Kafedra mudiri

Xoliqulov Shodi Turdiqulovich

  •  Qabul vaqti: Har kuni 14:00 dan 16:00 gacha
  •  Telefon:+998902717792
  •  Elektron pochta: kholikulov48@mail.ru

Biografiya

1964-1969 yy. - Samarqand davlat universiteti talabasi.
1969-1970 yy. - Qashqadaryo davlat malaka oshirish instituti kabinet mudiri.
1970-1974 yy. – Qarshi davlat pedagogika instituti geografiya kafedrasi o‘qituvchisi;
1974-1978 yy. – Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy tadqiqot instituti aspiranti, kichik ilmiy xodimi;
1978-1997 yy. - Samarqand qishloq xo‘jalik instituti kichik ilmiy xodimi, tuproqshunoslik va melioratsiya kafedrasi assistenti, dotsenti;
1997-1997 yy. - Samarqand davlat universiteti o‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasi professori;
1997-2001 yy. - Samarqand davlat universiteti ekologiya va tuproqshunoslik fakulteti dekani;
2001-2004 yy. - Samarqand davlat universiteti ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori;
2004-2011 yy. - Samarqand qishloq xo‘jalik instituti rektori;
2011-2015 yy. - Samarqand davlat universiteti gidrometeorologiya va landshaftshunoslik kafedrasi professori;
2015- 2020 yy. - Samarqand davlat universiteti gidrometeorologiya kafedrasi mudiri;
2020- h.v - Samarqand davlat universiteti tuproqshunoslik va agrotexnologiya kafedrasi mudiri;

Tuproqshunoslik va agrotexnologiya kafedrasining tarixi

Tuproqshunoslik kafedrasi 1953 yil Samarqand davlat universitetining biologiya va tuproqshunoslik fakultetida tashkil etilgan. Kafedrada professorlar D.M.Kuguchkov, X.X.Xamdamov, dosentlar S.A.Agisheva, G.A.Danov, S.V.Kigay va boshqalar faoliyat ko’rsatgan va ular tuproqshunoslik fanidagi bir qator dolzarb masalalarni yechish bo’yicha tadqiqotlar olib borgan. Ushbu fakultetni keyinchalik tuproqshunoslik sohasida yirik olim va pedagog bo’lib shakllangan talabalar O.Komilov, I.Boboxo’jayev, O’.Matkarimov tugatgan. Ular O’zbekiston tuproqshunoslik fani rivojlanishiga salmoqli hissa qo’shganlar.

Samarqand davlat universitetida Tuproqshunoslik yo’nalishi 1996 yilda «Tuproqshunoslik va ekologiya» fakulteti qoshida qayta tashkil etildi. Shu fakultet tarkibida “Tuproqshunoslik” kafedrasi qayta tashkil etilib, unga dosent O’.Matkarimov, keyinchalik dosent T.Q. Ortiqov va Sh.T.Xoliqulov mudirlik qilgan. 2000 yildan boshlab fakultetlarni yiriklashtirish maqsadida «Tuproqshunoslik va ekologiya» fakulteti Biologiya fakultetiga birlashtirildi va “Tuproqshunoslik” kafedrasi alohida mutaxassislik tayyorlovchi kafedra sifatida faoliyatini 2009 yilgacha davom ettirdi. Kafedra yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlangan bo’lib, qisqa vaqtda 4 nafar o’qituvchi ilmiy ishlarini yakunlab nomzodlik dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. O’sha paytda kafedrada 1 nafar akademik, 2 nafar profesor, 3 nafar  fan nomzodi, dosentlar va 7 nafar assistentlar faoliyat ko’rsatgan. Kafedraning ushbu yillardagi faoliyati akademik J.S.Sattorov, professorlar P.U.Uzoqov, Sh.T.Xoliqulov, dosentlar O’.M.Matkarimov, T.Q.Ortiqov, M.K.Abduraximov, assistentlar D.Eshmurodov, T.Ch.G’oziyev, I.N.Bobobekov, S.B.Pardayev, N.Usmonov, Sh.D.Oblaqulov, D.Fayziyev kabi professor-o’qituvchilar xizmati bilan bog’liq.

Ushbu davrda talabalarga tuproqshunoslik fanlaridan dars berish bilan birga kafedra professor-o’qituvchilari tomonidan dolzarb va amaliyot talablariga javob beradigan mavzularda ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Bu borada amaliy va innovasion grant bo’yicha bir nechta loyihalar bajarildi.

1996 yildan 2007 yilgacha kafedrada ikkita mutaxassislik bo’yicha 5A620101-Tuproqshunoslik va 5A620103-Agrotuprokshunoslik va agrofizka yo’nalishlari bo’yicha magistratura mavjud bo’lib, yuqori malakali pedagog va ilmiy xodimlar tayyorlangan.

