Men ham o‘qishdagi uyga vazifalarni oxirgi haftaga taqab, keyin “yugurish”ni boshladim. Eng oxirgi kuni bir kursdoshim bilan umumiy xatolarini tekshirish uchun bir kafega keldik. Biz kelgan kafening plyus tomoni narxlar arzon, hamma o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatadi (ofitsiant “bir şey istiyor musunuz” deb bezovta qilmaydi), issiq (Anqaraning sovug‘ini shu kunlarda his qilyapman) va cheksiz WiFi. Bu yerda oqshom 10⁰⁰ gacha dars tayyorladik. Kafe har kuni oqshom 12⁰⁰gacha ishlar edi. Ammo negadir o‘sha kuni soat 10⁰⁰da yopilishini aytdi. Darsimiz hali tugamagan, nima qilishni bilmay noiloj u yerdan chiqdik. Tashqarida kamida -8, sovuuuqq. Piyoda Kizilaydagi biror kafega borishga qaror qildik. Har doim boradigan bir kafega kirib, nechida yopilishini so‘radik. 11⁰⁰gacha ishlashini aytdi. Majbur o‘tirdik. Kafeda bizdan boshqa hech kim yo‘q. Faqat bir stol narida bir odam choy ichib o‘tiribdi. Ofitsiant menyu olib keldi (xuddi biz ko‘p narsa oladiganday). Biz ham “tanlab-tanlab” choy olishga qaror qildik. Keyin kompyuterni ochib, vazifani davom ettirdik. Vaqt darrov 11⁰⁰ bo‘ldi. Kassadagi odam: “ - Kafeni yopamiz, to‘lov qiling”, – dedi. Vazifamiz bitmagan, noiloj to‘lov qildik. Keyin yana 5-10 daqiqa o‘tirib dars qilishga ruxsat so‘radik. Yonimizdagi stolda o‘tirgan odam bizni kuzatib o‘tirgan ekan. Kelib, “Men kafening egasiman, mayli siz xohlaganingizcha dars qiling, men ham talaba bo‘lganman, qorovul amaki shu yerda bo‘ladi”, – dedi. Yonimizda qorovul amaki ham bor edi. Boshliq gapini “to‘g‘riladi”: “Aslida qorovul emas, bu yerning egasi shu kishi” - deb qorovul amakining yelkasiga qoqib qo‘ydi. Biz rahmat aytib, ishimizda davom etdik. Qorovul amaki bizni choy bilan mehmon qildi (boshliq ketishida tayinlab ketdi chog‘i). Xullas 12⁰⁰ga yetmasdan vazifani tugatib, rahmat aytib chiqib ketdik. Bu kimlar uchun oddiy holatdir. Ammo biz uchun katta yordam bo‘ldi. Aynan biz uchun kafe 1 soat yopilmasdan turdi. Kafe egasiga qilgan yaxshiligi uchun Alloh ajrini bersin. Shunday sahovatli boylarni ko‘paytirsin.
Tayyorlagan uyga vazifamdan 100 balldan 90 ball oldim.

Muzaffar Habibullayev