Farzandining o‘qishi uchun imkoniyat yaratib, ularni qo‘llayotgan ota-onalarga Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovning tashakkurnomalari topshirilmoqda.

    Toyloq tumani Soy mahallasida istiqomat qiluvchi Amriddin Turobov ushbu o‘quv yilida Samarqand davlat universitetiga davlat granti asosida birinchilar qatorida o‘qishga qabul qilingan. Bugun u intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakultetining dasturiy injiring yo‘nalishida tahsil olmoqda.

    Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovning tashabbusi bilan farzandlarining o‘qishi, ularning ta’lim-tarbiyasiga befarq bo‘lmagan ota-onalarni taqdirlash loyihasi tashkil etilgan. Ushbu loyiha doirasida Amriddinning ota-onasi – Ilhom Begaliyev va Nargiza Tumanovalarga SamDU rektorining maxsus tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

    Amriddin Turobov ta’lim olgan Toyloq tumani 44-maktabda tashkil etilgan tadbirda uning ota-onasi mahalla ahliga farzandini ilmli qilib tarbiyalashda o‘rnak sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, uning muvaffaqiyati yoshlar uchun ajoyib ruhlantirish bo‘ldi.

    - Farzandimga berayotgan bunday e’tibor uchun  SamDU rektoriga  rahmat, - deydi Amriddinning onasi Nargiza Tumanova. – To‘g‘risi bugun men uchun ajoyib kun bo‘ldi. O‘g‘limni Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kirgani biz uchun juda quvonarli yangilik bo‘lgan edi. Ushbu e’tiboringiz ko‘nglimni tog‘day ko‘tardi. Men farzandimni o‘qitayotganimiz bunchalik erta meva beradi, deb o‘ylamagan edim.

    - Men matematika o‘qituvchisi sifatida farzandini o‘qitgani uchun taqdirlanayotgan ota-onani birinchi marta ko‘rib turibman, - deydi Amriddinning ustozi Sa’dulla Karimov. – U yoshligidan matematika faniga juda qiziqardi. O‘ylaymanki, o‘quvchimga universitetda hozirdan shunday yuksak e’tibor berilayotgan ekan, kelgusida u yurtimizga sidqidildan xizmat qiladigan haqiqiy vatanparvar kadr bo‘lib yetishadi. 

 

Otabek Sa’dullayev

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.