Samarqand davlat universiteti dotsenti, falsafa fanlari doktori, “Shuhrat” medali sohibasi Mahbuba Ergasheva bilan suhbat

    – Ilm-fan sohasiga kirib kelishingizga asosiy sabab nima bo‘lgan?
    – Maktab davrlaridan tarix va huquq fanlariga juda qiziqar edim. Mazkur fanlardan fan olimpiadalarida qatnashardim. Universitetda ikkinchi kursda o‘qib yurganimda ham milliy istiqlol g‘oyasi fanidan olimpiadada qatnashib, respublikada ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritganman. Shundan keyin mening nomzodim Navoiy nomidagi davlat stipendiyasiga tavsiya etilib, ushbu stipendiya sohibi bo‘lganman. Shu tariqa bakalavriatni bitirib, magistraturaga imtiyoz asosida grantga qabul qilindim.

    2017-yilda ilmiy rahbarim Baxtiyor To‘rayev rahbarligida “Avesto”dagi zarushtiylik ta’limotining ontologik-gnoseologik tomonlarini tadqiq etib, PhD dissertatsiyasini himoya qildim. 2021-yilda dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘ldim. 2022-yilda “Ta’lim jarayonida sinergentik qonuniyatlar” mavzusida fan doktori darajasini oldim. Xuddi shu yili “Yil ayoli” milliy tanlovining  respublika bosqichida faol ishtirok etib, “Yilning eng jonkuyar ustozi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildim. 2010-yildan bugungi kungacha 6 monografiya, 1 o‘quv va 1 uslubiy qo‘llanma, 80 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifiman. Shuningdek, 1 monografiyamiz Germaniyaning Lambert nashriyotida chop etilgan.

    – Nega aynan falsafa sohasini tanlagansiz?

    – Falsafa – fanlar otasi. Bu fan o‘z ichiga hamma soha va tarmoqlarni qamrab oladi. Umuman bizni o‘rab turgan olam, borliq, undagi qonuniyatlar hamma-hammasi falsafaning obyekti. Meni ko‘proq o‘qituvchi bo‘lish hammasidan ko‘proq qiziqtirgan. Shu kungacha bo‘lgan faoliyatimda ham ilmiy unvon olish, fan doktori bo‘lishdan ham ko‘ra yaxshi o‘qituvchi bo‘lishga ko‘proq harakat qildim. Fan doktorlik mavzuim ta’lim mavzusi bo‘lgani uchun sohaga oid muammolarni kengroq o‘rganish, ta’limga zamonaviy yondashuv kabi masalalarni tadqiq etish, xorijiy o‘qituvchilarning o‘qitish jarayonlari bilan tanishish maqsadida o‘tgan yili Prezident maktabiga hujjat topshirib ko‘rdim. Buni qarangki, suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tibman. Ma’lum muddat u yerda ham ishlab, ham tadqiqot obyekti sifatida dars jarayonlarini sinovdan o‘tkazdim.

    – Ushbu tadqiqotlaringizdan kelib chiqib bugungi davrda ta’lim sifatini yaxshilash uchun qanday tavsiyalar bera olasiz?

    – Ta’lim sifatini oshirishda qilinishi kerak bo‘lgan islohotlar juda ko‘p. Birinchi o‘rinda maktab ta’limini oladigan bo‘lsak, sinflardagi bolalar sonini qisqartirish kerak. Afsuski, bugun davlat maktablariga qarasangiz bir sinfda 40-50 bola o‘qiydi. 45 daqiqa vaqt ularga umuman yetmaydi. To‘g‘ri, ehtiyoj ko‘p, o‘qituvchi kam, sinfxonalar yetmaydi. Lekin bu masalani ham o‘ylab ko‘rish kerak.

    Ikkinchidan, oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning o‘quv yuklamalarini kamaytirish kerak. Universitet o‘qituvchisida ilmiy ish uchun yetarlicha vaqt bo‘lishi kerak.

