Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida fanlardan yakuniy nazoratlar bir necha bor sinovdan o‘tgan adolatli tizim asosida shaffof tarzda o‘tkazib kelinmoqda. Universitetda tashkil etilgan talabalarni bilimini baholash markazi tomonidan yakuniy nazoratlar tashkil etiladi, yakuniy nazorat ishlari shifrlangan holda baholash uchun respublikadagi 30 dan ziyod oliy ta’lim muassasalariga yuboriladi. Yakuniy nazorat natijalari talabalarni bilimini baholash markazi tomonidan HEMIS dasturiga joylashtiriladi. 


    Fandan dars o‘tgan professor-o‘qituvchi yakuniy nazoratda hech qanday rol o‘ynamaydi. Ta’kidlash joiz, fanlarni o‘zlashtirgan ko‘p ming sonli talabalar yakuniy nazoratlarda hech bir qiyinchiliksiz baho olmoqda va mazkur tizimning adolatli hamda shaffof ekanligini e’tirof etmoqda.


    Ammo, yakuniy nazoratdan yetarli baho olmagan talaba hech qachon o‘zini ayblamaganidek, oliy o‘quv yurtiga zo‘rg‘a kirgan ayrim talabalar universitetni yomonotliq qilishga urinayotgani achinarli. Ijtimoiy tarmoqdagi “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash” niyatidagi shaxslar esa, o‘zlashtira olmayotgan talabalarning yonini oladigan chiqishlardan o‘zlarini tiya olmayotganligi shubhali ko‘rinadi. Siz jonajon yurtimizga do‘stmisiz o‘zi? Sizningcha, bilimi yo‘q talabaga baho qo‘yib, qo‘liga diplomini berib yuboraveraylikmi? 


    Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: bizga bilim va salohiyati yuqori mutaxassislar kerakmi yoki fanlarni o‘zlashtira olmasa-da, amal-taqal qilib universitetlarni tugatayotgan bitiruvchilarmi?! Yoshlarni qo‘llab-quvvatlovchilar ularga o‘qimay diplomga ega bo‘lish uchun ayyuhannos solish kerakligidan saboq bergandan ko‘ra, yaxshiroq bilim olishga rag‘batlantirishi, qolgan talabalar fanlarni o‘zlashtirish evaziga kursdan-kursga o‘tayotganligini dona-dona qilib tushuntirishi kerak emasmi?!


    Mazkur holatda vaziyatni bilmasdan turib, konkret oliy ta’lim muassasasini imtihondan o‘ta olmagan talabalarning to‘lovi evaziga boyib ketayotganlikda ayblash nohaqlik hisoblanadi. Bu mablag‘lar o‘sha fanlardan qo‘shimcha darslarni tashkil etishga sarflanayotir.


    Samarqand davlat universitetida talabalar bilimini baholashda korrupsion holatlarga butunlay barham berilgan. Inson omili – o‘qituvchilarning yakuniy nazorat ishlarini baholashiga butunlay chek qo‘yilgan. Yakuniy nazoratdan o‘ta olmagan talabalar va ularning tarafdorlari eskicha qoliplarni tark etgisi kelmaydigan, ijobiy yangilikni xohlamaydigan kimsalardir. 


    Fanlarni o‘zlashtira olmaydigan talabalar bilimsizligini tan olib, o‘z arizasiga ko‘ra o‘qishdan chetlashtirilmoqda. Endilikda o‘qishga kirgan talabalarning oxirgi kursda qanchasi qolsa ham mayli, yetarli bilim va ko‘nikmaga ega, yetuk mutaxassis kadrlar bitirsa bas.


    Maqsad-muddaomiz – shu!


Samarqand davlat universiteti 
Axborot xizmati