Saylov-demokratiya ko‘zgusi

img

      Samarqand davlat universitetining barcha fakultetlarida Saylov-demokratiya ko‘zgusi mavzusida davra suhbatlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida yoshlarga huquqiy ma’lumotlar yetkazish, ularning bu boradagi savodxonligini oshirish maqsadida tashkil etildi.

      Zebiniso Rahmonova, Samarqand davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori:

      - Hozir yurtimiz muhim siyosiy jarayon - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi arafasida turibdi. Joylarda nomzodlarning saylovoldi dasturlari keng targ‘ib qilinmoqda. Talabalarimizning huquq sohasidagi bilimlarini yanada kuchaytirish, ularda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish maqsadida universitetimizning yuridik fakulteti professor-o‘qituvchilari boshchiligida 12 kishidan iborat ishchi-guruh targ‘ibot tadbirlari o‘tkazmoqda. Ushbu tadbirlar barcha talabalarni qamrab olish uchun, dars mashg‘ulotlariga xalal bermagan holda 3 smenada tashkil etilmoqda. O‘ylaymanki, talabalarimiz o‘z kelajagi, yangi imkoniyat va istiqbollar uchun munosib nomzodga ovoz beradi va ushbu saylovda faol ishtirok etadi.

      Xususan, bugun ana shunday tadbirlardan biri fizika fakultetida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi dasturlari tanishtirib o‘tildi. Talaba-yoshlarga saylov qonunchiligi, ovoz berish tartibi kabi masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.

      Rustam Rajabov, fizika fakulteti dekani, dotsent:

      - Prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun talabarimizga qulay sharoit yaratish maqsadida saylov.uz  platformasi orqali uzoq viloyatlik talabalar o‘zlari istiqomat qiladigan hududga tegishli saylov uchastkasida ro‘yxatdan o‘tishi va saylov kuni ortiqcha ovoragarchiliksiz ishtirok etishi mumkin. Men kelgusi 5 yillikda yuqori sifatli ta’lim tizimi uchun, rivojlanayotgan O‘zbekistonimiz uchun munosib nomzodga ovoz beraman va barcha yoshlarimizni saylovda faol ishtirok etishga chaqiraman.

      Sayyora Bahriyeva, talaba:

      - Bugun universitetimizning professor-o‘qituvchilari bizga saylovga oid qiziqarli ma’lumotlar berishdi. Prezidentlik saylovida ilk marotaba ishtirok etaman. Mening ovozim yurtim kelajagi uchun muhim. Saylov jarayonida qatnashayotganimdan, fuqarolik burchimni bajarayotganligimdan xursandman. Men o‘z kelajagim, mamlakatimiz taraqqiyoti va farovonligi uchun munosib nomzodga ovoz beraman.

Behruz SHAMSIDDINOV
Samarqand davlat universiteti 
Axborot xizmati xodimi