    Uchinchidan, universitetdagi ta’lim sifatiga professor-o‘qituvchilar qanchalik mas’ul bo‘lsa, talabalar ham shunchalik mas’ul bo‘lishi kerak. Universitet kim o‘qishga kirsa ham uni oliy ma’lumotli qilib beradigan dargoh emas. Haqiqatdan loyiq talabalargina bahosini olishi kerak. O‘qishga kirdi degani diplom oldi degani ham emas. Afsuski, hozirgi talabalarda o‘qishga kirdim, bo‘ldi endi qanday bo‘lsa ham diplom olaman, degan fikr shakllanib qolgan. Xorijiy davlatlar OTM lariga qarang: o‘qishga kirgan talabalarning hammasi ham bitira olmaydi. Faqat loyiqlargina oliy ma’lumot egasi bo‘ladilar.

    Yana bir taklifim bitiruvchi kurs talabalaridan bitiruv imtihonlarini ta’lim sohasi vakili emas, balki o‘sha sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassis olishi kerak.

     Ayol hayotida oila va kasbning o‘rni... Ko‘pchilik ayollar uchun bu borada hamisha bittasini tanlash sharti qo‘yiladi. Bu bo‘yicha fikrlaringiz qanday?

    – Juda ko‘p talabalar menga shu murojaat bilan keladi. Bu jarayonda ko‘p jihatlar ayolning o‘ziga bog‘liq. O‘zim misolimda aytadigan bo‘lsam, yoshligimda birov kelib sen hali fan doktori bo‘lasan desa, umuman ishonmagan bo‘lardim. Maktabni bitirib pedagogika kollejida o‘qidim. Kollejdan keyin onam yolg‘iz o‘zi meni o‘qitishga qurbi yetmasligini aytib, “Endi tinchgina biror yerdan ish top, seni turmushga beramiz” dedilar. Ammo universitetda o‘qish orzuim edi. Bir marta bo‘lsa ham orzuim uchun harakat qilib ko‘rmoqchi bo‘lib, uydagilarga aytmasdan o‘qishga hujjat topshirganman. Hech kimga bildirmay tayyorlanib,  imtihonga ham hech kimga aytmasdan borganman. Vaqt o‘tib natijalar e’lon qilinganda, qarasam, to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinibman. Shundan keyin qo‘rqa-pisa onamga bo‘lib o‘tganlarni aytib berdim. O‘sha payti katta akam ham talaba edi. Onam ikki kishini o‘qita olmasligini, shartnoma puli tugul yo‘lkira xarajatlarini to‘lashga sharoit yo‘qligini aytgan. Keyin akam o‘rtaga tushib, singlimning o‘qishiga o‘zim yordam beraman dedi. Shu tariqa o‘qiydigan bo‘ldim. O‘qishga kirganimdan keyin qanday qilib bo‘lsa ham, kontraktimga yordam bo‘ladigan yo‘llarni axtara boshladim. Yaxshi o‘qib, “5” lik stipendiya olishga harakat qildim. Yaxshi o‘qiganim uchun keyinchalik nomzodim Navoiy stipendiyasiga tavsiya etildi. Shu tariqa qiyinchiliklarni yengib o‘ta oldim.

    Men bakalavriatda ikkinchi kursda o‘qib yurganimda turmushga chiqqanman. Uchinchi kursligimda farzandim tug‘ilgan. Holbuki, mening vaziyatimda universitetni bitirgan talaba qiz magistraturani xayoliga ham keltirmagan bo‘lardi. Lekin turmush o‘rtog‘im va qaynonam sabab tahsilni davom ettirdim. Magistraturada ikkinchi farzandim tug‘ildi. Qiyinchilik yana ortdi, lekin qaynonam yonimda turib, menga uy ishlari va farzand tarbiyasida yelkama-yelka  yordam berdi. Turli tanlovlar, respublika olimpiadalariga ham qaynonam olib borardi. Himoyalarimda ham hamisha men bilan bo‘lgan. Meni fan doktori qilgan shu qaynonam bo‘ladi...

    Ba’zida talabalarim oilasidan nolib, o‘qish uchun vaqt ajratolmayotganini aytsa, ularga har ikkalasini baravar olib borishga harakat qilish kerakligini aytaman.

