Eduard Yakubov professor, Xolon texnologiya instituti prezidenti: (Isroil)

img

- Samarqand davlat universitetining Ulugʼbek oliy madrasasi vorisi sifatida eʼtirof etilishi nafaqat Samarqand yoki Oʼzbekiston uchun balki Isroil uchun ham juda muhimdir.

Biz Samarqand davlat universitetining 600 yillik yubileyi oʼtkazilishidan juda xursandmiz. Tarixdan maʼlumki Oʼzbekistonlik olimlar Beruniy, Аl-Xorazmiy, Ibn-Sino, Аl-Koshi, Аl-Farobiy va albatta Mirzo Ulugʼbeklar ilmiy merosi dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa boʼlib qoʼshilgan.

1420 yil 21 sentyabrda Ulugʼbek madrasasi ish boshlagan boʼlsa, demak oʼsha sanada SamDUning ham tamal toshi qoʼyilgandir. 1420 yil Markaziy Osiyoda ilk universitet, Mirzo Ulugʼbek universiteti yaratildi va bugungi kungacha faoliyat koʼrsatib kelmoqda. Mazkur dorilfunun tizimida bir necha yoʼnalishlarda tabiiy va aniq fanlardan darslar tashkil qilingan, madrasada taʼlim olish uchun eng iqtidorli yoshlar tanlangan va ularga dars berish uchun tajribali mudarrislar jalb qilingan. Yozma manbalar asosida shuni taʼkidlash kerakki Mirzo Ulugʼbek mazkur madrasada oʼzi ham dars oʼtgan, tadqiqot olib borgan. Mirzo Ulugʼbek asos solgan oliy madrasaning mintaqadagi boshqa madrasalardan eng katta farqi undagi nazariy bilimlar amaliy mashgʼulotlar bilan hamhongligidadir. Madrasa mudarrislari oʼz navbatida Samarqand rasadxonasida faoliyat olib borib ilm toliblarini yaʼni madrasa talabalarini ilmiy faoliyatga ham yoʼnaltirganlar.

Koʼrinib turibdiki, ilk oʼrta asrlar davrida Mirzo Ulugʼbek nazariy bilimlar amaliy faoliyat bilan chambarchas bogʼliqligini anglab yetgan. Masalaning eng ahamiyatli tomoni shundaki mazkur uslubga bugungi kunda ham rivojlangan davlatlar universitetlarida amal qilinmoqda.

Tarixiy ildizlari ilk oʼrta asrlarga borib taqaladigan tarqalgan Samarqand davlat universiteti nafaqat Oʼzbekistonda balki Oʼrta Osiyoda ham eng nufuzli universitetlardan biridir. Boy akademik tarixga ega universitet jahonning bir nechta nufuzli universitetlari etiborini qozongan. Universitet professor-oʼqituvchilari 100dan ortiq hamkorlik shartnomalari doirasida taʼlim, ilm va maʼnaviy-maʼrifiy mavzularda hamkorlik loyihalarida qatnashmoqda.

Bizning hamkorlikdagi ishlarimiz, almashinuv dasturlari, tadqiqot dasturlari hamda informatika yoʼnalishidagi qoʼshma diplom berish amaliyotini boshlaganligimiz – bu boshlanishi. Biz kelgusi avlodlarga zamin yaratib hamkorligimizni yanada rivojlantiraveramiz. Men oʼylaymanki Samarqand davlat universitetining kelajagi buyuk boʼladi hamda yana bu dargohdan Mirzo Ulugʼbeklar, Beruniylar, Аl-Xorazmiylar yetishib chiqadi.