Hurmatli abituriyentlar!

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qaroriga 1-Ilova tarzida keltirilgan “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o’qishga qabul qilish tartibi to’g’risida”gi Nizomning I-bobi, 4-qismi, 5-bandida “Abituriyent chet tillar sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan biri bo’yicha test sinovi topshiradi. Abituriyent o’qigan chet tilidan qat’iy nazar, xohlagan (ingliz, nemis, fransuz) chet tilidan test topshirishi mumkin” va 6-bandida “Agar umumiy o’rta ta’lim (11-sinf negizida), o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasida ingliz, nemis yoki fransuz tillari o’tilmasdan boshqa chet tillari o’qitilgan holda, shu chet tilidan test sinovi o’rniga ko’p balli tizim bo’yicha imtihon topshiriladi” – degan huquqiy normalar keltirilgan.

Joriy va so’nggi 2 yil qabul komissiyasi faoliyatida abituriyentlar tomonidan hujjatlarni Online ro’yxatdan o’tkazish jarayonida yuqorida keltirilgan huquqiy norma talablariga zid ravishda chet tili sifatida xitoy, koreys, yapon, turk va boshqa tillari belgilanishi kuzatilmoqda.

Yuqoridagilarga ko’ra, Siz, joriy yilning 20 iyul kuni, ya’ni abituriyentlarning hujjatlarini ro’yxatdan o’tkazish jarayoni tugagunga qadar tanlagan chet (xitoy, koreys, yapon, turk, fors, arab va b.) tillarini qayta tahrirlash yo’li o’zingiz o’qigan chet tiliga o’zgartirishingiz mumkin.

Aks holda, ya’ni ko’rsatilgan chet (xitoy, koreys, yapon, turk, fors, arab va b.)  tillari bo’yicha abituriyentning attestati yoki diplomida tegishli baho bo’lmasa, o’sha abituriyent nomi yuqorida keltirilgan Nizom talablariga asosan chet tili bo’yicha o’tkaziladigan ijodiy imtihonlardan chetlashtiriladi. Imtihondan chetlashtirilgan abituriyentlar test sinovlariga qo’yilmaydilar.

Chet tili bo’yicha ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlar imtihon kuni o’zlari bilan attestat yoki diplom (ilova) larini olib kelishlari shart bo’ladi.

Chet tili bo’yicha Ijodiy imtihonlar jadvali Samarqand davlat universitetining www.samdu.uz rasmiy saytida e’lon qilinadi.

 

SamDU Qabul komiissiyasi