    Oilaga to‘siq deb qaramaslik kerak. Aksincha, unga kuch-quvvat va energiya manbai, orzu-maqsadlar ro‘yobiga eltuvchi vosita deb qarasangiz shundagina haqiqiy kuch-quvvat manbaiga aylanadi. Unga to‘siq, chegara deb qarasak, rostan shunday to‘siq bo‘lishni boshlaydi. Hamma gap qarashda. Inson qarashlarini o‘zgartirishi kerak.

    Oila – inson hayotidagi eng shirin tashvish. Ayol uchun hamisha birinchi o‘rinda oilasi turadi. Lekin, u to‘la-to‘kis baxtni his qila olishi uchun o‘zi sevgan ishi ham bo‘lishi kerak. Shundagina u bu ikkisidan kuch olib, yashashni boshlaydi. Erishilgan har bir muvaffaqiyat oilangiz bilan boshqacha tatiydi. Aksincha, ishdagi qiyinchiliklarni oila sabab oson yengib o‘tish mumkin. Bu ikkisi qushning ikki qanotiday gap.

    – Inson uchun hayotda o‘z o‘rnini topa olishi uchun kerak bo‘lgan uchta asosiy omil?

    1. Sabr

    2. Shukr

    3. Hech qanday javob yoki manfaat kutmasdan qilingan yaxshilik.

    – Bugungi darajangizga erishish uchun nimalardan voz kechgansiz?

    – Har doim hammasiga hech narsadan voz kechmay erishishga harakat qildim. O‘ylaymanki, buni uddalay oldim...

    – O‘tgan umringizni suratda tasvirlash kerak bo‘lsa unda qanday ranglar bo‘ladi?

    – Barcha yorqin ranglar.

-Ham ilmga, ham hayotdagi ayollik vazifalari: uy, oila, farzand tarbiyasiga birday ulgurishga kuchni qayerdan olish mumkin, bu borada yosh tadqiqotchilarga qanday tavsiyalar bera olasiz?

    – Yuqorida aytganimday, bu borada asosiy kuch-quvvat manbai, eng avvalo, oila bo‘ladi. Balki men erishgan natijalar u darajada katta emasdir, lekin men erishganlarimning hammasini oilamning qo‘llab-quvvatlashi, duolar va albatta shunga yarasha qilingan harakatlar mahsuli deb bilaman. Ayol o‘zi dangasalik qilmay, kezi kelganda uyqudan kechib bo‘lsa ham, harakat qilib hammasiga ulgurishi mumkin. To‘g‘ri, hayotda har xil vaziyat bo‘ladi. PhD himoyam arafasida farzandim kasal bo‘lib qolib, hammasini to‘xtatmoqchi bo‘lgan edim. Ammo qaynonam o‘rtaga tushib, shunchasi ortda qolgani, qirqiga chidab, ozgina qolganda tashlab ketishim mumkin emasligini tushuntirgan. Qiyinchiliklarimni yengib o‘tishimga yordam bergan. Mana, hozir o‘sha paytda tortgan mashaqqatlarimning mukofotini olyapman...

    – “Shuhrat” medali sohibasi bo‘ldingiz. Bu boradagi taassurotlaringizni bo‘lishsangiz...

    – Medal bilan taqdirlanishimdan qo‘limizga beradigan daqiqalargacha xabarim yo‘q edi. Bizni shunchaki, “Do‘stlik” festivalida ishtirok etasiz deb chaqirishdi. Yetib borganimizdan keyin hozir davlat mukofoti bilan taqdirlanasizlar deyishganda avvaliga o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Bu vaziyatdagi hayajonni, bu quvonchni so‘z bilan ifodalash qiyin...

    Ushbu yutuqni ilm-fan va ta’lim yo‘lidagi kichik xizmatlarimga katta mukofot deb bilaman. Meni shu e’tirofga loyiq ko‘rgan Prezidentimiz va jonajon xalqimga, Samarqand davlat universitetiga minnatdorlik bildiraman.

    Samarqand davlat universiteti
    Axborot xizmati xodimi
    Iroda BEKMURODOVA suhbatlashdi.