Eron Islom Respublikasi Prezidenti Sayid Ibrohim Raisiy joriy yil 14-16 sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi. Davlatlar yetakchilari ikki tomonlama munosabatni yanada mustahkamlash masalasini ko‘rib chiqdilar.

Oliy darajada o‘tgan O‘zbekiston – Eron muzokarasi yakunida hamkorlikning turli sohalarini qamrab olgan 18 hujjat imzolandi.

Shuningdek, Ibrohim Raisiy Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ham ishtirok etdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri SHHT sammiti doirasida Eron Islom Respublikasi Prezidenti Sayid Ibrohim Raisiy bilan ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik, imzolangan yangi bitimlar natijasida kutilayotgan yangiliklar xususida suhbatlashdi.

– Prezident janobi oliylari, Eron Islom Respublikasi bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy-siyosiy va madaniy munosabatning eng dolzarb jihatlari nimada?

– So‘zim boshida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan O‘zbekiston hukumati va xalqini muborakbod aylashni o‘z burchim, deb bilaman.

Eron istiqlolning ilk davridan boshlab ushbu davlat bilan munosabatga alohida e’tibor berib kelmoqda. Kamina Prezident etib saylanganimdan keyin shakllantirilgan o‘n uchinchi hukumat faoliyati boshidanoq qo‘shni va yaqin davlatlar, jumladan, bizga do‘st va birodar O‘zbekiston bilan har tomonlama aloqani rivojlantirishni tashqi siyosat va xorijiy aloqalarning ustuvor yo‘nalishi etib e’lon qildik. Ayni masalaga umumiy nazar tashlansa, davlatimiz ushbu tashqi siyosiy rejadan og‘ishmay borayotgani, eng ko‘p bordi-keldini Markaziy Osiyo davlatlari bilan amalga oshirayotgani ko‘rinadi.

Mening rasmiy tashrifim aziz birodarim Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining rasmiy taklifiga binoan, shuningdek, ul janobi oliylariga nisbatan alohida hurmatim yuzasidan amalga oshdi. Eron va O‘zbekiston mintaqaning ikki muhim davlati sifatida ko‘plab madaniy, tarixiy va sivilizatsion mushtaraklikka ega bo‘lib, bu holat aloqani rivojlantirishni muqarrar qilib qo‘yadi. Go‘zal Samarqandda bo‘lib shuni anglab yetdimki, mamlakatlarimiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi mushtarak qadriyatlar juda chuqur ildiz otgan. O‘zbekistonning ulug‘ xalqi ushbu mamlakatning asosiy sarmoyasi, mehribon va mehnatkash, taraqqiyot va yuksak marralarga erishish uchun tinim bilmay harakat qiladigan xalqdir. Eron va O‘zbekiston xalqlari Xorazmiy, Ibn Sino kabi ko‘plab buyuk shaxslarni tarbiyalab, ilm va adabiyot dunyosiga taqdim etgan. Bu shaxslar butun jahon xalqlari uchun faxr-iftixor timsolidir.

Ikki davlat o‘rtasidagi sheriklik siyosat va xavfsizlik sohasida turli darajadagi delegatsiyalar almashinuvi, muntazam maslahatlashuv o‘tkazilishi, har ikki yurtning muhim qo‘shnisi sifatida Afg‘onistondagi tinchlik jarayoni masalasida, xavfsizlik idoralari hamda uyushgan jinoyatchilik, ekstremizm, terrorizm va giyohvand moddalarga qarshi kurashga mas’ul tashkilotlar, shuningdek, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik ko‘rinishida amalga oshmoqda. Bundan tashqari, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkiloti kabi mintaqaviy hamda xalqaro tashkilotlar doirasida ham yaqin aloqa yo‘lga qo‘yilgan.

