O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Samarqand shahridagi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘ldi. Tadbirda Samarqand viloyat, shahar hokimligi, oliy ta’lim, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim muassasalari va bir qator tashkilotlar vakillari qatnashdi. 

      - Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi, tili yashar ekan u millat boshqa millatlar orasida o‘z nufuzi, martabasiga ega bo‘ladi. Har bir xalqqa o‘z tili aziz va ardoqli, - deydi Samarqand davlat universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti, Baxtiyor Xolmuhammedov. – Yurtimizda o‘zbek tili bayrami keng miqiyosda nishonlanmoqda. Bugun O‘zbek tili - Davlat tili sifatida qabul qilinganligiga 32 yil bo‘ldi. Ona tilimizni asrash nafaqat o‘qituvchilarning, balki har bir insonning burchidir… Buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniy aytganidek: “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak, millatning ruhini yo‘qotmakdur”. Dunyoda olti mingdan ortiq til mavjud bo‘lsa, shundan yuzga yaqin davlat, til maqomiga ega. Biz uchun mustaqillikdan oldin, davlat tili maqomini olish katta baxtdir… Bu mehnat samarasini avlodlarga yetkazish bizning vazifamizdir. 

      - Inson ona Vatan tushunchasini ilk bor Ona tilida anglaydi. Qalbiga tinchlik va xotirjamlik bag‘ishlovchi allani ana shu tilda eshitadi. Shuning uchun ham til, millat, Vatan tushunchalari doimo yonma-yon turadi, - deydi Ixtiyor Yoqubov. – Keyingi yillarda xorijiy mamlakartlarda o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kuchayib bormoqda. Ayniqsa, Turkiya davlatida o‘zbek tiliga qiziqish nihoyatda katta. Men 2018-yildan buyon Mugla Sitki Kochman universitetida faoliyat olib boraman. Universitetning 50 ming nafar talabasi mavjud. Aksariyat talabalarning o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishi katta ekanligini sezib, quvondim. Turk tili va adabiyoti fakulteti talabalariga o‘zbek tilidan dars o‘tdim. Shu narsaga amin bo‘ldimki, chet el fuqarolari uchun o‘zbek tili darsliklari   va elektron dasturlarini ishlab chiqish, maxsus kurslarni tashkil etish, o‘zbek tilini xalqaro miqiyosidagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Беҳруз ШАМСИДДИНОВ
Самарқанд давлат университети 
Ахборот хизмати ходими