Samarqand davlat universitetiga Hindistonning madaniy aloqalar bo‘yicha Hindiston Kengashi bosh direktori Kumar Tuhin boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

    Martabali mehmonlar bilan Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov uchrashuv o‘tkazdi.

    Hindistonning madaniy aloqalar bo‘yicha Hindiston Kengashi bosh direktori Kumar Tuhin va Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat Samarqand davlat universiteti talabalari bilan uchrashdi.

    – Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti jahonning bir qator rivojlangan davlatlari nufuzli oliy ta’lim dargohlari, jumladan, Hindiston Respublikasining o‘ndan ortiq oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari bilan uzoq yillardan buyon hamkorlik aloqalari olib bormoqda, - deydi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov, - Bunday ta’lim va ilm muassasalari sirasiga: Dehli universiteti, Aligarx muslim, Chandigarx unversitetlari, Galgotias universiteti, Allahobod axborot texnologiyalar instituti, Don Basko boshqaruv maktabi va Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda elchixona qoshidagi madaniyat markazlari kiradi. Samarqand davlat universitetining Hindiston Respublikasi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik aloqalari kelgusida yanada keng rivojlanib, har ikkala mamlakatning ilm-fani, xalq xo‘jaligi, sanoat ishlab chiqarishi hamda texnika taraqqiyotiga katta xizmat qiladi.

    – O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ko‘hna do‘stlik rishtalari uzoq yillik tarixga ega, - deydi Hindistonning madaniy aloqalar bo‘yicha Hindiston Kengashi bosh direktori Kumar Tuhin. - Qadimdan Buyuk Ipak yo‘li orqali bog‘langan mazkur do‘stlik bugun ham bardavom va mustahkam.  Mamlakatlarimiz orasidagi Zahiriddin Muhammad Bobur asos solgan ushbu ko‘hna aloqalar bardavom bo‘lishiga ishonaman. O‘ylaymanki, ilm-fan va ta’limdagi hamkorligimiz ulkan muvaffaqiyatlar eshigini ochadi va ikki mamlakat ta’lim tizimining kelgusi taraqqiyoti uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

    Uchrashuv davomida Hindiston oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari  bilan mavjud aloqalarni yanada rivojlantirish, kengaytirish, o‘zbekistonlik talabalarning Hindistonning nufuzli universitetlarida tahsil olishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, grantlar sonini oshirish bo‘yicha bir qator amaliy takliflar ilgari surildi.

    Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov Hindistonning madaniy aloqalar bo‘yicha Hindiston Kengashi bosh direktori Kumar Tuhin va Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxatga esdalik sovg‘alari topshirdi.

Iroda BEKMURODOVA,

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.