Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston-Vengriya rektorlar forumi bo‘lib o‘tdi

img

Toshkentda 21-iyun kuni boshlangan O‘zbekiston-Vengriya rektorlar forumi 22-iyun kuni Samarqand davlat universitetida davom etdi.

Forumda Vengriya tomonidan nufuzli delegatsiya, Samarqand va atrof viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari, filial direktorlari ishtirok etdi.

Forumni Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi, professor Rustam Xolmurodov ochdi:

- Birinchi O‘zbekiston - Vengriya oliy o‘quv yurtlari rahbarlari forumi va uning ishtirokchilarini Samarqand davlat universitetida ko‘rish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim sohasini isloh qilishda asosiy e’tiborni xorij tajribasiga qaratish lozimligini ta’kidlagandi. Yevropa ta’lim standartlarini o‘rganish, tahlil qilish masalalari ham doimiy e’tibor markazimizda bo‘lishi zarur.

Ta’lim, fan va texnika o‘rtasidagi bog‘liqlik bugungi oliy ta’lim dunyosining asosidir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining SamDUni rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorida universitetda bir qator filiallarni va yetakchi xorijiy universitetlarning qo‘shma institutlarini ochish g‘oyasi ilgari surilgan. Mazkur forum mana shu maqsadlarga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. 

O‘ylaymanki, nafaqat dunyoning yetakchi universitetlari bilan raqobatlasha oladigan, balki tez sur’atlar bilan o‘sib boruvchi va o‘zgaruvchan jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar ehtiyojlarini ta’minlay oladigan oliy o‘quv yurtlarini barpo etish istagi bugun barchamizni birlashtiradi...

Vengriya delegasiyasi rahbari, Vengriya Diplomatik akademiyasi va “Stipendium Hungarium” dasturi Davlat kotibi, fan doktori Orsoyo Pasai-Tomashich Vengriya oliy ta’lim muassasalarining bu forumdan ko‘plab maqsadlarni ko‘zda tutgani, bu ikki taraflama manfaatli bo‘lishini alohida ta’kidladi.

Forum doirasida jami 7 memorandum imzolanib, Samarqand davlat universiteti Vengriyaning 6 universiteti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi.

Debresen, Loranda Etvyosh nomidagi Budapesht, Zemelveys, Dunayvarosh, Shopron, Secheni Ishtvan universitetlari Samarqand davlat universitetining yangi hamkorlaridir.

- O‘zbekiston moʻtadil iqlimi, mehmondo‘st va ochiq ko‘ngilli xalqi bilan bizda ijobiy taassurot qoldirdi, - deydi Zemelveys universiteti rektori doktor Bela Merkey. – O‘ylaymanki, Samarqand o‘zining qadimiy ilmiy salohiyatini bugun ham namoyon etmoqda. Universitetimiz O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari, ayniqsa qadimiy ilm-ma’rifat markazi, Ulug‘bek oliy madrasasi vorisi Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor.

Ester Lukash, Secheni Ishtvan universiteti ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori:

- Bugun forumning ikkinchi kuni va biz Samarqanddamiz. Rektorlar forumi o‘zbek-venger hamkorligini yanada kengaytiradi. Ikki tarafni har jihatdan bir maqsad yo‘lida birlashtiradi. Shiddat bilan rivojlanib borayotgan O‘zbekiston va uning ta’lim tizimi bugun butun dunyo uchun qiziq. Xususan, universitetlarda Bolonya jarayoniga erishish muhiti tobora shakllanib, tezlashib bormoqda. O‘ylaymanki, yaqin yillarda O‘zbekiston ta’lim tizimidagi islohotlar o‘zining ijobiy natijasini beradi.

- O‘zbek hamda venger tillari qadim tarixdan bir oilaga – Oltoy tillar oilasiga mansub, - deydi “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti birinchi prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Jo‘liboy Eltazarov. – Vengriyalik olimlar o‘z vaqtida o‘zbek tiliga oid ko‘plab ilmiy ishlar, izlanishlar olib borishgan. Bu ikki xalq tili va madaniyatining bir-biriga yaqinligini anglatadi. Bugungi forum ikki taraflama hamkorlikning yangi, tarixiy bosqichini boshlab beradi.

 

Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati

Shavkat Akramov olgan suratlar