Samarqand davlat universitetida nuroniylar bilan uchrashuv o‘tkazildi...

Samarqand davlat universitetida respublika bo‘yicha o‘tkazilayotgan keksalar haftaligi doirasida universitet nuroniylari va mehnat faxriylari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Rustam Xolmurodov ishtirok etdi.
Hozirgi murakkab, tashqaridan turli mafkuraviy tazyiqlar kuchayib, borayotgan bir paytda Vatanimiz sha’ni va xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, ilm-fan sohasida erishilayotgan yutuqlar, milliy urf-odat va qadriyatlarni kelajak avlodga bezavol yetkazishda nuroniylarning o‘z o‘rni va mas’uliyati mavjud.
Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar bugungi rivojlanib borayotgan jamiyatda nuroniylarning o‘rni, ular tomonidan yillar davomida to‘plangan boy tajriba, malaka va ko‘nikmalarni yosh kadrlar faoliyatiga jalb etish, yoshlarga o‘rnak bo‘lishlari borasida fikrlar bildirdi.
-Har qanday mamlakatda ta’lim tizimi kuchli rivojlangan bo‘lsa, uning kelajagi va taraqqiyoti go‘zal bo‘ladi, - deydi Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov, - Mamlakatda mustahkam ta’lim tizimigina porloq kelajak poydevori bo‘lishi mumkin. Bugungi oliy ta’lim tizimimizning oldidagi eng muhim masala ilmiy-pedagogik genofondni yangilashdir. Yosh, shijoat va g‘ayratli kadrlardagi kuchni hamda nuroniylarimizda mavjud yetuk tajriba va bilimlarni uyg‘unlashtirgan holatda bu maqsadga erishishning mustahkam asoslari yaratiladi...
-Bugungi O‘zbekistonda tinchlikni saqlash, millatlararo totuvlikni ta’minlash, tinchlik va mustaqillikning qadriga yetish vazifasini yoshlarga yetkazishda nuroniylarimiz faolligi muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi Samarqand davlat universiteti professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Muslihiddin Muhiddinov, - Shu ma’noda olib qaraganda, Samarqand davlat universitetida hayoti ilm-fanga baxshida nuroniylarning ham bir qator vazifalari mavjud. Biz yosh olimlarning o‘zini tutishi, ilmiy faoliyati borasida ham fikr-mulohaza bildirishimiz, hayot tajribasidan kelib chiqib ularga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishimiz lozim. Samarqand davlat universitetida dunyoga dong‘i ketgan ilmiy maktablar yaratilgan. Akademiklar Vohid Abdullayev va Botirxon Valixo‘jayevlar asos solgan adabiyot tarixi ilmiy maktabi, O‘zbekiston Respublikasi fan arboblari, professorlar Ulug‘ Tursunov va Rahmatulla Qo‘ng‘urovlar asos solgan o‘zbek tilshunosligi maktabi, Akademik Akbar Otaxo‘jayev asos solgan optika maktabi, akademik Tolib Mo‘minov asos solgan yadro fizikasi maktabi va hokazo. Bizning vazifamiz mana shu maktablar shon-shuhratini tiklash, ustoz-shogirdlik an’analarini rivojlantirish ekanligini unutmasligimiz, o‘zimiz faoliyat ko‘rsatayotgan kafedra, fakultet va universitet nufuzini oshirish yo‘lida xizmat ko‘rsatishimiz kerak. Bu borada ma’naviy muhit uchun javobgarlik va mas’uliyatning o‘z zimmamizda ekanligi hamisha yodimizda bo‘lishi zarur.
-Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida katta hayot yo‘lini bosib o‘tgan va boy tajribaga ega bo‘lgan nuroniylarning ishtiroki alohida ahamiyatga ega, - deydi Samarqand davlat universiteti faxriylar kengashi raisi, filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimov. – Bu borada nuroniylarning o‘z umrini ilm-u ma’rifat va ta’lim-tarbiyaga bag‘ishlagani yanada chuqur mazmun kasb etadi. Shu ma’noda bugungi yangilanayotgan jamiyatimizda Samarqand davlat universitetining egallagan o‘rni va nufuzi, unda faoliyat ko‘rsatayotgan olim va murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Davlatimiz rahbarining biz nuroniylarga berayotgan e’tibori va g‘amxo‘rligini inobatga olgan holda, har birimiz boy tajriba va bilimlarimizni birlashtirib, davlatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini xalqqa tushuntirish, yillar davomida to‘plangan ilmimizni yoshlarga yetkazish, ta’lim sohasidagi har bir yangilik va o‘zgarishlarni imkon qadar o‘zlashtirib borishni o‘zimizning fuqarolik va murabbiylik burchimiz deb bilishimiz lozim.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.