“SHHT sammiti zamonaviy ilm-fan taraqqiyoti uchun ham muhim vosita...”

Bugungi global sharoitda geosiyosiy ziddiyatdan holi bo‘lgan munosabatlar tizimi har tomonlama zarur. Shuningdek, sivilizasiyalararo muloqot, umumiy xavfsizlik va barqaror rivojlanish zamonamizning muhim masalasidir. Sammit doirasida ilgari surilgan takliflar, ko‘rib chiqilgan masalalarning har biri zamirida ana shunday ulug‘ maqsad yotibdi.
Kengash davomida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan SHHT doirasida universitet rektorlari forumini tashkil qilish, madaniyat va turizm kunlari, qo‘shma sport tadbirlari va universiadalar singari qo‘shimcha formatlarni ta’sis etish taklifi fan, ta’lim va sport sohalari uchun muhim hodisa bo‘ldi. Ayniqsa, tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida universitet rektorlari forumini tashkil etish orqali universitetlar o‘rtasidagi aloqalar yanada kuchayadi. O‘ylaymanki, ushbu hamkorlik universitetimizni xalqaro Top-1000 talik reytingga kiritish bo‘yicha rejalarni amalga oshirishda ham samarali bo‘ladi.
Sammit doirasida imzolangan bitim va kelishuvlar ilmiy-texnikaviy jarayonlar o‘rtasida faol aloqalarni jadallashtirish, qo‘shma ilmiy-investisiyaviy loyihalarni yanada kengaytirish, bu borada SHHT a’zolari o‘rtasida mavjud imkoniyatlarni birlashtirish sharoitini yaratdi. Bunda davlatlararo zamonaviy ishlab chiqarish tarmog‘ida professional malaka va tajriba almashish muhitini shakllantirish orqali xalqaro talablarga javob bera oladigan, yetuk kadrlar tayyorlash, ustuvor yo‘nalishlarda ilm-fanga oid raqobatbardosh natijalarga erishish, zamonaviy va rivojlangan ilmiy-innovatsion muhit yaratish hisobiga ilmiy yutuqlar almashinuvini kengaytirish imkoniyati yuzaga keladi.
Rustam Xolmurodov,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O'zbekiston Respublikasi fan arbobi.