Manzil: 140104, O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy


Samarqand davlat universisteti rektori prof. R.I.Xalmuradov

Samarqand davlat universiteti nafaqat O’zbekistonda, jahonning ko’plab mamlakatlarida ham mashxur qadimiy va mumtoz oliy ta’lim muassasasidir. Oliy ta’lim muassasamizning rasman tashkil topishi 1927 yil bilan belgilansada, uning shakllanishi va oliy ta’lim maqomiga ega bo’lishi ilm-fan va ta’lim, san’at va madaniyat durdonalari, arxitektura-qurilish inshootlari bilan jahonga mashhur bo’lgan Temuriylar davri, xususan, Ulug’bek akademiyasining boy tarixi va yutuqlari bilan uzviy bog’liq.

Mirzo Ulug’bek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, G’iyosiddin Koshiy, Alisher Navoiy, Abduraxmon Jomiy kabi buyuk avlodlarimiz Samarqandda ma’rifat va madaniyatni yuksaltirgan va jahon tamadduni tamal toshlari qo’yganliklari, ularning boy meroslari asosida bugungi oliy ta’lim muassasalari tashkil topganidan g’ururlanamiz. Ana shunday oliy ta’lim muassasalaridan biri - Samarqand davlat universiteta o’zining uzoq yillik faoliyati davrida O’zbekistonimiz xalq xo’jaligiga minglab mutaxassislar va oliy malakali kadrlar tayyorlab berdi.

Samarqand davlat universiteti 1927 yil 22 yanvarda O’zbekiston Hukumati qarori bilan Oliy pedagogika instituti nomi bilan tashkil qilingan (1927-1933), 1930 yili O’zbekiston davlat pedagogika akademiyasiga (1930- 1933) va 1933 yilda esa O’zbekiston davlat univereitetiga (1933-1941) aylantirilgan, 1941-1944 yillarda ikkinchi jahon urushi munosabati bilan O’zbekiston davlat universiteti O’rta Osiyo universiteti tarkibiga kiritilgan (xozirgi O’zbekiston Milliy universiteti), 1944 yilda O’zbekiston davlat universiteti qayta tiklandi (1944- 1960), 1960 yildan boshlab O’zbekiston davlat universiteti Samarqand davlat universiteti deb atalib kelmoqda.

Bugungi kunda Samarqand davlat universitetining 14 ta fakultet va 63 ta kafedralarida 34 ta ta’lim yunalishi va 40 ta magistratura mutaxassisligi bo’yicha 13000 ga yaqin talabalar tahsil olmoqda. Ularga 800 dan ortiq professor-o’qituvchilar, jumladan, 3 nafar O’zFA akademiklari, 81 nafar fan doktorlari va 311 nafar fan nomzodlari ta’lim berishmoqda. 40 dan ortiq mutaxassisliklar bo’yicha falsafa doktori (Phd) va fan doktorligi (DSc) doktoranturalari, ularni ximoyasini o’tkazuvchi 9 ta ilmiy kengashlar faoliyat yuritmoqda.

Universiteti tarkibida 3 mln. dan ortik ilmiy va o’quv adabiyotlari, jumladan, 15 000ga yaqin nodir kitob va sharq qo’lyozmalari mavjud bo’lgan kutubxona hamda 3 ta akademik lisey, 4 ta muzey, 1ta oranjereya, 2ta noyob qurilma faoliyat yuritmokda.

Ta’lim-tarbiya jarayonini muntazam ishlashini ta’minlash maqsadida “Samarqand Davlat universiteti ilmiy axborotnomasi” ilmiy-uslubiy jurnali va “Samarqand universiteti” gazetasi davriy ravishda chop etilmoqda, o’quv va ilmiy adabiyotlarni taxrir va nashr qiluvchi bosmaxona ishlab turibdi.

Mustaqillik yillarida universitet talabalaridan 19 nafari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidagi davlat stipediyalari, 98 nafari esa atoqli shaxslar nomidagi davlat stipendiyalarini, 9 nafar talaba esa “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti olishga sazovor bo’lishgan. 7 nafar talabalarimiz jahon chempioni, 57 nafar talabalar Osiyo chempioni, 170 nafardan ortiq talabalar O’zbekiston chempioni, 300 nafardan ortiq talabalar universiada chempioni va sovrindorlari bo’lishgan.

Universitet professor-o’qituvchilardan 1 nafari “Buyuk xizmatlari uchun”, 5 nafari “El -yurt xurmati”, 5 nafari “Mexnat shuxrati” ordenlari, 3 nafari “Shuxrat” medali bilan taqdirlangan, 3 nafari “O’zbekiston Fan arbobi” va 6 nafari “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan yoshlar murabbiysi” unvonlarini olishgan.

Samarqand davlat universiteti O’zbekistonda ta’lim va ilm-fan soxalarida olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi, ta’lim-tarbiya jarayonini uyg’unlashtirish, tayyorlanadigan mutaxassis kadrlarning raqobatbardoshligini oshirish, ilg’or pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, ilmiy tadqiqotlarni ustivorligi va dolzarbligini ta’minlash ishlarida tashabbuskorlik ko’rsatayotgan maskandir.