Samarqand davlat universiteti oranjereyasi bo‘yicha bbc.com saytida  Diyora Rafiyevaning murojaati eʼlon qilingan edi. Unda 1969-yil va hozirgi holatdagi suratlar taqqoslangan.  Zafarbek Solijonov ham o‘zining telegram kanalida ushbu xabarni chop qilgan.

    Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati quyidagilarni maʼlum qiladi:

    Samarqand davlat universiteti oranjereyasi 1970-1971-yilda akademik Yorqin To‘raqulov tashabbusi bilan  qurilgan. O‘sha vaqtda uzunligi 71.5 metr, eni 14.3 metr va balandligi 3.5 metrni tashkil qilib, 50 ga yaqin o‘simliklar parvarish qilingan.

    Samarqand davlat universiteti oranjereyasi bugungi kunda nafaqat tadqiqot olib boruvchi laboratoriya, balki noyob o‘simliklar mavjud bo‘lgan maskan hisoblanadi. Oranjereyadagi o‘simliklar kolleksiyasining ahamiyatli tomonlaridan biri uzluksiz va qo‘shimcha taʼlim jarayonida, shuningdek olimlar, ilmiy xodimlar, izlanuvchilar, talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishida biologik va ekologik zaxira sifatida ham foydalaniladi.

    Hozirda bu yerda dunyoning turli joylaridan keltirilgan yopiq sharoitda o‘stiriladigan manzarali, tropik va subtropik o‘simliklarning 250 dan ortiq tur va navlari mavjud.

    Oranjereya o‘simliklar kolleksiyasidagi lavr, kofe, qovun daraxti, agava, palmalar, banan, kaktuslar, yapon mushmulasi kabi o‘simliklar ko‘pchilikning eʼtiborini tortib kelmoqda.

    Ushbu oranjereya SamDU biokimyo instituti kampusida joylashgan bo‘lib, uning yonida chet ellik mehmonlarni qabul qiladigan delegatsiya zali qurilmoqda. O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlaridagi orenjereyalari ichida yagona bo‘lganligi uchun ham xorijlik mehmonlarda qiziqish uyg‘otadi…

    2022-yilda baland bo‘yli tropik va subtropik o‘simliklar o‘sishi uchun qulayroq, zamonaviy va yangi tipdagi oranjereya qurilishi boshlandi. 2023-yilning iyun oyi oxiriga qadar tugallanishi kutilayotgan orenjereyaning uzunligi 73 metr, eni 16 metr va balandligi 7.70 metrni tashkil qiladi. Eski va yangi ko‘rinishdagi orenjereyani taqqoslaydigan bo‘lsak, deyarli 3 barobar kengayiganligini ko‘ramiz.

    Eski orenjereyaga kirganingizda maydon torligi va o‘simliklarning zich joylashganligi hisobiga nafas olish qiyinlashardi. Qon bosimi mavjud kishilar uzoq muddat qolib ketolmas edi.  Qayta taʼmirlangan va kengaytirilgan oranjereyada esa bularning barchasi inobatga olinib, zamon talablariga mos ravishda qurildi. Ushbu oranjereyada joriy yil yakuniga qadar 500 dan ziyod manzarali, tropik va subtropik o‘simliklar parvarish qilinishi rejalashtirilgan.

    Shunigdek, oranjereya xodimlari va mutaxassislari Samarqand shahri ko‘kalamzorlashtirish va landshaft dizayni uchun maslahat va takliflarini bildirmoqda.

    bbc.com saytida hamda Zafarbek Solijonov telegram kanalida taqqoslagan suratlar bo‘yicha quyidagilarni maʼlum qilmoqchimiz. Taxminimizcha 1969-yilgi holat deya aks ettirilgan manzara joriy yildagi anomal sovuqdan oldin olingan suratdir.  Hozirgi holati deb eʼlon qilingan  surat esa joriy yilning boshida anomal sovuq vaqtida olingan.

    To‘g‘ri tan olish kerak, sovuqqa qarshi tezkor choralar ko‘rishga qaramay oranjereyadagi 15-20 foiz o‘simliklar nobud bo‘ldi. Ayni vaqtda oranjereyadagi qolgan o‘simliklar talab darajasida parvarish qilinmoqda, xavotirlanishga hech qanday o‘rin yo‘q. Bu universitetdagi botanik olimlarning doimiy nazoratida.

    Shuni alohida taʼkidlashimiz joizki, SamDU biologiya fakulteti Rossiya, Xitoy, Pokiston, Hindiston, AQSH, Italiya, Yaponiya, Turkiya kabi davlatlarning nufuzli biolog olimlari bilan hamkorlik aloqalarini olib bormoqda. Ushbu oranjereya faoliyatini yana-da yaxshilash uchun xorijiy olimlarning maslahat va takliflari ham inobatga olinmoqda.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.