Manzil: 140104, O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy

Qaydasan Mo’ynoq? Samarqand Davlat universiteti talabalari Orolbo’yiga bordi

img

Samarqand Davlat universiteti yoshlar ittifoqi boshlang’ich tashkiloti yetakchilari hamda bir guruh faol talabalar Qoraqalpog’istonning Mo’ynoq tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishish maqsadida Orolbo’yida bo’lishdi.

Samarqand Davlat universiteti talabalari Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyev tashabbusi, sa’y-harakati bilan ekologik ahvoli og’ir bu hududda amalga oshirilayotgan o’zgarishlarga, zamonaviy infratuzilma yaratilayotganligiga bevosita guvoh bo’ldilar. Qisqa bir muddatda betakror inshootlar, sport komplekslari,  umumta’lim maktablari, savdo va madaniy-maishiy binolar, yoshlar mehnat guzarlari, “Nuroniylar maskani”, maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etilishi bilan mahalliy aholiga ko’plab qulayliklar  yaratilgani,   bu yerda ekologik vaziyatni yaxshilash, yashash va mehnat qilish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida katta ishlarni amalga oshirayotgan aholining yakdil, birdamligini ko’rishdi.

Orolbo’yida  minglab gektar maydonlarga cho’l giyohlari, saksovul va iqlimga mos, chidamli nihollar ekilmoqda. Orol dengizining qurigan tuzli hududida iqlimbop qandim, cherkes singari o’simliklar qadalib, tuzli chang-to’zon ko’chishining oldi olinyapti. Qum barxanlari ko’chishining, tuzlanishning shashti pasaytirilmoqda. Bunga talabalar ham o’z hissasini qo’shishdi.

Universitetning 15 nafar talabasi 2 gektar maydonda sho’r yerni kovlab, saksovul ekdi. SamDU yoshlari o’tgan yili ham professor-o’qituvchilar va talabalar bilan Orolbo’yiga borib, ilmiy izlanishlar olib borishdi buta va daraxt ko’chatlari  ekkandi. Bu an’ana bu yil ham davom ettirildi. Zero, Vatanimizning har bir qarich yeri uchun barchamiz birdek mas’ulmiz va uning gullab yashnashiga o’z hissamizni qo’shishimiz lozim.

.