Savdo-sotiq va iqtisodiyot o‘zaro munosabatning rivojlanib borayotgan asosiy sohalari hisoblanadi. O‘zaro savdo ayirboshlash hajmi muntazam oshib borayotgani shuni tasdiqlaydi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda qulay tranzit mavqega ega ekani hamda Eronning ulkan tranzit imkoniyati transport va tranzit sohasi savdo-iqtisodiy aloqaning muhim qirrasi ekanini ko‘rsatadi. Eron Islom Respublikasi O‘zbekiston Eron portlari, xususan, Chobahor kabi muhim dengiz portidan foydalanishi uchun barcha shart-sharoitni muhayyo qilgan va qilmoqda. Turizm ham mamlakatlarimiz uchun muhim soha. Bu yo‘nalishning ahamiyati hamda mamlakatlarimizning ayni sohadagi mavjud salohiyatidan kelib chiqib, mutasaddilar va tadbirkorlar hali ko‘p sa’y-harakatni amalga oshirmog‘i lozim.

Mushtarak tariximiz, madaniy yaqinligimiz hamkorlik uchun qulay imkoniyat yaratgan. Tarixiy yodgorliklarni tiklash, turli ko‘rgazma va tadbirlar tashkil etish, madaniyat haftalari o‘tkazish, kino, sport sohasida hamkorlik qilish amalga oshayotgan yoki kun tartibida turgan ishlar sirasiga kiradi.

Bundan tashqari, talabalar almashinuvi, stipendiyalar ajratish, ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida aloqa o‘rnatish lozim. Va nihoyat, ushbu tashrifim davomida siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarga doir bir qator hujjatlar imzolanishi davlatlararo aloqani har tomonlama rivojlantirishga nisbatan qat’iy qarorimizdan darak.

– Ikki davlat aholisi jami bir yuz yigirma million kishini tashkil etadi. Bu juda katta bozor. Demak, ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmi, ko‘rsatilayotgan xizmat xilma-xilligi Eron va O‘zbekiston tadbirkorlari uchun nihoyatda nodir imkoniyat. Shu ma’noda istiqboldagi savdo-iqtisodiy munosabat to‘g‘risida nima deyish mumkin?

– To‘g‘ri eslatib o‘tganingizdek, Eron va O‘zbekiston mintaqaning aholisi ko‘p mamlakatlari hisoblanadi. Shuning o‘zi turli sohalar, jumladan, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyat. Ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqani kengaytirishga qaratilgan ko‘plab bitim, shartnomalar imzolangan. Fikrimizcha, bu yetarli emas, mavjud imkoniyatga mos emas. Shubhasiz, har ikki mamlakatda nisbatan ustunlikni ta’minlaydigan va bir-biri iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan salohiyat bisyor. Misol uchun, ulkan energiya zaxirasi, port va temir yo‘l transporti infratizimi, zamonaviy texnologiya, tibbiyot va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi mavjud imkoniyatdan o‘zbekistonlik tadbirkorlar foydalanishi, xuddi shuningdek, Eron sizdagi qulayliklardan bahramand bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda, ayniqsa, Shavkat Mirziyoyev rahbarligi davrida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqa sezilarli darajada rivojlandi, savdo ayriboshlash hajmi ortdi. Binobarin, bu borada ulkan imkoniyat ham mavjudligi aloqalarimiz yorug‘ istiqbolga egaligini ko‘rsatmoqda. Albatta, ikki davlat hukumati ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqani rivojlantirish yo‘lida turgan to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha sa’y-harakatni amalga oshirishi lozim. Qisqa muddat ichida savdo aylanmasini ikki barobar oshirishga harakat qilishi kerak. Eron kompaniyalari O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha katta imkoniyatga ega. Qo‘shma investitsiya iqtisodiy aloqani mustahkamlash uchun qulay usullardan biri bo‘la oladi.

