Samarqand davlat universiteti kutubxonasi haqida nimalarni bilamiz?

img

      Samarqand davlat universiteti ilmiy axborot resurs markazi 1927-yilda tashkil topgan. Hozirda kutubxonada 3 millionga yaqin kitoblar mavjud. Ilmiy kitoblar 1 million; badiiy adabiyotlar 175 mingga yaqin; o‘quv qo‘llanmalar 625 ming; darslik 436 ming; qo‘lyozma, toshbosma 12 ming; chet tilidagi 10 mingni tashkil etadi.

      Samarqand davlat universitetida axborot-kutubxona faoliyatini kuchaytirish, axborot-resurs markazining o‘quv-uslubiy, texnik adabiyotlar, adabiy-badiiy, ma’rifiy va ilmiy-ommabop kitoblar bilan boyitish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

      - Kutubxonamizda 5 o‘quv zali faoliyat ko‘rsatadi, - deydi ilmiy axborot resurs markazi direktori Oliya Muxammadieva. – Talabalar va ilmiy tadqiqotchilarga qulaylik yaratish maqsadida kutubxonamizning elektron bazasini shakllantirmoqdamiz. Bugungacha 70 mingga yaqin o‘quv adabiyotlarini elektronlashtirilgan. 2022-yil dekabrga qadar ushbu jarayonni to‘liq yakunlashni maqsad qilganmiz. O‘tgan o‘quv yilida kitoblardan foydalanish uchun  900 ming marta murojaat kelib tushgan. Har o‘quv yilida yangi talabalar kutubxonamizdan foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tishadi. Keyingi yillarda kutubxonadan foydalanayotgan talabalar sonining oshib borishi barchamiz uchun quvonarli holatdir.

Behruz Shamsiddinov, 
Samarqand davlat universiteti 
Axborot xizmati xodimi. 
Shavkat Akramov olgan suratlar.