Kafedra mudiri

 

 

 

Samarqand davlat universiteti o’nlab soha mutaxassislarini jamiyat ishlab chiqarishiga yetkazib beruvchi uzoq tarixga va kuchli nufuzga ega oliy ma’rifat dargohidir.
Jamiyat taraqqiyotida o’z hissalarini qo’shib kelayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislar qatorida, jumladan, psixologlar ham qariyb 80 yil davomida ijtimoiy hayotda xizmat qilib kelishmoqda.
Universitetda psixologiya fani taraqqiyotiga hissa qo’shgan olimlar – Sulton Rahimov (“Abu Ali ibn Sinoning pedagogik qarashlari”), Gavhar Yormuhammedova (pedagogik psixologiya), Musa Xalilov (“Talabalarda ilmiy dunyoqarashni shakllantirish”), Tamara Abayeva (oila psixologiyasi), Ninel Grigoryeva, Damir Rabbimov (psixologiya tarixi), Zebo Ibragimova (psixologik xizmat), Zulayho Hasanova (“Kasb-hunar kollejlari o’quvchilarida oila motivasiyasi”) hamda bugungi kunda ham ushbu fan yo’lida yurgan inson ruhiyati bilimdonlari Qudrat Daminov, O’g’iloy Otavaliyeva, Abduhalim Abduahadov, Sobir Muhsinov, Ermat Iskandarov, Xolboy Ibragimov, Yo’ldoshboy Masharipovlar universitet psixologiya kafedrasini hozirgi vaqtda yiliga 60-80 nafar psixolog mutaxassislar bitirishlariga asos yaratishgan. 
Universitetda 17 yildan buyon psixologiya bakalavriat yo’nalishi mavjud. Yo’nalish bitiruvchilari jamiyat ishlab chiqarishining turli sohalarida – ta’lim, sog’liqni saqlash, ichki ishlar idoralari, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, sport, savdo va boshqa sohalarda psixolog mutaxassis sifatida ishlashmoqda.
So’nggi yillarda kafedrada 20 nafar professor-o’qituvchi faoliyat ko’rsatib, ular talabalarga ta’lim, ma’naviy tarbiya berish, bitiruvchilar monitoringini olib borish va jamoatchilik faoliyatlari – ommaviy tadbirlarda faol ishtirok etishadi. Kafedrada 2013-yildan “Psixologik markaz” o’quv-ilmiy laboratoriyasi tashkil etilgan. Unda asosan psixologik xizmat, psixologik maslahat, psixoprofilaktika, psixodiagnostika ishlari yo’lga qo’yilgan. Kafedra Toshkent tibbiyot akademiyasi, Samarqand viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Payariq maishiy xizmat kolleji, universitet qoshidagi 2-sonli akademik lisey, Samarqand 1 va 2-sonli pedagogika kollejlari bilan hamkorlik o’rnatgan.
Kafedra viloyatda yagona psixologik xulosa berish vakolatiga ega tashkilot sifatida davlat organlariga ishga kirishga nomzod shaxslarga tavsifnomalar beradi, sud-psixologik ekspertizalari o’tkazadi hamda Samarqand shahri va viloyatda psixoprofilaktik ishlarni olib borishga yaqindan yordam beradi.
Bugungi kunda fuqarolik jamiyatini barpo etish, buning uchun esa sog’lom jamiyatni shakllantirish, jamiyatning tarkibiy qismi hisoblanuvchi shaxsni taraqqiy ettirish – sosiologiya, jamiyatshunoslik, siyosatshunoslik, adabiyotshunoslik, iqtisodiyot, huquqshunoslik, tibbiyot, pedagogika fanlari qatorida psixologiya fanining ham dolzarb vazifasi bo’lib hisoblanadi. Jamiyat oilalardan tashkil topgan ekan, oila sog’lom va baxtli kelajakni yaratuvchi asosiy manba sifatida kuchli ijtimoiy ta’sirga ega. Yurtimizda ushbu ijtimoiy institut mavqyeiga tayangan holda shaxsni taraqqiy ettirish tamoyiliga amal qilinmoqda. Respublikamizning bir nechta viloyatlarida shahar va tumanlar hokimliklari qoshida «Ayollar maslahat markazi» tashkil etilgan. Jumladan, Samarqand shahar hokimligi qoshida ish yuritayotgan «Ayollar maslahat markazi»ga sosiolog, yurist, vrach, psixolog mutaxassislar jalb qilingan. «Ayollar maslahat markaz»iga kafedradan biriktirilgan psixolog mutaxassislarimiz psixoprofilaktik ishlar, psixodiagnostik ishlar, rivojlantiruvchi va korreksion ishlar, psixologning maslahat berish ishlarini yo’lga qo’yishgan. 
Ayollar maslahat markaziga oilaviy inqirozni boshidan kechirayotgan ayollar, ularning ota-onalari; o’smir va o’spirin yoshidagi  farzandlari bilan shaxslararo munosabatlarida muammolari bo’lgan ota-onalar; ishsizlar, hayotdan qoniqmagan shaxslar; depressiv nevroz va stress holatidagi shaxslar; jinoiy xulqqa moyil shaxslarning yaqinlari; o’z-o’zini anglashga va o’z-o’zini rivojlantirishga intiluvchi sog’lom ruhiyatli shaxslar murojjat qilishmoqda.
Jamiyatimiz kelajagi va taraqqiyoti ruhan va jismonan sog’lom yoshlarni o’stirishimizga bog’liq. Buning uchun narkotikka tobelik va terrorizm psixologiyasini, umuman, jinoiy xulq motivasiyasini o’rganish, yoshlarimizda unga moyillikni oldindan diagnostika qilish va zarur bo’lganda korreksiyalash vazifasi malakali psixolog mutaxassislar zimmasidadir.  
Hozirgi vaqtda terrorchi shaxs va terrorchilik xatti-harakatlarini yuzaga keltiruvchi psixologik mexanizmlar to’liq o’rganilmagan, shuning uchun terrorizmga qarshi kurashish va uning oldini olishda psixologik bilimlar muhim o’rin egallaydi.
Kafedra psixolog mutaxassislari har qanday psixologik yordamni shaxsning o’z hayotidan ma’no topishi (logoterapiya), sabr ma’nosini anglatish, ijodiy kuchini uyg’otish uslublarini qo’llab olib borishadi. 
Psixologiya yo’nalishi 2018-yil sentyabrdan boshlab Psixologiya va ijtimoiy fanlar fakulteti tarkibida faoliyat ko’rsatib, shu yildan boshlab rus guruhi tashkil topdi. Kafedrada 24 nafar professor-o’qituvchi faoliyat ko’rsatadi. Ulardan 3 nafari fan nomzodi, dosentlar; 3 ta katta o’qituvchi.

