Manzil: 140104, O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy

Qo'shma ta'lim dasturlari doirasidagi ilk magistrlar Rossiyaning nufuzli universitetiga o'qishga yuborildi

img

Samarqand davlat universitetining yangi tashkil etilgan Xalqaro ta'lim dasturlari fakulteti nufuzli xorijiy universitetlar bilan qo'shma ta'lim dasturlari doirasidagi faoliyatini samarali olib bormoqda.

2019-2020-o'quv yilida fakultetning magistratura mutaxassisliklariga iqtisodiyotimiz uchun noyob bo'lgan 4 ta yo'nalishlar bo'yicha jami 22 nafar talabalar o'qishga qabul qilingan. Mazkur zamonaviy yo'nalishlarning biri, ya'ni “Mexatronika va robototexnika” magistratura mutaxassisligi Rossiya Federatsiyasining nufuzli oliy dargohlaridan biri “STANKIN” Moskva davlat texnologiyalar universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ushbu yo'nalishga qabul qilingan 7 nafar magistrlarimiz o'qishning birinchi semestrini universitetimizda tamomlab, “STANKIN” Moskva davlat texnologiyalar universitetida o'qishni davom ettirish uchun yo'l olishdi.

Hozirda talabalarimiz ushbu xorijiy universitetda tashkil etilgan o'quv jarayonlarida faol qatnashib, mutaxassisliklari bo'yicha zamonaviy bilim va ko'nikmalarni egallashmoqda. Talabalar ushbu universitetda 3 semestr davomida o'qishni muvaffaqiyatli tugatganlaridan so'ng ikki davlat nufuzli universitetlarining qo'sh diplomi sohiblari bo'lishadi.

Eng muhimi, magistrlarimiz ushbu nufuzli universitetda o'qishni tugatganlaridan so'ng mexatronika va robototexnika sohasida mamlakatimiz rivoji uchun xizmat qiladigan etuk va zamonaviy bilimlarga ega bo'lgan mutaxassislar bo'lib etishadi.