Samarqand davlat universitetiga 1420 yilda asos solingan

Abiturientlarning ota-onalariga murojaat

img

               Hurmatli ota-onalar!

        Farzandingiz oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lish arafasida turgan shu kunlarda o‘g‘il-qizingizni o‘qishga kiritib qo‘yishga va’da beruvchi firibgarlarning aldoviga uchmang!

Yashirib nima qildik, shu kunlarda o‘qishga kiritib qo‘yish uchun pora so‘rovchi “uddaburonlar” faollashib qoldi. Ular sizning ishonchingizga kirishdan, aldab-suldab pulingizni olishdan toymaydi. Ayanchlisi, hali-hanuz oramizda “test yoki ijodiy imtihoni mavjud yo‘nalishlarga pora evaziga o‘qishga kirsa bo‘lar ekan” deya, chuchvarani xom sanab yurganlar ham topiladi...

Samarqand Davlat universiteti ma’muriyati qabul jarayonida shaffoflikni ta’minlash, pora yoki tanish-bilish orqali o‘qishga kirishga barham berish maqsadida qator tadbirlarni amalga oshirdi va oshirmoqda:

Birinchidan, universitetning birorta professor-o‘qituvchisi yoki xodimi ijodiy imtihonda ishtirok etmaydi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘iga ko‘ra, imtihonlar respublikamizning boshqa oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tarkibidan tuzilgan maxsus komissiya tomonidan qabul qilinadi.

Ikkinchidan, kirish imtihonlarida keng jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi. “Mahalla” va “Nuroniy” jamg‘armalari, deputatlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari imtihonlarda bevosita qatnashib, mazkur jarayonlarning adolat tamoyillari asosida o‘tishini ta’minlab beradilar.

Uchinchidan, alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga imtihon jarayoni to‘liq videokuzatuvga olinadi. Videoyozuvlar saqlab qo‘yiladi.

To‘rtinchidan, abiturient imtihon o‘tadigan joyga bir kunga kelib ketadi, kasbiy (ijodiy) imtihon mavjud bo‘lsa, uni bir soatda topshiradi.

Muxtasar qilib aytganda, firibgarlarning va ularga ishonib o‘qishga kirmoqchi bo‘lganlarning yo‘li butunlay to‘siladi.

Muhtaram ota-onalar!

Barchamiz birgalikda yoshlarimiz kelajagi – shu orqali jonajon yurtimiz ertasi uchun mas’ul ekanligimizni unutmaylik. Bugun jamiyatimizning barcha jabhalarida korrupsiyaga qarshi keskin kurash bormoqda. Qing‘ir yo‘llar bilan o‘qishga kirgan talabadan kelgusida yaxshi mutaxassis chiqadi deb, xomtama bo‘lmang. Pora olish ham, pora berish ham jinoyat ekanligini unutmang. Jamiyatni, davlatni ich-ichidan kemiruvchi bu illatga barham berishda Siz ham ongli tarzda o‘z hissangizni qo‘shing!

Rustam Xalmurodov,

Samarqand davlat universiteti rektori