Milliy an’analarda aks etgan do‘stlik

Samarqand azal-azaldan millionlab xalqlarning mehri va hurmatini o‘ziga jalb qila olgan ko‘hna shahar. Bu mehr va hurmat bir necha asrlar silsilasida sayqal topib, yuksalib bormoqda. Universitet xiyobonida tashkil etilgan SHHTga a’zo mamlakatlar xalqlari milliy madaniyati aks etgan “SHHTga nigoh” madaniy-ma’rifiy dasturlari xalqlarni birlashtirib turgan do‘stlik rishtalarining o‘ziga xos ifodasi bo‘ldi. Rus, xitoy, qozoq, qirg‘iz, hind, pokiston va tojik kabi xalqlarning milliy madaniyat namunalari, kuy va raqslari namoyishi Samarqanddan turib yangrar ekan, bu xalqlarning abadiy do‘stligi, birdamlik va hamjihatlik aloqalari san’at vositasida yanada go‘zal ko‘rinishda namoyon bo‘ldi.
- Mana necha kundirki, xalqlarni o‘zaro do‘stlik va bahamjihatlik ruhida birlashtiradigan tarixiy lahzalarga guvoh bo‘lib turibmiz, - deydi Respublika tojik milliy madaniy markazi raisi Gulandon Subhanova. - Ko‘rgazmalarda aks etgan sof milliy an’analar, samimiy mehmondo‘stlik namunalari bugungi muhim kunlarda odamlarga o‘ziga xos bayramona kayfiyat baxsh etmoqda. O‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar azal-azaldan mavjud. Bu aloqalar madaniyat va an’analar uyg‘unligi, qon-qarindoshlik munosabatlari asosida turmushimizga singib ketgan. Biz ana shu do‘stlikni o‘ziga xos tarzda aks ettirib berayotganimizdan mamnunmiz.
- Bugungi tadbirlarda biz xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqin do‘stlik aloqalari, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan chiqishlar, milliy madaniyat, san’at hamda badiiy hunarmandchiligimizni aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tashkil etib, turli janrlardagi teatrlashtirilgan badiiy sahna ko‘rinishlari hamda konsert dasturlari bilan ishtirok etyapmiz - deydi O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi raisi Serikboy Usenov. – Bu kabi tadbirlar, o‘z navbatida, nafaqat SHHT ga a’zo davlatlar xalqlarining, balki butun Sharq va Gʻarb xalqlari o‘rtasidagi an’anaviy davom etib kelayotgan abadiy do‘stlik va hamkorlikning yangi bir sahifasi bo‘lib qolishiga aminmiz.
- Xitoy xalqining Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumladan qozoq, qirg‘iz, o‘zbek xalqlarining o‘zaro madaniy aloqalari Buyuk Ipak yo‘lining ko‘pasrlik tarixi bilan bog‘liq, - deydi xitoy milliy madaniy markazi raisi Dou Fenfu. - Ushbu ko‘hna aloqalar SHHT sammiti doirasida yana bir karra mustahkamlandi. Men shunday ulug‘ tarixiy voqeaga guvoh bo‘lib turganimdan nihoyatda mamnunman. Bugungi namoyishlarda Xitoy haqidagi fotoko‘rgazmalar, dekorativ amaliy san’at namunalarini tashkil qilish, turli millatlarga mansub yoshlarni Xitoyning ko‘pasrlik madaniy merosi bilan tanishtirish kabi tadbirlar va chiqishlarni taqdim etdik. O‘ylaymanki, ular har bir mehmonga manzur bo‘ldi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar