Samarqand davlat universitetida “Zamonaviy geografik tadqiqotlar: nazariya, amaliyot, innovatsiya” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiyada AQSH, Rossiya, Italiya, Belorussiya, Yaponiya, Ruminiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Hindiston kabi 20 ga yaqin davlatlardan 200 dan ortiq olimlar ishtirok etdi. 
    Anjuman avvalida Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik so‘zini ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Hakim Xushvaqtov o‘qib eshittirdi. 
    Asrlar davomida insonlar o‘z ehtiyojlarini qondirish maqsadida  tabiat boyliklaridan foydalanishning yangidan-yangi usullarini o’ylab topishgan. Bu jarayon bugungi kunda ham davom etib kelmoqda. Zamonaviy geografiya fani murakkab matematik modellarga asoslanib, global iqlim va atrof-muhit o‘zgarishlari hamda ularga tabiiy va antropogen omillarning ta’sirini o‘rganadigan fandir. So‘nggi yillarda boshqa sohalarga kirib kelgani kabi geografiya fanlariga ham  innovatsiyalar joriy etilmoqda. 
    -Yangidan-yangi nazariyalar innovatsiyalar bilan o‘rtoqlashishi  ilm-fan taraqqiyotiga asos bo‘ladi.  Konferensiyada dunyoning turli davlatlaridan tashrif buyurgan olimlar ishtirok etayotgani kelgusidagi geografik tadqiqotlarni hamkorlikda olib borish uchun muhim qadam bo‘ladi, - deydi geografiya fanlari nomzodi, Moskva davlat universiteti dotsenti Aleksandr Danshin. - Moskva davlat universiteti va Samarqand davlat universiteti azaliy aloqalariga ega. Mazkur konferensiyadan so‘ng geografiya sohasida ham hamkorlikdagi tadqiqotlarda katta yangiliklar bo‘lishiga ishonaman.
    – Bugungi konfenrensiya hozirgi zamon geografik tadqiqotlarida nazariy yondashuvlar, ularni muayyan tizimga solish, tahlil va tadqiqotlar natijalarini amaliyotga samarali tatbiq etish yo‘llarini aniqlash kabi  muammolarga bag‘ishlangan, - deydi O‘zbekiston Geografiya jamiyati raisi o‘rinbosari, O’zMU professori Fazliddin Hikmatov. - Zamonaviy geografiya sohasida bugungi davr talablariga javob beradigan tadqiqotlar va ularni  amaliyotga joriy qilish masalalari dolzarb sanaladi. 
Xalqaro anjumanda  “Tabiiy geografik tadqiqotlarda GIS texnologiyalari va innovatsiyalarni qo‘llash”, “Ijtimoiy-iqtisodiy geografiyada amaliy tadqiqotlar, metodlar va innovasiya”, “Suv resurslaridan foydalanish va baholashda innovatsion texnologiyalar”, “Ekologiya va atrof-muhit monitoringida innovatsion yondashuvlarning ahamiyati” va “Pedagogik kadrlarning malakasini oshirish va ta’lim samaradorligini ta’minlashda innovatsiyaning roli” kabi shoʻbalarga bo‘lingan holda xalqaro anjuman faoliyatini davom ettirdi. 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.