O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasini, O‘zMU rektori, professor Inom Madjidovni universitet tashkil etilganligining 105 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. 
    Mamlakatimizning bosh universiteti bir asrdan ko‘proq vaqt davomida ilm-fanning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘plab mutaxassislar tayyorladi. Bu an’ana hali hamon davom etib kelmoqda.
    Milliy universitet minglab olimlar uchun beshik vazifasini o‘tadi. XX asr o‘zbek ilm-fani rivojini  O‘zbekiston Milliy universitetisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
    O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universiteti o‘rtasida har doim sog‘lom raqobat bo‘lgan. Bu ikki ta’lim dargohini O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarining karvonboshisi deb atasak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazkur ilm-ma’rifat maskanlari bir-biridan o‘rganib, hamkorlikda  ilmiy loyihalarni amalga oshirgani, bu ishlar izchil davom etayotgani barchamizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.
    Universitetlarimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan uch olim haqida alohida aytib o‘tmoqchiman. Akademiklar Yolqin To‘raqulov, Tolib Mo‘minov, Shavkat Alimovlar ham Samarqand davlat universitetida ham O‘zbekiston Milliy universitetida faoliyat ko‘rsatishgan. Ta’lim dargohlarimiz shon-shuhratini butun dunyoga namoyon etishgan. Har uchala olim SamDU rektori lavozimida ishlaganligi bilan haqli ravishda faxrlanamiz. 
    Ushbu tabrikni tayyorlayotganimda, mening do‘stim, hamkasbim Isroilning Xolon texnologiya universiteti prezidenti, professor Eduard Yakubov bilan telefon orqali gaplashdim. U O‘zMU da o‘qiganligini, bundan faxrlanishini alohida ta’kidladi. Bu dengizdan bir tomchi xolos. Milliy universitet bitiruvchilari orasida mashhur insonlar juda ko‘pchilikni tashkil etadi.
    Yubileylar odatda o‘tgan ajdodlarimiz mehnatlarini e’tirof etish, bugungi faoliyatimizni sarhisob qilish, kelajak rejalarini tuzish imkoniyatidir.
O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchi va talabalarini, barcha xodimlarini shodiyona bilan tabriklayman. Yaratgandan umringizga, rizqingizga, ilmingizga baraka tilayman. Hamisha Allohning panohida bo‘linglar...


Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.