Samarqand davlat universitetida Yaponiya xalqaro hamkorlik markazi JDS loyiha ofisi tomonidan Yaponiya stipendiya loyihasi (JDS) dasturining taqdimot seminari o‘tkazildi…

Seminarda JDS loyihasi vakillari hamda Samarqand davlat universiteti ilmiy jamoatchiligi ishtirok etdi.
Mazkur loyiha Yaponiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida magistratura bosqichida tahsil olish uchun ajratilgan stipendiya loyihasi hisoblanadi. Dastur o‘z ichida 7 yo‘nalishni qamrab olgan bo‘lib, iqtisodiyot, huquq, biznes, qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi sohalarda nomzodlarni qabul qiladi.
-JDS loyihasi qariyb, 20 yildan ortiq vaqt davomida mos talablarga javob beradigan nomzodlarni Yaponiyaning nufuzli universitetlarida tahsil olish imkoniyatini beradi, - deydi JDS loyiha ofisining mintaqaviy xodimi Igarashi Tomomi, - Tanlab olingan nomzodlar uchun Yokohama, Nagoya, Ritsumeykan, Hirosima universitetlari, shuningdek, Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti hamda Naruto ta’lim universiteti kabi ta’lim muassasalarida magistratura bosqichida o‘qish uchun grant o‘rinlari ajratiladi. Biz ushbu loyiha vositasida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, xalqaro maydonda tajriba almashish, yetuk salohiyatli kadrlar tayyorlash uchun muhim zamin yaratishga hissa qo‘shayotganimizdan mamnunmiz. Hozirga vaqtga qadar JDS loyihasi tomonidan 400 dan ziyoq stipendiya sovrindorlari Yaponiyaga yuborilgan, Ayni kunlarda Yaponiyada 30 nafar o‘zbekistonlik talaba grant loyihasi asosida tahsil olmoqda.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.