Turizm, yuqorida aytib o‘tganimizdek, ko‘p sonli aholiga ega bo‘lgan mamlakatlarimiz uchun, keskin rivojlantirsa bo‘ladigan aniq-ravshan imkoniyatdir. Bizni quvontiradigani shuki, ikki mamlakat turistik jozibadorlik bo‘yicha dunyoda yuqori o‘rinlarni egallaydi. Biz o‘zaro aviaqatnov sonini oshirish va vizasiz tartib o‘rnatish orqali iqtisodiy hamkorlikni yuqori nuqtaga chiqara olishimiz mumkin.

– Eron yo‘nalishi, ayniqsa, Chobahor portiga olib boradigan transport-tranzit yo‘lagi O‘zbekiston ochiq dengizga chiqishi uchun eng qulay yo‘l hisoblanadi. Bu borada ikki davlat hamkorligida olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Yuqorida aytib o‘tilganidek, Eron Islom Respublikasi ochiq dengizga chiqishi uchun eng yaxshi, eng qulay va eng arzon yo‘nalish sifatida mamlakatingizga bu borada imkon qadar ko‘proq yordam berishga tayyor. Biz O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan ilk davrdan boshlab Eron temir, avtomobil va dengiz yo‘li tarmog‘i, xususan, Bandar Abbos va Chobahor portlari o‘zbekistonlik tadbirkorlar savdo-iqtisodiy maqsadda foydalanishi, O‘zbekiston va boshqa davlatlar tovarlarini tashishi uchun tayyorligini bildirgandik. Ikki davlat Ashxobod bitimi, Eron, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi uch tomonlama bitim, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti hamda ikki tomonlama bitim va kelishuvlar doirasida ayni yo‘nalishdagi hamkorlikning huquqiy, konsullik va bojxona bilan bog‘liq shart-sharoitini yaratishga harakat qildi.

Eron Islom Respublikasining yangi dasturlariga muvofiq, qisqa vaqtda ko‘plab temir yo‘l infratizimi yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, o‘zbekistonlik tadbirkorlar tashqi savdoda ulardan foydalanishi mumkin. Biz, shuningdek, Chobahor portida qiziquvchi mamlakatlar ishtirok etishi, investitsiya kiritishi uchun kerakli va qulay imkoniyat yaratishni rejalashtirganmiz. O‘zbekistonni Chobahor bitimiga hamda Shimol-janub yo‘lagiga qo‘shishga tayyormiz. Shu kunga qadar bu masalada ko‘plab tashriflar uyushtirildi, muzokaralar amalga oshirildi.

Xuddi shuningdek, O‘zbekiston temir va avtomobil yo‘li tarmog‘i eronlik tadbirkorlar boshqa davlatlarga chiqishi uchun qulay yo‘nalish hisoblanib, ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro bitimlar doirasida ushbu imtiyozdan foydalanamiz.

– O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi bugungi o‘rni va tashqi siyosatini qanday baholaysiz?

– O‘zbekiston hukumatining mintaqaviy va xalqaro siyosat sohasidagi yondashuvini o‘ta muvozanatlashgan, mantiqiy va ijobiy, deb baholayman.

O‘zbekiston Respublikasining mintaqa va jahon davlatlari bilan o‘zaro hamkorlik borasidagi siyosati, bu davlatning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlardagi tashabbuslari, ayniqsa, mintaqada tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishida muhim rol o‘ynaydi.

O‘zbekiston tomonidan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi majlisi va shu kabi boshqa yig‘ilishlar o‘tkazilishi tahsinga sazovor. Shu munosabat bilan, so‘zim oxirida o‘zbekistonlik aka-ukalarimiz, opa-singillarimizga bizni munosib tarzda kutib olgani va mehmon qilgani uchun chuqur minnatdorlik bildirishni burchim, deb bilaman.

– Savollarimizga vaqt ajratib javob berganingizdan behad minnatdormiz. O‘zbekiston xalqi va davlatiga Eron Islom Respublikasining samimiy munosabatidan mamnunligimizni izhor etamiz.

Asliddin SUYUNOV
suhbatlashdi.
O‘zA