2020 yil yangi ochilgan “Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi” fakulteti tarkibida “Tuproqshunoslik va agrotexnologiya” kafedrasi yangidan tashkil qilindi. Kafedra mudiri professor Sh.T.Xoliqulov boshchiligida 2 nafar professor, 3 nafar dosent, 2 nafar katta o’qituvchi, 1 nafar falsafa doktori (PhD) va 1 nafar assistent faoliyat ko’rsatmoqda.

Kafedrada “Tuproqshunoslik”, “Tuproqshunoslikda ilmiy tadqiqot usullari”, “Tuproq va agroekologiya”, “Tuproq va landshaft ekologiyasi”, “Tuproq kimyosi”, “Tuproq biologiyasi”, “Tuproqshunoslik va geologiya”, “Tuproq fizikasi”, “Tuproq bonitirovkasi va xaritalash”, “Meliorativ tuproqshunoslik va tuproq muhofazasi”, “Dehqonchilik”, “Meliorasiya”, “Agrometeorologiya”, “O’simlikshunoslik”, “Qishloq xo’jaligini mexanizasiyalashtirish va avtomatlashtirish” fanlardan dars beriladi.

Hozirgi paytda kafedra qoshida “Tuproqshunoslik” va “O’simlikshunoslik” bo’yicha tayanch doktorantura va doktorantura mavjud. Bu institut yo’nalishi bo’yicha bir qancha malakali mutaxassislar tayyorlandi. Hozirgi paytda “Agrotuproqshunoslik va agrofizika”, “Umumiy dehqonchilik” yo’nalishlari bo’yicha doktorantura ochilishi rejalashtirilmoqda. Kafedrada shu bilan birga “Tuproqshunoslik” bo’yicha magistratura mavjud bo’lib, bu institut orqali O’zbekiston tuproqshunoslik ilm-fani uchun zarur bo’ladigan yetuk zamonaviy kadrlar tayyorlanadi. Umuman olganda kafedrada tuproqshunoslik fanining barcha bug’inlarini o’zviy bog’lagan va qamragan holda tuproqshunoslikning barcha sohalari hamda bug’inlari uchun mahoratli kadrlar tayyorlash yo’lga qo’yilgan.

Professor Sh.T.Xoliqulov, professor M.K.Abduraximov va dosent T.Q.Ortiqov o’z sohalari bo’yicha Ilmiy kengash va ilmiy seminar a’zolari hisoblanadi. Professor Sh.T.Xoliqulovni hammualliflikda chiqargan “Tuproqshunoslik” o’quv darsligi tuproqshunoslik fani bo’yicha respublikada asosiy darslik hisoblanadi. Kafedrada tuproqshunoslik, dehqonchilik, o’simlikshunoslik va qishloq xo’jaligini mexanizasiyalashtirish va avtomatlashtirish sohalari bo’yicha dolzarb va amaliyotbop mavzularda bir qator ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Ular qatoriga shahar maishiy chiqindilarini utilizasiya qilish va ulardan kompost tayyorlash texnologiyalari, tuproq gumus va mikrobiologik holati hamda ularga tabiiy va antropogen omillarning ta’siri, tuproqlarni og’ir metallar bilan ifloslanish muammolari va ularni bartaraf etish yo’llari, tuproqni mulchalash masalalari va uni tuproq agrofizik va agrokimyoviy xossalariga ta’siri, tuproqning suv xossalari va ularni arid sharoitda boshqarish imkoniyatlari, tomchilatib sug’orish va uni tuproq suv rejimiga ta’siri, O’zbekiston tog’ oldi nishabliklari dehqonchiligini mexanizasiyalashtirishda Yuqori ko’ndalang turg’unlikka ega bo’lgan texnikalardan foydalanish, G’o’za qator oralariga bug’doy ekishda resurstejamkor texnologiyalardan foydalanish, O’zbekiston cho’l yaylovlarini yaxshilashda fitomeliorativ o’simliklar urug’larini ekuvchi energiya va resurstejamkor texnologiya va texnik vositalarni ishlab chiqish kabi mavzular kiradi. Bu ilmiy ishlar tuproq unumdorligini oshirishga, meliorativ va ekologik holatini yaxshilashga hamda tuproq xossa va rejimlarini optimallashtirishga zamin bo’ladi.

Kafedrada respublikamiz va chet el universitetlari bilan ilmiy-amaliy hamkorlik yo’lga qo’yilgan bo’lib, ular bilan ilmiy va o’quv ishlari bo’yicha birga ish olib boramiz. Ular qatoriga O’zbekiston milliy universiteti, Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy tadqiqot instituti, Toshkent davlat agrar universiteti, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Moskva davlat universiteti, Moskva qishloq xo’jalik akademiyasi (TSXA), Nijniy Novgorod qishloq xo’jalik akademiyasi, Belgorod davlat universiteti, Italiyaning Bolonya universiteti, AQSh ning Nevada universiteti, Turkiyaning Anqara universiteti kiradi.