Samarqand davlat universiteti professori, O‘zbekiston xalq artisti Abdurashid Ergashev 80 yoshga to‘ldi

img

Samarqand davlat universitetida san’atshunoslik fakulteti musiqa ta’limi kafedrasi professori Abdurashid Ergashevning ijodiy kechasi bo‘lib o‘tdi. 
Abdurashid Ergashevga Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning tabrigini viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Botirjon Nurullayev o‘qib eshittirdi.
Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi, professor Rustam Xolmurodov taniqli olimning ko‘p yillik mehnatini alohida ta’kidlab, esdalik sovg‘alari topshirdi. 
Isroil Xayriyev, SamDU san’atshunoslik fakulteti dekani, dotsent:
- Abdurashid Ergashevning Samarqand davlat universitetida uzoq yillardan buyon olib borayotgan faoliyati e’tiborga, e’tirofga sazovor. Ustoz bugungacha ko‘plab opera san’ati vakillarini yetishtirdi. U kishi yaratgan “Samarqand” qo‘shig‘i Samarqand shahrining madhiyasiga aylangan.
Durdona Ahmedova, SamDU san’atshunoslik fakulteti, 2-kurs talabasi:
- Ustoz san’atimiz, musiqamiz xazinasidir. Biz yoshlarni u kishidan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan juda ko‘p fazilatlar mavjud. Kuni kecha Bo‘zatovda bo‘lib o‘tgan tanlovda faxrli 3-o‘rinni egalladim! Bu yutug‘imda ham ustozimning xizmati bor. 

Shuningdek, tadbirning badiiy qismiga navbat berilib, san’atshunoslik fakulteti jamoasi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. 

Otabek SA'DULLAYEV,
SamDU Axborot xizmati xodimi. 
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar