“Taʼlim-tarbiya – bu bizning kelajagimiz, hayot-mamot masalasi. Shu bois, bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yo‘q.

    Qanchalik murakkab bo‘lmasin, maktab taʼlimida poydevorni bugundan mustahkam qo‘yishimiz kerak. Chunki biz ko‘p vaqt yo‘qotganmiz.

    Agar kimda-kim maktab bu faqat Xalq taʼlimi vazirligining ishi, deb o‘ylasa, mutlaqo yanglishadi.

    Maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar vazirlik va idoralar, tarmoq rahbarlari, barcha darajadagi hokimlar, ilmiy tashkilotlar, ziyolilar, keng jamoatchilikning vazifasi bo‘lishi shart va zarur. Shundagina kutilgan natijaga erishish mumkin", - dedi davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida.

    Davlatimiz rahbari maktab taʼlimi tizimidagi kamchilik va muammolarni sanab o‘tdi.

    Bugungi kunda respublika bo‘yicha 1 ming 695 ta maktab mukammal taʼmirga muhtojligi, hanuzgacha 179 ta paxsadan qurilgan maktab mavjudligi, 3 mingdan ziyod maktab uchun qo‘shimcha o‘quv binolari zarurligi tanqid qilindi.

    Bundan tashqari:

- yangi massivlar barpo etilishi, qishloq infratuzilmasi kengayishi va aholi o‘sishi natijasida yana 270 ta maktab qurishga ehtiyoj bor;

- hozirda 2,3 mingta maktabning sport zali mavjud emas;

- taʼlim sifati past bo‘lgan 84 ta maktabning birorta o‘quvchisi o‘tgan yili oliygohga kirmagan;

- maktab kutubxonalaridagi kitob fondi yillar davomida yangilanmagan;

-  milliy musiqa anjomlari atigi 615 ta maktabda mavjud.

    Shuningdek,

- tuman, viloyat va respublika darajasida Maktab taʼlimini isloh qilish kengashlari tuziladi;

- kelgusi besh yilda 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Ushbu maqsadlar uchun joriy yilning o‘zida 527 ta maktabni qurish va rekonstruksiya qilishga 2,5 trillion so‘m ajratildi. Bu mablag‘ yana-da ko‘paytiriladi;

- Yuqori malakali, o‘z ustida doimiy ishlaydigan muallimlar faoliyatini yangi yondashuvlar asosida qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratiladi. Ularning ish haqi ham sezilarli darajada oshiriladi;

- Bunday pedagoglarni faoliyatini keng qo‘llab-quvvatlash uchun Xalq taʼlimi vazirining jamg‘armasi tashkil etiladi va unga dastlab byudjetdan 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi;

- Yig‘ilishda oliy maʼlumotli pedagog kadrlarni oliygohlarda tayyorlash tizimi ham tubdan takomillashtirilishi taʼkidlandi. Buning uchun Toshkent shahridagi 5 ta hamda hududlardagi 17 ta pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliygohlarning fakultetlari doimiy tarzda maktablarga biriktiriladi. Bunda, 1-kursdanoq ushbu fakultetlardagi darslarning 4 kuni oliygohda, 2 kuni bevosita maktablarda o‘qitiladi;

- Joriy yilda darsliklarni yangilashga o‘tgan yilga nisbatan 4 barobar ko‘p -  605 milliard so‘m ajratilmoqda. Ushbu mablag‘lardan samarali foydalanib, joriy yilda 4 ta sinfning fan darsliklari hamda barcha sinflarda ingliz, rus, nemis tillari hamda IT fanlari bo‘yicha o‘quv darsliklarini to‘liq yangilashni taʼminlash topshirig‘i berildi. 

    Davlatimiz rahbari maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar, bugun muhokama qilingan vazifalar katta masʼuliyat talab etadigan murakkab jarayon ekanini taʼkidladi.

    Bu borada strategik yo‘nalishlarni to‘g‘ri belgilab olish o‘ta muhim vazifa hisoblanadi.

    Shu bois mutasaddilarga Jahon banki, YUNISEF, Osiyo taraqqiyot banki kabi nufuzli tashkilotlar va moliya institutlari bilan birga ishlab, aniq hisob-kitoblarni qilgan holda yil yakuniga qadar Maktab taʼlimini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi. Shu asosda Maktab taʼlimini rivojlantirish dasturi qabul qilinadi.

    Berilgan topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish uchun alohida shtab tuzilishi, unga barcha vazirlik va idoralarning mutasaddilari, tajribali va nufuzli pedagoglar, fan va jamoat arboblari kiritilishi belgilandi.