Kongress ota-onalarning SamDU Biokimyo instituti yangi kampusi bilan tanishishidan boshlandi.

    Kimyo va biologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning ota-onalari zoologiya muzeyi, yangidan barpo etilgan maʼruzalar binosi, oranjeriya, vivariy, molekulyar biotexnologiya va zamonaviy botanik tadqiqotlar hamda Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar nomidagi zamonaviy tadqiqot usullari analizi, gazlar analizi, biofaol birikmalar sintezi kabi ilmiy laboratoriyalar faoliyatini ko‘zdan kechirdi.

    Yig‘ilishda Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov, o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor Ahmadjon Soliyev, yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Rustam Yo‘ldoshev, rektor maslahatchisi Islom Rustamovlar ishtirok etdi.

    Rustam Xolmurodov, Samarqand davlat universiteti rektori:

    - O‘qish bu mehnatlarning ichida eng mashaqqatlisi, shu bilan birga sharaflisidir. Farzandingizni jamiyatga tegadigan eng katta foydasi  yaxshi mutaxassis bo‘lishidir. Butun dunyoda bo‘lgani kabi bizda ham bundan keyin kadrlar bilimiga qarab baholanadi. Bu ilmni bolalaringiz universitetda shakllantirishi, mustahkamlashi, boyitishi zarur.   Bilimli inson   baxtli inson. Bolalarimizni mana shunday baxtli bo‘lishi uchun faqat domlalar emas, ota-onalar ham birdek masʼuldir…

    Rustam Xolmurodov joriy o‘quv yilida eng yuqori ball bilan o‘qishga qabul qilingan talabalarning ota-onalariga alohida minnatdorlik bildirdi.

    - Qizim SamDU biologiya yo‘nalishida  2-kursda o‘qiydi. 2022-yilda bu yerga kelgan edim, - deydi Zokir Abdazov. - Qurilish avjida, eski binolar buzilayotgan edi. - Bugun ushbu kampusni ko‘rib, farzandimni mana shunday joyda o‘qiyotganligi bilan faxrlandim. Umuman o‘zgacha qiyofa kasb etgan. Institutga kirgandan odamning kayfiyati ko‘tariladi. Yaxshi  muhit shakllangan. Hozir maʼruzalar va o‘quv xonalarini ko‘rib farzandlarimizga havas qildim. Bizning davrda bunaqa sharoitlar yo‘q edi.  Ushbu imkoniyatlarni yaratib bergani uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdan minnatdorman…

    - Shu yil nabiram Ahmedjon Musayev SamDU ning  biologiya yo‘nalishiga eng yuqori ball bilan o‘qishga qabul qilindi, - deydi Gulchehra Sobirova. – Bugungi tadbirda farzandim 1-o‘rinda o‘qishga kirgani uchun Rustam Xolmurodov tomonidan taqdirlandim. Men bundan xursand bo‘ldim. Samarqand davlat universiteti men uchun qadrli, 1974-yilda SamDU geografiya fakultetini tamomlaganman. O‘sha davrni juda yaxshi eslayman. Bugun universitetdagi o‘zgarishlarni ko‘rib, hozirgi talabalarimiz eng baxtli yoshlar ekanligini his qildim. Bolalarimiz bu yerda faqat aʼlo o‘qishi kerak...

    - Men Navoiy viloyatidan keldim. Qizim kimyo yo‘nalishiga o‘qishga kirdi, - deydi Abutolib Maqsudov. – Bugun SamDU Biokimyo instituti faoliyati bilan tanishdim, sharoitlari juda yaxshi. Zamonaviy laboratoriyalarni ko‘rib ko‘zlarimga ishonmadim. O‘zim o‘qimaganman, niyat qilib bolalarimni o‘qityapman. Farzandlarimning taʼlim-tarbiya olishi bu men uchun baxt. Qizim yurtimizdagi eng ilg‘or universitetda tahsil olayotganiga ishonchim komil. Yotoqxona sharoitlarini ham ko‘zdan kechirdim, shinam xonalarda yashayapti, ko‘nglim to‘ldi…

    - Jizzax viloyatidanman. O‘g‘lim kimyo yo‘nalishida 2-kursda tahsil oladi. Farzandimni o‘qishidan mamnunman, - deydi Shamsiddin Boboyev. – Universitetdagi yangiliklarni kuzatib boraman. Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar kelganidan ham xabarim bor. Uning nomida laboratoriya, stipendiya tashkil etilgani  tahsinga sazavor. O‘tgan yili Aziz Sanjar stipendiyasini olgan talabalarga havas qilgan edim. Umid qilamanki, bunday baxt meni bolamga ham nasib etadi. O‘g‘limni Samarqand davlat universitetida o‘qishidan faxrlanaman.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.