Samarqand davlat universiteti SHHT ga a’zo davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda …

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti bugungi kunda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning bir qator oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlari bilan rasmiy hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.
SamDU tomonidan bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasining 7, Rossiya Federatsiyasining 40, Qozog‘istonning 7, Tojikistonning 3, Qirg‘izistonning 1 oliy ta’lim muassasalari bilan kelishuvga erishilgan, memorandum va shartnomalar imzolangan.
2021-2022-o‘quv yilida 67 nafar xorijiy fan arbobi, professor–o‘qituvchilar ta’lim jarayoniga jalb etildi. 40 nafarga yaqin mutaxassislar Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar oliy ta’lim muassasalari olimlari hamda mutaxassislaridan iborat bo‘lib, ular masofaviy va to‘g‘ridan–to‘g‘ri universitetimiz talabariga dars o‘tishdi.
Bundan tashqari, universitetda Xitoy hamda Rossiya ta’lim va madaniyat markazlari faoliyat yuritadi. Mazkur markazlar hamkor mamlakat universitetlari tomonidan zaruriy adabiyotlar va zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan.
Har qanday hamkorlik negizini avvalo, madaniy-gumanitar aloqalar shakllantirar ekan, ilm-ma’rifat yo‘lida bog‘langan bu kabi do‘stlik aloqalari zamonaviy ilm-fan taraqqiyotining barqaror sharti bo‘lishi shubhasiz.
Rustam Xolmurodov,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O'zbekiston Respublikasi fan arbobi.