Samarqand davlat universiteti Ilmiy-amaliy muzey-laboratoriyasi Xalqaro innovatsiya va texnologiyalar transfer markazi va Lyublin texnologiyalar universiteti (Polsha) bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqda

img

      O‘zbekistonda ilk bor Samarqand davlat universiteti va Polsha akademik milliy agentligi tomonidan  "3D raqamli Ipak yo‘li" (NAWA) loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida Lyublin texnologiyalar universiteti (Polsha) bilan birgalikda “O‘zbekistonda Ipak yo‘li madaniy merosini 3D raqamli skanerlash”ga qaratilgan ilmiy-amaliy o‘quv smenari bo‘lib o‘tdi.

      Hamkorlik doirasida Samarqand davlat universiteti Ilmiy-amaliy muzey-laboratoriyasi  Xalqaro innovatsiya va texnologiyalar transferi markazi birgalikda universitetimizga Lyublin texnologiyalar universiteti tomonidan taqdim etilgan 3D NEO skanerida ishlash, foydalanish, qo‘llash, raqamlashtirish borasida bilim-ko‘nikmalar o‘rganildi.  

      Lyublin texnologiyalar universitetining bir qator o’qituvchilari, jumladan doktor Elżbieta Milos – loyiha menejeri, professor Jerzi Montusevich, Marek Milos, doktor Mariush Dzienkovski,  Marcin Barsch, Kshishtof Dziedichlar  “3D raqamli Ipak yo‘li" loyihasi doirasida Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurdi. Hamkorlar O‘zbekiston tarix davlat muzeyi,   Mirzo Ulug‘bek,  Tillakori madrasalarida bo‘lib, ARTEC EVA, FARO Focus S 360 skanerlari yordamida madrasalarning 3D modellarini yaratish uchun hamkorlikda skanerlash ishlari olib borildi.

      Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad bugungi kunda qadimiy obidalarimiz, arxeologik qazilma-boyliklarimizni butun dunyo mamlakatlariga tanishtirish, mamlakatimizga tashqi hamda ichki sayyohlar oqimini kengaytirish, turizmni rivojlantirishdir.

      Seminar so‘nggida ikki universitet o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Nodir ANVAROV,

Samarqand davlat universiteti

Xalqaro innovatsiya va texnologiyalar transferi markazi xodimi