Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi institutida “Kvant nanostrukturali materiallar va kvant texnologiyalar” mavzusida xalqaro seminar o’z ishini boshladi.  O’zbek, rus, ingliz tillarida olib borilgan ilmiy anjumanda AQSH, Rossiya, Qozog’iston kabi davlatlarning 20 dan ortiq olimlari ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.

    Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov tadbirni kirish so’zi bilan ochib, seminar ishtirokchilarning ishiga muvaffaqiyat tiladi.

    Xalqaro seminarga AQSH ning Dallasdagi Texas universiteti  Nanotexnologiya instituti direktori oʻrinbosari, ITMO universiteti gibrid nano fotonika hamda optoelektronika laboratoriyasi mudiri, professor Anvar Zohidov raislik qilmoqda.

- Seminarning asosiy maqsadi kvant texnologiyalar va ularning qo’llanilishiga bag’ishlangan bo’lib, Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi institutida ochilgan “Kvant” markazi faoliyatini ommalashtirish va chet ellik olimlarni jalb qilishdan iborat. Bugungi seminarda “Kvant” markazida qilinayotgan ilmiy tadqiqotlarga o’xshash izlanishlar olib borayotgan xalqaro markazlardan kelgan olimlar mahorat darslarini o’tmoqda, - deydi SamDU Muhandislik fizikasi qattiq jismlar kafedrasi professori Eshquvvat Arziqulov. - “Kvant” markazining asosiy vazifalaridan biri quyosh energiyasini elektr energiyaga aylantirish hamda peroksidlar asosidagi kvant kubitlar uchun materiallar sintez qilishdan iborat. Mazkur materiallar hozirgi kunda jahonning ko’plab laboratoriyalarida tadqiq qilinmoqda. Agar ushbu markaz faoliyati yaxshilansa, yurtimiz ilm-fanida sezilarli darajada o’zgarish kuzatiladi. Shuningdek, mazkur markaz fan va texnologiyaga integratsiyalashgan bo’lib, talaba va tadqiqoqtchilar o’zlarining ilmiy ishlarini olib boradilar. Shuni alohida ta’kidlash joizki, SamDUdagi “Kvant” markazi Markaziy Osiyoda yagona bo’lib, bir qator nufuzli olimlar Samarqandga kelib, markazdagi ilmiy laboratoriyalardan foydalangan holda tadqiqot ishlari olib borishlari va o’zlarining kashfiyotlarini amalga oshirishlari mumkin…

- Bugungi seminarda “Detektorlar va sensorlar uchun yakka turdagi perovskite monostrukturalarning sintezi” nomli ma’ruzam bilan ishtirok etmoqdaman, - deydi Moskvadagi MISIS fan va texnologiya universiteti tadqiqotchisi Kamilla Konstantinova. – “Kvant” markazini tashkil etish bugungi kunda juda muhim. Samarqand davlat universiteti faoliyati bilan tanishar ekanman, ushbu markaz aynan SamDU da to’g’ri tashkil etilganligiga amin bo’ldim. Sababi universitetingizda ajoyib muhit shakllangan. Ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish uchun barcha imkoniyatlar yetarli, boy moddiy texnik bazaga ega. Ayniqsa, aniq va tabiiy fanlarga ko’proq e’tibor berilgan. Professor-o’qituvchilarning ilmiy salohiyati juda yuqori va dunyoning nufuzli olimlari bilan hamkorlik aloqalarini olib borishi bu sohani tezroq rivojlantirishga turtki bo’ladi…

    Xalqaro seminar o’z ishini davom ettirmoqda…

    Samarqand davlat universiteti

    Axborot xizmati.

    Shavkat Akramov olgan suratlar.