Samarqand davlat universitetida “Bilim va tafakkurimiz – shu el uchun, shu yurt uchun” shiori ostidagi Yoshlar festivali doirasida “Choy festivali” va “Bitiruvchilar oqshomi” tashkil etildi.

    Har yili an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan mazkur festivalda Samarqand davlat universiteti talabalari dunyoning turli xalqlari urf-odatlari, milliy taomlari va choy namunalari aks ettirilgan ko‘rgazmalar bilan qatnashdilar.

    Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov hamda Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ochilov “Choy festivali”da taqdim etilgan turli millatlarning an’analari, milliy raqs va qo‘shiqlari, shu bilan birgalikda choy namunalarini kuzatib chiqib, baho berdi.

    Ta’kidlash joizki, o‘zbek, rus, ukrain, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, turkman, hind va koreys xalqlari choy an’analariga xos o‘zgacha jihatlar aks ettirilgan ko‘rgazmalar, tom ma’noda, muayyan millatning milliy madaniyati, mehmon kutish an’analari, dasturxon bezatish usullarining noyob ko‘zgusi bo‘ldi.

    Tadbir davomida “Yoshlar oyligi” doirasida o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari hamda  universitetda ta’lim olish jarayonida ma’naviy-ma’rifiy, o‘quv va jamoat ishlarida faol bo‘lgan bitiruvchi talabalar taqdirlandi.

 

 

 

    Samarqand davlat universiteti

    Axborot xizmati xodimi.

    Shavkat Akramov olgan suratlar.