Nufuzli anjuman Samarqand davlat universiteti Biokimyo instituti yangi kampusi bilan  tanishishdan boshlandi. Tadbirda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlardan 20 dan ortiq universitet rektorlari va prorektorlari ishtirok etdi. Tadbirni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi, Osiyo universitetlari assotsiatsiyasi prezidenti Rustam Xolmurodov kirish so‘zi bilan ochdi:

    - Jahonda taraqqiyot va rivojlanish bilan birga global muammolar ham ko‘paymoqda. Ularning yechimi faqatgina ilm-fandir. Har bir universitetda o‘zining yetakchi sohalari, lider olimlari mavjud. Masalan, Qozog‘iston Yevroosiyo Milliy universiteti - muhandislik va axborot texnologiyalari; Tomsk davlat universiteti - tabiatshunoslik; Qozon federal universiteti - ekologiya; Samarqand davlat universiteti - muhandislik fizikasi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi; Oltoy davlat universiteti - biologik tibbiyot; Tojikiston davlat universiteti - gumanitar fanlar, Oltoy davlat pedagogika universiteti - pedagogika va psixologiya, Qozon innovatsion rivojlanish instituti - iqtisod sohalari bo‘yicha yetakchi universitetlar hisoblanadi. Har bir universitet ekspert guruhini tayyorlab yuqoridagi oliy taʼlim muassasalariga stajirovka va tajriba almashishga yuborishi hamda ilmiy tadqiqot guruhlarining tuzilishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, Osiyo universitetlari assotsiatsiyasi tarkibini va geografiyasini kengaytirish juda muhim…

    Shundan so‘ng Oltoy davlat tibbiyot universiteti rektori Irina Sheremeteva, Ufa fan va texnologiyalar universiteti rektori Vadim Zaxarov, Qozon innovatsion rivojlanish instituti direktori Nelya Muxametxanova, Checheniston davlat universiteti prorektori Nasrudi Yarichev, Irkutsk davlat agrar universiteti prorektori Oleg Repetskiy, Qozon Federal universiteti prorektori Yekaterina Turilova, Oltoy davlat universiteti prorektori Roman Raykinlar maʼruza qildi.

    Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov Ufa fan va texnologiyalar universiteti rektori Vadim Zaxarov va Oltoy davlat universiteti prorektori Roman Raykin bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.