SamDU talabalari Buxoro safaridan qaytdi…

Samarqand davlat universiteti talabalari “O’zbekiston bo’ylab sayohat qil” dasturi asosidagi Buxorodagi safarini yakunlab, Samarqandga qaytib keldi. Turizm sayohati 4 kunlik dasturni o’z ichiga olib, Buxoro shahrining Ark Qo’rg’oni, Sitorai Mohi Xossa, Eski shahar - Labi Hovuz ansambli, Nodir devonbegi, Abdulazizxon, Mir Arab madrasalari, Minorai Kalon, Abdullaxon timi, Toqi-Zargaron, Toqi-Telpakfurushon, Toqi-Sarafon kabi tarixiy obidalar bilan tanishdi.
Shuningdek, “Yetti Pir” - Xoja Abdulxoliq ibn Abduljamil Gʻijduvoniy, Xoja Muhammad Orif Revgariy, Xoja Mahmud Anjirfag’naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy, Xoja Sayyid Amir Kulol, Xoja Bahouddin Naqshbandiylarni ziyorat qilishdi…
- Talabalik oltin davrim. SamDU inson resurslarini boshqarish fakultetining bitiruvchi kurs talabasiman, - deydi Maftunbek Norboyev. - Shu kungacha kursdoshlarimiz bilan koplab sayohat uyushtirganmiz. Lekin bu galgisi butunlay boshqacha va esda qolarli bo’ldi. Buxoro tarixi haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo’ldim. Haqiqatdan ham tirik tarix. Ayniqsa, “Yetti Pir” ni ziyorat qilgandan keyin, oilamni ham ziyoratga olib kelishga qaror qildim. Barcha tashkilotchilarga rahmat…
- Yurtimizda tarixiy obida va ziyoratgohlar ko’p. Har biriga borishni niyat qilganman, - deydi SamDU agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti talabasi No’monjon Jumayev. - Niyatim xolis ekan, Buxorodagi tarixiy maskan va qadamjolarni ziyorat qilish nasib qildi. Qoyil qolmasdan iloj yo’q…Ushbu sayohat uchun SamDU rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovga minnatdorlik bildiraman.
To’rt kun davom etgan sayohatdagi transport vositalari, shinam mehmonxona, sifatli oziq-ovqat va boshqa xarajatlar Samarqand davlat universiteti tomonidan qoplab berildi…
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar