Samarqand davlat universitetida kasbiy-ijodiy imtihonlar davom etmoqda…

img

       Samarqand davlat universiteti rang-tasvir dastgohi kunduzgi ta’lim  yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.

      Imtihonning birinchi bosqichida abituriyentlar   portret chizishdi. Bunda dastur bo‘yicha belgilangan vaqt ikki soat-u qirq daqiqani tashkil etadi. Har bir abituriyent uchun dastgoh va chizish qurollari ajratilgan.

      Ikkinchi bosqichda abituriyentlar dastur asosida ijodiy mavzuda o‘zlarining kompozitsion bilimlarini sinovdan o‘tkazishadi. Abituriyentga erkin mavzu beriladi. Ular  bu bo‘yicha mahoratlarini namoyish etadi.

       Ijodiy imtihonni  shaffofligini  ta’minlash  uchun  Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti professori Aslidin  Kalonov, katta o‘qituvchi San’at Kenjaev, Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi Ibrohim Yo‘ldoshevlar taklif etilgan.

    -Ijodiy imtihonlarda abituriyentlar uchun barcha imkoniyatlar mujassam,- deydi komissiya raisi, professor Aslidin Kalonov. – Imtihon jarayonida ko‘rib turibmizki, iqtidorlilar talaygina. Ijodiy imtihon natijalari bugunning o‘zida e’lon qilinadi. 

     Kasbiy ijodiy imtihonlar shuningdek, Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filialida kurash sport ta’limi  yo‘nalishida ham bo‘lib o‘tmoqda. Unda abiturientlar turgan joyida yiqilish, o‘ng, chap, orqaga yiqilish, yelka, beldan, yengi va yoqasidan oshirib tashlash usullarida o‘z jismoniy mahoratlarini ko‘rsatishmoqda.

      -Ijodiy imtihonda ota-onalarning  vakili sifatida qatnashyapman, - deydi abiturientning otasi To‘lqin Anorov.- Bu yilgi jarayonlar har yilgisidan mutlaqo farq qiladi, chunki tekshiruvchilar, komissiya a’zolari boshqa oliy ta’lim muassasidan. Meni  quvontirgani shuki, kasbiy ijodiy imtihon topshirgan har bir abiturientning natijasi shu paytning o‘zida baholanib, ma’lum qilinmoqda.

Behruz ShAMSIDDINOV,
SamDU Axborot xizmati xodimi
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar