“Mustahkam do‘stlik tinchlikning garovidir...”

Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida ilgari surilgan masalalar dunyo nigohini mamlakatimizga qaratgani, ko‘hna kentning xalqaro siyosat va iqtisodiyot markaziga aylangani biz uchun faxr-iftixordir.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik, keng qamrovli sheriklik aloqalari sammit doirasida yanada mustahkamlandi. Prezdentimiz Shavkat Mirziyoyevning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashida ilgari surgan uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik bo‘yicha takliflari aynan shu maqsadga qaratilgan.
Bu borada madaniy-gumanitar aloqalar hamkorlikning negizini tashkil qilishi ham ayni haqiqat. Tarixan Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘langan bu hududlar o‘rtasida yaqin sherikchilik munosabatlari chuqur ildizga ega.
Buyuk Ipak yo‘lining qoq yuragida joylashgan bu muazzam shahar uzoq yillar davomida madaniy aloqalar, xalqlar o‘rtasida savdo-sotiq, ilm-fan yutuqlari almashinuvi vositasi bo‘lib xizmat qilgan. SHHT ga a’zo davlat rahbarlari kengashining Samarqandda o‘tkazilgani tashkilotning bugungi nufuziga o‘ziga xos tarixiylik baxsh etdi. Samarqandning ko‘hna ohanrabosi, yana bir karra xalqlarni bog‘ladi. Samarqandning nafaqat iqtisodiy-siyosiy barqarorlik, balki savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada yuksak pog‘onaga olib chiqqan ko‘prik vazifasini bajargani har bir yurtdoshimizga faxr tuyg‘usini baxsh etadi.
Rustam Xolmurodov,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O'zbekiston Respublikasi fan arbobi.