchi davlat va jamiyat ekanini doimo qalbdan his qilib turishi shart.

Nogironlik, dafn marosimi, boquvchisini yo’qotganlik bo’yicha nafaqalar, ish paytida mayib bo’lganlik uchun tovon puli kabi to’lovlarni qayta ko’rib chiqib, “Ijtimoiy sug’urta to’g’risida”gi qonunni ishlab chiqish zarur.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Aholini ijtimoiy himoya qilish konsepsiyasini ishlab chiqishi, yuqorida qayd etilgan yo’nalishlar bo’yicha ustuvor vazifalarni belgilashi lozim.

Ikkinchidan, sog’liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish bo’yicha islohotlarimizni ham qat’iyat bilan davom ettiramiz.

Shifokorlarning jamiyatdagi o’rni va maqomini kuchaytirish, xalqimiz o’rtasida ularga nisbatan hurmatni oshirish, ushbu kasb egalari uchun munosib mehnat sharoiti yaratish va daromadini ko’paytirish bo’yicha amaliy chora-tadbirlar ko’rishimiz darkor.

Davlat tibbiyot tashkilotlari va aholini dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga o’tgan yilga nisbatan 1,3 barobar ko’p yoki qariyb 1,5 trillion so’m ajratiladi. 281 ta tibbiyot muassasasini qurish va ta’mirlashga byudjetdan 1,1 trillion so’m sarflanadi. Shuningdek, 17 ta ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot muassasasini boshqarishda zamonaviy menejment mexanizmlarini joriy etish zarur.

Davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy tibbiyotni yanada rivojlantirish, sog’lom raqobatni kuchaytirish, birinchi navbatda, ixtisoslashgan tibbiyot markazlariga xorijiy investorlarni jalb etish choralarini ko’rish darkor.

Gematologik va virusologik yordam sifatini oshirish, bu turdagi davolash qiyin bo’lgan bemorlarga tibbiy xizmat ko’rsatishni tubdan isloh etishning vaqti keldi.

Qon va virusli kasalliklarni barvaqt aniqlash, davolash uchun malakali gematolog, virusolog va immunolog tayyorlash, dori-darmon va tibbiyot texnikasi uchun mablag’larni ko’paytirishimiz kerak.

Ixtisoslashgan markazlar va ularning filiallarida, shuningdek, Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida shu yil elektron tibbiy kartalarni joriy etish darkor.

Sog’liqni saqlash sohasini moliyalashtirishni tubdan isloh qilish maqsadida bu yil majburiy tibbiy sug’urtaga oid qonunlarni qabul qilish va ularni amalga oshirish bo’yicha barcha tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish lozim.

Ushbu tizimni joriy yilda Sirdaryo viloyatida tajriba sifatida qo’llash boshlanadi.

Dori vositalari harakatini nazorat qilish, kontrafakt mahsulotlar aylanishiga chek qo’yish va dorilarning real narxini onlayn tartibida kuzatib borish tizimini yaratish ham dolzarb vazifadir.

Uchinchidan, biz bu yil xotin-qizlar va yoshlarni qo’llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko’taramiz.

2020 yilda 5,5 ming nafar xotin-qizning kichik biznes yo’nalishidagi loyihalariga 100 milliard so’m miqdorida imtiyozli kredit beriladi. Buning uchun banklarga davlat byudjetidan resurs ajratamiz. Bundan tashqari, 1 ming 576 nafar xotin-qizga yangi uy-joylarga ega bo’lishi uchun byudjet hisobidan boshlang’ich badal to’lab beriladi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj opa-singillarimizni Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida 5 ta muhim tashabbus doirasida qisqa o’quv kurslarida o’qitish tashkil etiladi.

Mamlakatimizdagi tub o’zgarishlar, yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishni kun tartibiga qo’ymoqda. Yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholash bo’yicha yagona ko’rsatkichlar ishlab chiqish, yoshlar siyosatini baholash milliy indeksini joriy etish kerak.

O’zbekiston Yoshlar ittifoqi “O’zbekiston yoshlari – 2025” konsepsiyasini ishlab chiqishi, unda ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni voyaga yetkazishning amaliy chora-tadbirlari belgilanishi zarur.

Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashda hyech kim chetda turmasligi, “O’z bolangizni, o’z uyingizni, o’z Vataningizni ko’z qorachig’idek asrang!” degan shior odamlarimiz qalbidan chuqur joy olishi kerak.

Jamiyatimizda aholi, ayniqsa, yosh yigit-qizlarimizning ma’naviy va ma’rifiy saviyasini doimiy yuksaltirish – birinchi darajali ahamiyatga egadir.

Shu bois, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan dasturiy g’oya asosida, yoshlarni ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda tashabbuskorlik, fidoyilik, axloqiy fazilatlarni shakllantirish – o’ta sharafli vazifadir.

Yoshlar bo’yicha Qoraqalpog’iston Respublikasidan boshlangan yangi tashabbusimizni butun mamlakatimiz bo’yicha amalga oshiramiz. Men viloyat rahbarlarini, joylardagi barcha jamoatchilikni ushbu masalaga jiddiy e’tibor berishga chaqiraman.

To’rtinchidan, aholi o’rtasida sog’lom turmush tarzini keng qaror toptirish kerak.

Bu borada hududlarda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz uchun yangi ommaviy sport obyektlarini qurish zarur. Bu yil 269 ta futbol, voleybol, basketbol va badminton maydonlari, 178 ta boks, kurash, fitnes va gimnastika sport zallari, 32 ta tennis korti qurish bo’yicha salkam 500 milliard so’mlik loyihalar amalga oshiriladi.

Yoshlar orasida iqtidorli sportchilarni seleksiya qilishning “tashkilot – tuman (shahar) – hudud – respublika” bosqichlaridan iborat to’rt bosqichli tizimi joriy etiladi.

Bu yil Tokioda bo’lib o’tadigan Olimpiya va Paralimpiya o’yinlarida sportchilarimiz munosib ishtirok etishi uchun hukumat va Milliy olimpiya qo’mitasi barcha sharoitlarni yaratishlari zarur.

Beshinchidan, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik holatni yaxshilashga e’tiborni kuchaytirishimiz kerak.

Avvalo, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo’yicha boshlagan misli ko’rilmagan ishlarimizni davom ettirib, dengizning qurigan tubida o’rmonzorlarni kengaytirish, Nukus, Urganch va Xiva shaharlari atrofida “yashil belbog’”lar barpo etishimiz lozim.

Ishlab chiqarish jarayonini ekologik nazorat qilish tizimini takomillashtirish, ekologik audit o’tkazish tartibini qayta ko’rib chiqib, xususiy auditorlik faoliyatini jonlantirish ham muhim vazifadir.

Hukumat sanoat rivojining ekologiyaga ta’sirining oldini olish bo’yicha 2025 yilgacha mo’ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin. Shuningdek, nufuzli xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda, joriy yil 1 oktyabrga qadar Ekologiya kodeksi loyihasini ishlab chiqishi lozim.

&n