Samarqand davlat universitetida adabiyot shukuhi aks etgan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi...

Samarqand davlat universitetida taniqli ijodkorlar O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulovlar ishtirokida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda adabiyot va she’riyat ixlosmandlari, SamDU professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.
So‘z sehri, haqiqiy she’riyat otashi bilan qizg‘in o‘tgan uchrashuvda o‘zbek adabiyotida o‘ziga xos o‘ringa ega, samimiy she’rlari bilan xalq qalbidan joy olgan ijodkor Usmon Azim o‘qib bergan she’rlar davrada haqiqiy ijodiy kayfiyat yaratgan bo‘lsa, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zamning teran mushohada uyg‘otuvchi go‘zal fikrlari sabab tinglovchilar adabiyotga va kitoblarga muhabbat qo‘yish, hayotga o‘tkir mulohazalar bilan boqish bo‘yicha bir qator foydali tavsiyalar oldilar.
-Yer yuzi miqyosida faqat Samarqandgagina xos qadimiy va ulug‘vor ruh, buyuk ajdodlarimiz, alloma va shoirlarimizdan meros qolgan haqiqiy ijod kayfiyati mavjud, - deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulov, - Bu ohanrabo, necha asrlardan beri ijod ahlini o‘ziga jalb qilib keladi. Samarqand davlat universiteti nafaqat jahon ilm-fanining, balki adabiyotimizning ham asosiy ustunlari kamol topgan dargoh, tom ma’noda ulug‘vor ijodning beshigidir. Adabiyot ijodkor qalbida tug‘yon urgan ezgu g‘oyalar, dil so‘zlarni xalqqa yetkazishda bosh vosita. U orqali nafaqat aql, balki inson ruhi ozuqa oladi. Tabiiyki, bu jarayonda o‘quvchi bevosita ijodkorga ergashadi. Ijod jarayonining mas’uliyati ham shunda. Ishonamanki, bugungi shijoatli, adabiyotga, kitobxonlikka mehri baland yoshlar ertangi adabiyotimiz va so‘z ilmining haqiqiy tirgaklari bo‘la oladi.
- O‘zbek adabiyotining betakror darg‘alari ishtirok etgan bu kabi uchrashuvlar ijod olamiga endi kirib kelayotgan yoshlar, adabiyot ixlosmandlari qalbida so‘z va adabiyotga bo‘lgan hurmat tuyg‘ularini uyg‘otishiga ishonaman,-deydi SamDU filologiya fakulteti dekani, professor Azamat Pardayev.-Universitetimiz ulug‘ shoir va yozuvchilar Usmon Nosir, Hamid Olimjon, Mirtemir, Asqad Muxtor, Sharof Rashidov, Omon Matjonlarga beshik bo‘lgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Bu an’analar bugungi kunda ham davom etmoqda...
.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar