Samarqand davlat universitetining talabalar turar joylarida yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan

img

      Universitetimizda bugungi kunda jami 5 ta yotoqxona mavjud bo‘lib, unda 1661 nafar talaba istiqomat qiladi.  

      Bundan tashqari, xususiy sheriklik asosida qurilgan yotoqxona ehtiyoj yuqoriligi bois bosqichma-bosqich foydalish uchun topshirilmoqda.

      Mashhura Bahodirova, Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi:

      - O‘zim Xorazmlikman. Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kirganimda yashash joyi muammo bo‘lishi mumkinligi haqidagi o‘y-xavotirlar meni va oila a’zolarimni tashvishga solgan edi. Lekin universitetga kelishimiz bilan men yotoqxonaga hech qanday muammosiz joylashdim. Ota-onam ham xotirjam bo‘ldi. Endi men bor diqqat-e’tiborimni o‘qishga qarataman.

      Aziza Turdiyeva, talaba:

      - Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kirganim mening katta yutuqlarimdan biri bo‘ldi. Hozir 5-sonli talabalar turar joyida istiqomat qilyapman. Barcha sharoitlar: issiq va sovuq suv, kir yuvish mashinalari, muzlatgichlar, umuman kerakli barcha sharoitlar mavjud. Hattoki yotoqxonaning o‘zida alohida kutubxona faoliyat yuritadi.

      Ma’lumot uchun, talabalarni to‘liq yotoqxona bilan qamrab olib bo‘lmasligini hisobga olgan holda ijarada turuvchi talabalar ijara haqining 50 foizi universitet tomonidan to‘lab berish tartibi ham ushbu o‘quv yilidan boshlab amalga oshadi.

Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.