Samarqand davlat universitetiga Buyuk Britaniyaning Kardiff universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi. SamDU xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Nosirov bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikki universitet o‘rtasida akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mavjud aloqalarni kuchaytirish masalalari muhokama etildi.

    - Samarqandga tashrif buyurishning o‘ziyoq biz uchun katta sharaf bo‘ldi, - deydi Kardiff universiteti birinchi prorektori, professor Urfan Xalik. - Bu qadimiy shaharning o‘ziga yarasha tarixi va ta’lim tizimi bor. Samarqand davlat universitetining ko‘hna shahar madaniy merosida o‘rni juda katta deb o‘ylayman. Universitet Sharqning eng qadimiy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Biz SamDU bilan birgalikda, asosan, tarix, iqtisodiyot va biznes kabi ta’lim yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish niyatidamiz. Sizda juda ko‘plab tarixiy obidalar va saqlanib qolgan urf-odatlar mavjud bo‘lib, bu tarixchilarimizning hamkorlikda ishlashi uchun juda qulay. Shuningdek, SamDU O‘zbekistonning tezlik bilan rivojlanayotgan universitetlaridan biri ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, biz sizlar bilan hamkorlik qilishdan juda ham mamnunmiz.

    Uchrashuv doirasida hamkorlikning o‘zaro ramzi sifatida ikki universitet vakillari esdalik sovg‘alari almashdilar. Shundan so‘ng, Kardiff universiteti vakillari Samarqand davlat universiteti Arxeologiya va Zoologiya muzeyining noyob topilma va eksponatlari bilan tanishdi.

    Ma’lumot uchun, Kardiff universiteti 1883 yilda tashkil etilgan. "QS World University Rankings 2022" reytingida 150-o‘rinda. Buyuk Britaniyaning Top-20 universitetlari qatorida.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan suratlar.