Davlat Bobonov, Samarqand davlat universiteti bitiruvchisi, Jahon chempioni: Prezidentimiz oldida yuzim yorug‘ bo‘ldi...

- Sportchilar oilasimiz. Ota-bobolarimiz kurash bilan shug‘ullangan. O‘g‘lim, Davlat yuzimni yorug‘ qildi, - deydi sportchining otasi Husniddin Bobonov. - O‘n besh yil kurash bo‘yicha o‘qidi. Ikki marta Osiyo chempioni, “Tokio-2020” Olimpiadasi sovrindori, 2021 yilgi Jahon chempionatida kumush medal sohibi, Jahon chempioni. Men uchun bundan ortiq baxt yo‘q. Bugungi har bir bahsini hayajon ila kuzatdim. Ayniqsa, yarim finalda gruziyalik polvonga qarshi kurashishi meni ko‘proq xavotirga soldi. Sababi, “Tokio-2020” yarim finalida ikkalasi to‘qnash kelganida, gruziyalik sportchining qo‘li baland kelib, Olimpiada chempioni bo‘lgandi. Finalda ham kuchli raqib kutib turgan edi. Final bahslari boshlanishiga biroz vaqt qolganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashrif buyurishi barchani hayratlantirdi. Davlatda ikki karra masʼuliyat ortganini sezdim. Chunki bu yerda faqat Vatan sharafi emas, balki Prezidentning ishonchini oqlash ham bor edi. Finaldagi raqibi italiyalik Kristian Parlatiga ikkinchi marta duch kelishi, ikkovida ham g‘alaba qozondi…
- Musoboqa boshlanganiga 4 kun bo‘ldi. Mengacha o‘ndan ortiq jamoadoshlarim ishtirok etdi, - deydi jahon chempioni Davlat Bobonov. – Ming afsuski ular imkoniyatni boy berib qo‘yishdi. Bu barchamiz uchun og‘riqli bo‘ldi. Chunki, ushbu musobaqaga kuchli tayyorgarlik ko‘rgan edik. Shunday bo‘lishiga qaramay kayfiyatimni tushurmadim. Musobaqa boshlandi. Ilk raqibim aniq, lekin keyingilari aynan kimligi nomaʼlum edi. Yarim final biroz qiyin kechdi. “Tokio-2020” Olimpiadasi chempioni bilan kurashishga to‘g‘ri keldi. O‘tgan safar Yaponiyada kechgan nufuzli musobaqada unga yutqazib qo‘ygan edim. Tatamiga chiqar ekanman, faqat g‘alaba haqida o‘yladim. Nihoyat, uddasidan chiqdim. Men g‘alaba qozondim. Final. Men uchun yana bir qadam qoldi. Ishonchim ortib borsa ham, xavotir bor edi. Kutilmaganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning musobaqaga kelganligini eshitdim. Endi xato qilishga haqqim yo‘qligi va xalqimiz ishonchini oqlashim kerakligini yana bir bor angladim. Hayqiriqlar, olqishlar meni yana-da ruhlantirdi. Nihoyat, men uddaladim. Prezidentimiz oldida yuzim yorug‘ bo‘ldi. Eng quvonarlisi taqdirlash marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev menga oltin medalni topshirdi. Bu tarixiy kun. Men bugun baxtiyorman. Oldimda yana bir musobaqa bor. Xudo xohlasa “Parij-2024” Olimpiadasida ham bugungidek g‘alaba qozonaman. Meni bilan mashg‘ulot o‘tagan barcha murabbiylarimga, birinchilardan bo‘lib tabrik yuborgan Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovga minnatdorlik bildiraman.
Behruz SHAMSIDDINOV
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.