Kafedrada o‘qitiladigan fan o`quv dasturlari

  • Mutaxassislikga kirish
  • Umumiy psixologiya
  • Eksperemental psixologiya
  • Umumiy psixodiagnostika
  • Sosial psixologiya
  • Individual va guruhiy konsultasiya
  • Psixologik tadqiqot ma’lumotlarini qayta ishlash metodlari va texnologiyalari
  • Sosial psixologik trening
  • Maktabgacha ta’lim psixologiyasi
  • Ilg’or pedagogic texnologiyalarning psixologik asoslari
  • Pedagogik psixologiya va PO’M
  • Konfliktlar psixologiyasi
  • Muloqot psixologiyasi
  • Kreativ psixologiya
  • Sudga oid psixologiya yekspertizasi
  • Kognitiv psixologiya
  • Tibbiyot psixologiyasi
  • Deviant xulq psixologiyasi
  • Tashkilotlarda psixologik xizmat
  • Mehnat va muhandislik psixologiyasi
  • Maxsus psixologiya
  • Yuridik psixologiya
  • psixognetika
  • Psixologik xizmat
  • Psixogigena
  • Psixologiya nazariyasi va tarixi
  • Rivojlanish psixologiyasi va pedagogic psixologiya
  • Boshqaruv psixologiyasi
  • Psixodiagnostika va eksperemental psixologiya
  • Ijtimoiy psixologiya
  • Umumiy psixologiya